O‘zbekiston | 08:00 / 30.12.2023
6663
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish uchun saksovul ekish boshlandi

Tadbir doirasida viloyat har bir hududida ming gektardan jami 15 ming gektar maydonga Qoraqalpog‘istondan keltirilgan 100 ming tup saksovul ko‘chatlari va 80 tonna urug‘ sepilishi maqsad qilingan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Surxondaryo viloyati janubiy tumanlari - Sherobod, Muzrabot, Angor va Termiz, shuningdek, Termiz shahri iqlimida barcha fasllarda kuzatiladigan kuchli shamollar hamda chang hodisalari asosan shimol va g‘arb tomondan, jumladan, Eron, Turkmaniston va qo‘shni Afg‘oniston hududlaridan kirib keladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, viloyatda yil davomida 151 kungacha shamol va chang to‘zonlari kuzatilmoqda. Natijada havo dim va chang bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, inson salomatligi va atrof-muhit musaffoligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Davlat rahbarining viloyatga tashrifida ushbu muammoga e’tibor qaratilib, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlari oldini olish va chang to‘zonning ta’sirini kamaytirish maqsadida cho‘l zonalarida saksovulzorlarni kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Hozirda bu borada amaliy ishlar, «yashil kamar»lar tashkil etish loyihasi boshlab yuborilgan.

Loyihaning navbatdagi bosqichi doirasida Termiz va Angor tumanlari tutashgan «Kattaqum» massivida saksovul ko‘chatlari ekish va urug‘larini sepish ishlariga start berildi. Tadbir doirasida viloyat har bir hududida ming gektardan jami 15 ming gektar maydonga Qoraqalpog‘istondan keltirilgan 100 ming tup saksovul ko‘chatlari va 80 tonna urug‘ sepilishi maqsad qilingan.

Mavzuga oid