Jamiyat | 18:22 / 23.12.2023
55175
17 daqiqa o‘qiladi

Ketma-ket 11 qurbon: umrbod qamalgan “kirakash” sinfdoshlarning seriyali qotilliklari

2011 yilning 12 noyabridan 2012 yilning 9 apreligacha O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara hududlari, xususan Yuqori Chirchiq va Chimkentda ketma-ket 11 nafar ayolning murdasi qotillik alomatlari bilan topiladi. O‘ldirilganlarning 6 nafari O‘zbekiston, 4 nafari Qozog‘iston va 1 nafari Ukraina fuqarosi edi. Mazkur jinoyat o‘sha paytda ikki davlatning chegara hududlarida yashovchi aholi orasida “odamxo‘r” paydo bo‘lgani haqida shunchalik shov-shuv keltirib chiqaradiki, ayollar uyidan chiqishga, yolg‘iz yurishga qo‘rqib qoladi.

Chaqilmagan yong‘oq” va sirli dalil

2011 yilning oxiri va 2012 yilning boshida Qozog‘istonning Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi ovloq joylardan ketma-ket to‘rt ayolning murdasi qotillik alomatlari bilan topiladi. Bu paytda O‘zbekistonda ham shu kabi holat kuzatilgan, 7 nafar ayol navbati bilan o‘ldirib ketilgandi. O‘ldirib ketilgan ayollarning eng kichigi 21, eng katta esa 53 yosh bo‘lgan.

Mazkur jinoyat o‘sha paytda ikki davlatning chegara hududlarida yashovchi aholini qo‘rquvga sola boshlaydi. Sababi, hali u yerdan, hali bu yerdan o‘ldirilib ketilgan ayolning murdasi topilar, ammo qotillarni izlashdagi harakatlar natija bermayotgan edi. Sirli jinoyatchilar haqidagi gap-so‘zlar tildan tilga ko‘chib, “odamxo‘r paydo bo‘libdi, ayollarni o‘ldirib, qonini so‘rib ketarkan” degan vahimaga aylanadi. Xotin-qizlar ko‘chaga chiqishga, yolg‘iz yurishga qo‘rqib qolishadi.

Kalavaning uchini topish tobora chigallashib borar, qotillarning iziga tushish qiyin kechayotgan bir paytda yangi qurbonlar topilgani haqidagi xabarlar tarqalardi. Ikki davlatdagi qotilliklar bir-biriga o‘xshash, ya’ni qotillik uslubi bir xil edi: ayollar avvaliga zo‘rlangan va keyin bo‘g‘ib o‘ldirilib, yonidagi pul hamda boshqa buyumlar olib ketilgan. Bu mazkur qotilliklar bitta jinoiy to‘da tomonidan amalga oshirilgan, degan taxminni yuzaga chiqaradi.

Ikki qo‘shni davlatning tezkor xodimlari oldida “chaqilmagan yong‘oq” turardi: jinoyatlar bir-biriga bog‘liqmi, qotillar kim va nega faqat ayollarni o‘ldirishgan? “Pichoqqa ilingulik” yagona dalil ayollardan biri o‘ldirilishidan oldin Chimkentdagi temiryo‘l vokzalidan chiqib, qora rangli “Mercedes-Benz” mashinasiga minib ketgani edi.

Manziliga yetmagan yo‘lovchi

29 yoshli Yekaterina Tishkunova 2011 yilning 19 dekabr kuni Chimkentdagi temiryo‘l vokzalidan chiqib, izsiz g‘oyib bo‘ladi. U ikki kun oldin Qarag‘anda shahriga singlisini ko‘rgani ketgan va o‘sha yerdan mehmondorchilikdan qaytayotgandi.

Yaqin qarindoshlari uyali telefoni o‘chirilgan va safardan qaytgach ham ikki kun ishga bormagan Yekaterinani izlashga tushishadi. Chimkent shahridagi barcha shifoxona va morglarni qarab chiqish natija bermaydi, u hech qayerda yo‘q edi. Bu haqda IIBga ariza beriladi. Nihoyat Yekaterina topiladi, ammo tirigi emas: uning murdasida qotillik alomatlari bor edi.

Huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar xodimlari ishga kirishadi, qator ekspertizalar tayinlanadi. Lekin tergov harakatlari dalillar kamligi tufayli hadeganda natija beravermaydi. Surishtiruv ishlari davomida Yekaterina Tishkunova temiryo‘l vokzalidan chiqib, qora rangli “Mercedes-Benz” mashinasiga minib ketgani ma’lum bo‘ladi. Bu jinoyatni ochish mumkin bo‘lgan dalillardan biri edi.

Jinoyat ishi doirasida 2 mingdan ortiq shaxs guvoh sifatida so‘roqqa jalb etiladi, 500 dan ortiq “Mersedes-Benz” avtomashinasining egalari jinoyatga aloqadorligi tekshiriladi, 50 mingdan ortiq mobil aloqa abonent raqamlari tahlil qilinadi.

Kirakash” qotillar

Qora rangdagi “Mersedes-Benz” mashinasi Qozog‘istondan izlanayotgan bir paytda u O‘zbekistonda yurgandi va uning davlat raqami 10 U 808 DA bo‘lgan. Mashinaning egasi Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani Jambul qishlog‘ida yashovchi Qozog‘iston fuqarosi Polatbay Berdaliyev edi. 25 yoshli Polatbayga mashinani onasi 2010 yilning kuz oylarida Sergeli mashina bozoridan 11 ming dollarga sotib olib bergandi. Navqiron yigit qop-qora “Mersedes-Benz” mashinasida kirakashlik qilib turar, gohida sinfdosh o‘rtog‘i Abduseit Ormanovni (O‘zbekiston fuqarosi) o‘zi bilan birga olib yurardi.

Surishtiruv va tergov harakatlari davomida 5 oyda 11 nafar ayolni mana shu ikki sinfdosh yigit o‘ldirgani ma’lum bo‘ladi. Ular qotillikni qachon, qanday amalga oshirgan va qurbonlar kim edi?

2011 yil 12 noyabr – Tamara Ashirova

Abduseit va Polatbay shu kuni soat 21:30 lar atrofida Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara maskaniga borishadi. Ularning maqsadi bojxona-chegara maskani orqali O‘zbekiston hududiga o‘tgan yolg‘iz ayollarni taksi xizmati ko‘rsatish bahonasida kimsasiz joyga olib borib, talon-toroj qilish edi.

Oson boyishni kasb qilib olgan yigitlarning to‘riga eng birinchi 31 yoshli Tamara Ashirova ilinadi. U o‘sha soatlarda bojxona-chegara maskani orqali O‘zbekistonga o‘tgan va yo‘lda mashina kutayotgandi.

“Kirakashlar” aldov yo‘li bilan Tamarani o‘zlarining boshqaruvida bo‘lgan “Mersedes-Benz 180-S” mashinasiga o‘tqazishadi. Keyin uni aylanma yo‘llar orqali Ohangaron tumani, Do‘stlik qishlog‘i hududidan o‘tgan Toshkent-Olmaliq yo‘lining 42-kilometriga olib borishadi. Mashinani avtomagistraldan 60-70 metr pastlikdagi dala maydonga olib tushishadi. Yigitlar bu yerda Tamara Ashirovaga zo‘rlik ishlatib, uning nomusiga tegishadi. So‘ngra uni sumka bog‘ichi yordamida bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirishadi.

Yonidagi pul va buyumlari talon-toroj qilingach, Tamara Ashirovaning murdasi va fuqarolik pasporti yoqib yuborilgan.

2011 yil 29 noyabr – Muhabbat Razzoqova

Ikki sinfdosh navbatdagi qotillikni oradan 17 kun o‘tib sodir qilgan. Ular 29 noyabr kuni kechki payt yana “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara maskaniga borishadi. Bu safar qora “Mersedes-Benz” mashinasiga yo‘lovchi sifatida Toshkent shahrining Sergeli tumanida yashovchi 44 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Muhabbat Razzoqova minadi.

Abduseit va Polatbay yo‘lovchini chalg‘itib, uni aylanma yo‘llar orqali Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Tinchlik qishlog‘i hududiga fermer xo‘jalikning dalasiga olib borishadi. Shu yerda ayolga hujum qilib, zo‘rlashgan hamda arqon yordamida bo‘g‘ib o‘ldirishgan. So‘ngra pulini o‘marishib, ayolning murdasi va fuqarolik pasportini yoqib yuborishadi.

2011 yil 3 dekabr – Nagima Bekbauva

Qotil sinfdoshlarning “ishtahasi ochilib” ketgandi. Ular 2011 yil 3 dekabr kuni soat 18:45 larda “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara maskaniga borib, taksist sifatida Qozog‘istondan O‘zbekistonga yolg‘iz o‘tib kelayotgan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nagima Bekbauvani mashinaga mindirib olishadi.

Yo‘lovchining borar manzili Yuqori Chirchiq tumani Saksonota qishlog‘i edi. Ammo “kirikashlar” uni aylanma yo‘llar orqali Yuqori Chirchiq tumani, Istiqlol qishlog‘i hududidan o‘tgan “Bektemir-G‘azalkent” avtomobil yo‘lining 23-kilometriga olib borishadi. Shu yerda ovloq joyga olib tushib, uning nomusiga tegishadi hamda ayollar ro‘moli yordamida bo‘g‘ib o‘ldirishadi.

Nagimaning yonidagi pul va buyumlarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan yigitlar uning fuqarolik pasportini yo‘q qilib, voqea joyidan yashirinishgan.

2011 yil 7 dekabr – Nuripa Mizanova

Ikki sinfdoshning navbatdagi “ovi” ham “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara maskanida bo‘lgan. Qotillarning qora mashinasiga bu safar 1972 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston Respublikasi Janubiy Qozog‘iston viloyati Chimkent shahri Muldog‘ulova ko‘chasida yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi Nuripa Mizanova minadi. U Qozog‘istondan O‘zbekistonga kelayotgandi.

Yigitlar “navbatdagi o‘lja”ni aylanma yo‘llar orqali Yuqori Chirchiq tumani Surankent qishlog‘i hududidagi ovloq joyga olib kelishadi.

Kutilmagan hujumdan Nuripaning esi og‘ib qoladi. Ammo qancha qarshilik qilmasin, ikki yigitga kuchi yetmasdi: qotillar uni avvaliga zo‘rlab, keyin o‘zining sharfi bilan bo‘g‘ib o‘ldirishadi. So‘ngra ayolning yonidagi pul, tilla taqinchoqlar va boshqa buyumlarni olib, voqea joyidan ketishadi.

2011 yil 19 dekabr – Yekaterina Tishkunova

Ketma-ket qotilliklarning “izi” biroz sovishi kerak edi. Shu sababli, yigitlar bu safargi rejani Qozog‘iston hududida “ko‘chirishadi”.

“Kirakashlar” 2011 yil 19 dekabr kuni soat taxminan 6:20 larda Chimkentdagi temiryo‘l vokzali yonida poyezddan tushgan 29 yoshli Yekaterinani manziliga olib borib qo‘yish uchun mashinaga mindirishadi. O‘sha lahzalarda ayol sanoqli soatlardan so‘ng uni nima kutayotganini, o‘zini vahshiy qotillar qo‘liga topshirayotganini bilmasdi.

Abduseit va Polatbay mashinani Olmota-Termiz yo‘nalishining 710-kilometrida to‘xtatib, hujumga o‘tishadi. Bu safargi qotillik ham eski uslubda amalga oshirilgan: Yekaterina avvaliga zo‘rlangan, so‘ngra o‘ziga tegishli ayollar sumkasining ushlagichi bilan bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Yonidagi pul va buyumlari esa olib ketilgan.

2011 yil 28 dekabr – Ra’no Rasaxo‘jayeva

Asli farg‘onalik bo‘lgan va tibbiyot sohasida ishlagan Ra’no Rasaxo‘jayeva 2010 yil dekabr oyi oxirida Toshkent shahriga keladi hamda “Perfectum Mobile” kompaniyasiga operator vazifasiga ishga joylashadi. 2011 yilning 29 dekabr kuni uning murdasi qotillik alomatlari bilan Toshkent shahri Mirobod tumani Qo‘yliq 1-dahasidagi avtogarajlar yonidan topiladi.

O‘z jinoiy harakatlarini asosan ovloq joylarda amalga oshirib yurgan Abduseit va Polatbay bu safargi qotillikni Toshkent shahrining o‘zida amalga oshirib qo‘ya qolishgandi.

2011 yilning 28 dekabr kuni sinfdoshlar o‘sha “qonli Mersedes”ni Toshkent shahri Mirobod tumani T.Shevchenko ko‘chasida boshqarib ketayotib, 25 yoshli Ra’no Rasaxo‘jayevani yo‘lovchi sifatida mindirishadi. Avvaliga mashinani Ra’noning ko‘rsatmasi bilan Mirobod tumani, D.Kunayeva ko‘chasi tomon boshqarib borishadi. Ko‘p qavatli uylarning hovlisiga yetib kelganlarida mashinani qorong‘i joyda to‘xtatib, Ra’noga hujum qilishadi.

Ayolning qarshilik ko‘rsatishiga qaramasdan uni zo‘rlashadi hamda o‘z sumkasining tutqichi bilan bo‘g‘ib o‘ldirishadi. So‘ngra yonidagi pul va tilla buyumlarini olib, murdani Qo‘yliq 1-dahasidagi avtogarajlar oldiga tashlab ketashadi.

2012 yil 9 yanvar – Mahbuba Mirzahmedova

Qotillar 2012 yil yanvar kuni soat 18:30 larda yolg‘iz ayollarni qidirib, Toshkent shahri Bektemir tumanidagi “Suvsoz” dahasining X.Boyqaro ko‘chasidan o‘tib ketishayotgan vaqtda Chilonzor tumani, Astrobod ko‘chasida yashovchi qiz yo‘lovchi sifatida mashinaga o‘tiradi. Bu 21 yoshli Mahbuba Mirzahmedova edi.

Afsuski, u ham manziliga yetib bormagan. “Kirakashlar” Mahbubani aylanma yo‘llar orqali Bektemir tumani hududidan o‘tgan Toshkent avtomobil halqa yo‘lida joylashgan 2-sonli temir beton mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi yoniga olib borishgan. O‘sha yerda qizni avvaliga zo‘rlab, keyin o‘zining oyoq kiyimi bog‘ichi bilan bo‘g‘ib o‘ldirishgan. So‘ngra yonidagi pul va buyumlarini olib, murdani beton ariq ichiga tashlab, voqea joyidan yashirinishgan.

2012 yil 10-11 fevral – Aliya Dauletbayeva va Saylaugul Serikbayeva

Jinoiy guruhning navbatdagi ikki qotilligi bir kun farqi bilan Qozog‘iston hududida sodir etilgan.

Sinfdosh yigitlar 2012 yilning 10 fevral kuni “Mersedes-Benz” mashinasida Toshkent viloyatida joylashgan “Qoplonbek” bojxona-chegara maskani orqali Janubiy Qozog‘iston viloyati, Sariog‘och tumaniga o‘tishgan. Tuman hududida mashinaga 1987 yilda tug‘ilgan Aliya Dauletbayevani mindirishgan hamda uni manziliga eltib qo‘ymasdan aylanma yo‘llar orqali Chimkent shahridan 30 km olisga olib borishgan.

Ovloq joyda Aliyani urib, yonidagi pul va buyumlarini tortib olishgan. So‘ngra o‘zining oyoq kiyimi bog‘ichi bilan ayolni bo‘g‘ib o‘ldirib, tashlab ketishgan.

Oradan bir kun o‘tib, 11 fevral kuni qotillar Chimkent shahridagi temiryo‘l vokzali yoniga kelib, shu yerda mashinaga poyezddan tushgan, 1958 yilda tug‘ilgan Saylaugul Serikbayevani mindirishgan. Keyin Olmota-Termiz yo‘nalishining 712-kilometriga olib borib, uning yonidagi pul va uyali telefonini tortib olishgan. O‘zini esa boshidagi ro‘moli bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirishgan.

2012 yil 8 mart – Sulushash Akimbayeva

“Kirakashlar”ning navbatdagi qotilligi ham Qozog‘iston hududida amalga oshirilgan. 2012 yilning 7 mart kuni mashinasi bilan “Qoplonbek” bojxona-chegara maskani orqali Sariog‘ochga o‘tgan Abduseit va Polatbay 8 mart kuni soat taxminan 10:30 larda Qoplonbek-Jibek ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab taksi to‘xtatib turgan ayolni ko‘rib qolishadi. Bu ayol 1972 yilda tug‘ilgan Sulushash Akimbayeva edi.

Qotillar uning yonida to‘xtab, manzilga yetkazib qo‘yishlarini aytishadi. Yigitlarga ishongan ayol mashinaga o‘tiradi. Qora “Mersedes-Benz” bu safar Olmota-Termiz yo‘nalishi bo‘ylab Chimkent shahri tarafga harakatlanib borardi. Mashina kimsasiz manzilga borib to‘xtaganida Sulushash Akimbayeva qarshisida kimlar turganini biladi. Ammo kech edi: ayol o‘z sumkasining ushlagichi bilan bo‘g‘ib o‘ldiriladi hamda yonidagi pul va buyumlari olinib, murdasi yo‘l chetiga tashlab ketiladi.

2012 yil 9 aprel – Marina Fok

“Kirakash” qotillarning so‘nggi qurboni 22 yoshli Ukraina fuqarosi Marina Fok bo‘ladi. 2012 yilning 9 aprel kuni Abduseit va Polatbay eski manzil – Zangiota tumanidagi “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara maskaniga borishadi. Ular bojxona maskani orqali Qozog‘istondan O‘zbekiston hududiga yolg‘iz o‘tib kelayotgan Marina Fokni ko‘rishadi.

Ayol Toshkent shahri Olmazor tumani Qora-qamish 2/4-dahasida yashab kelgan. U o‘sha kuni ham yashash manziliga borayotgandi. Ammo uyigacha yetolmaydi: ayolning yo‘lini qotillar to‘sgandi.

Yigitlar Marina Fokni bungacha o‘nta qotillikni “ko‘rgan” “Mersedes-Benz” mashinasiga mindirib, yo‘lga chiqishadi. Lekin manzilga emas, aylanma yo‘llar orqali Ohangaron tumani Do‘stlik qishlog‘idagi kimsasiz dala maydoniga borishadi. Marinaning qarshilik qilishiga, yalinib-yolvorishiga qaramasdan avvaliga uni zo‘rlashadi, so‘ngra sumka ushlagichi bilan bo‘g‘ib o‘ldirishadi. Ishlari bitgach, Marinaning yonidagi pul va buyumlarini olib, voqea joyidan yashirinishadi.

Sud va jazo

Sud jarayonida ikki qotilning qilmishlari guvohlarning ko‘rsatmalari, ko‘plab ekspertiza natijalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2012 yil 30 noyabrdagi hukmi bilan Abduseit Ormanovga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Polatbay Berdaliyev esa Janubiy-Qozog‘iston viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan mintaqalararo sudining 2013 yil 30 yanvardagi hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Material Oliy sud matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Mavzuga oid