Namanganda «erkatoy» qoidabuzarga chora ko‘rildi
Sobiq amaldorning o‘g‘li ekani taxmin qilinayotgan haydovchi 2024 yil 1 yanvar kuni tunda Mercedes-Benz avtomobilini boshqarib 6 ta qoidabuzarlik sodir etgan va uni Instagram'dagi sahifasida jonli yoritib borgandi. Mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi.
2024 yil 2 yanvar kuni Kun.uz’da Namangan viloyati hokimligi sobiq amaldorining o‘g‘li ekani taxmin qilinayotgan yigit mashina boshqarishda qoidalarni ketma-ket buzgani va jarayoni Instagram'dagi sahifasida jonli yoritib borgani haqida xabar qilingandi.
«Hech kim yo‘q, siz xohlaganingizcha tezlashishingiz mumkin, ha, shunday», — degandi u videoda.
IIV YHXBB axborot xizmati xabar berishicha, qoidabuzar haydovchi ushlangan. Unga nisbatan chora ko‘rilib, Mercedes-Benz mashinasi jarima maydoniga joylashtirilgan.
Xabarda aytilishicha, 2023 yil 1 yanvar kuni Namangan shahridagi Islom Karimov ko‘chasida davlat raqami 01 S 651 ZB bo‘lgan Mercedes-Benz mashinasi haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, tezlikni me’yordan oshirib, o‘zi va o‘zgalar hayotiga xavf tug‘diruvchi harakatlar sodir etgan.
2000 yilda tug‘ilgan ushbu haydovchi harakatlanish davomida yo‘l harakati qoidalarining oltita bandini buzgan.
Jumladan:
- mashina oynalarining tusi noqonuniy o‘zgartirilgan (BHMning 25 barobari miqdorida jarima);
- harakat davomida telefondan foydalangan (BHMning 3 barobari miqdorida jarima;
- svetoforning qizil chirog‘idan o‘tgan (BHMning 2 barobari miqdorida jarima);
- avariya holatini keltirib chiqargan (BHMning 10 barobari miqdorida jarima);
- avtomobilning davlat raqamini o‘zboshimchalik bilan yechib olib harakatlangan (BHMning 5 barobari miqdorida jarima);
- tegishli hujjatlarsiz mashina boshqargan (BHMning 5 barobari miqdorida jarima).
Qayd etilishicha, haydovchiga sodir etgan qoidabuzarliklari uchun ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Mercedes-Benz jarima maydoniga joylashtirilgan.
«Bu men uchun ham, atrofimdagilar uchun ham juda xavfli ekan. Men o‘zim uchun yetarli xulosalar chiqardim. O‘zbekiston xalqidan va Namangan xalqidan alohida uzr so‘rayman. Bu boshqa takrorlanmaydi. Xudo xohlasa, bundan buyon bunday huquqbuzarliklar bo‘lmaydi», — dedi u.
Mavzuga oid
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024