Donald Tramp Men shtatida praymerizdan chetlatilganiga norozilik bildirdi
AQSh sobiq prezidentini Menda praymerizdan chetlatish to‘g‘risidagi qaror mamlakat konstitutsiyasiga isyon ishtirokchilarining davlat lavozimlarini egallashini taqiqlovchi 14-tuzatish bilan izohlangan.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Men shtati davlat kotibi Shanna Bellouzning Respublikachilar partiyasidan birlamchi saylovlar (praymeriz)da qatnashishini taqiqlash to‘g‘risidagi qaroriga qarshi apellyatsiya berdi. Bu haqda 3 yanvar, chorshanbaga o‘tar kechasi bir qator Amerika OAV xabar tarqatdi.
Davlat kotibi 29 dekabr kuni Trampni Mendagi praymerizdan chetlashtirish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi. Bu harakat AQSh konstitutsiyasiga isyonda qatnashgan shaxslarning fuqarolik va harbiy davlat lavozimlarini egallashini taqiqlovchi 14-tuzatish bilan izohlandi. Donald Tramp o‘z tarafdorlarining 2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishiga sabab bo‘lgan harakatlarini qo‘zg‘atganlikda ayblanmoqda.
Avvalroq Donald Trampning saylovoldi shtabi vakili Stiven Chjan AQSh sobiq prezidenti tarafdorlari Bellouzning «dahshatli» qaroriga sud orqali e’tiroz bildirishini ma’lum qilgandi. O‘z navbatida, Tramp Bellouzdan Demokratik partiyadan sobiq senator bo‘lgani va 2021 yil 6 yanvardagi voqealarni isyon deb atagani sababli praymeriz masalani ko‘rib chiqishda uning qatnashmasligini talab qildi. Oq uy sobiq rahbari nuqtayi nazaridan, Bellouz noxolis pozitsiyada bo‘lishi mumkin.
Bir necha shtatlarda Trampning praymerizda qatnashmasligi bo‘yicha da’volar
19 dekabr kuni Kolorado Oliy sudi Donald Trampga shtatda Respublikachilar partiyasidan bo‘lib o‘tadigan praymeriz saylovida prezidentlikka nomzodini qo‘yishni taqiqladi. Sudyalarning qarori, xuddi Mendagi kabi, AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatishga asoslangan.
Trampga qarshi xuddi shunday da’volar yana bir qancha shtatlarda ham ochilgan. Noyabr oyida Minnesota Oliy sudi sobiq prezidentning saylovda qatnashishini taqiqlashdan bosh tortdi, Michigan shtatida esa sud Oq uy sobiq rahbari saylov byulletenida qolish-qolmasligini sud tizimi emas, Kongress hal qilishi kerak, degan qarorga keldi.
AQSh sobiq prezidentining o‘zi Kapitoliyga bostirib kirishga aloqadorligini rad etyapti.
Mavzuga oid
21:16 / 26.12.2024
Tramp Meksika va Kanadaga AQSh shtatlari bo‘lishni taklif qildi
14:17 / 26.12.2024
OAV: Tramp Panama kanalini olishga jiddiy qaror qilgan
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
18:22 / 25.12.2024