Xorijdan kelib O‘zbekistonda o‘qiyotgan talabalar: “Bu yerda hammasi boshqacha”
Ko‘pchilik o‘zbekistonlik talabalar xorijda o‘qishni havas qilishadi. Ammo bugun xorijdan O‘zbekistonga kelib tahsil olayotgan talabalar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Xo‘sh, xorijlik talabalar bizning oliygohlarimiz haqida qanday fikrda? Talabalar almashinuvi dasturi asosida Toshkent Kimyo xalqaro universitetida o‘qiyotgan chet ellik talabalar bu borada o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ben Gablik, AQSh:
“Hozirda Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabasiman. Vatanimda harbiy fakultetning yadroviy texnologiyalar yo‘nalishida o‘qiganman. Bu yerda esa rus tilini, turizm, tarix va din tarixlarini o‘rganyapman.
Talabalar almashinuvi dasturida qatnashishimning asosiy sababi sayohat qilish orzusi bilan bog‘liq. Ushbu dasturgacha men faqatgina Meksikada bo‘lganman. O‘zbekistonga kelib ta’lim olish esa men uchun katta tajriba bo‘lmoqda. Yangi madaniyat va tilni o‘rganish juda qiziqarli.
Bu yerda til o‘rganish, maktabda dars berish va maktabdagi basketbol jamoasiga murabbiylik qilish men uchun juda maroqli bo‘lmoqda. Darslardan tashqari basketbol bilan shug‘ullanaman. Do‘stim Robert bilan doimiy ravishda mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Ikkimiz ham Vosiq xalqaro maktabida o‘quvchilarga murabbiylik qilyapmiz”.
Robert Smit, AQSh:
“Bu yerga bir nechta sabablarga ko‘ra kelganman. Eng avvalo, chet elga chiqishni, dunyo kezishni, boshqa millat va elatlarning urf-odatlari, madaniyatlari bilan yaqindan tanishishni istaganman. O‘zbekistonga kelganimdan afsuslanmayman, chunki bu yerdagi insonlar juda muloyim, mehmondo‘st va men bu yerda ko‘p do‘stlar orttirdim.
Tengqurlarimga maslahatim, chet elda o‘qish yoki o‘zga yurtni o‘rganish imkoniyati tug‘ilsa, albatta, bu imkoniyatdan foydalaning. Siz bu orqali ko‘p narsalarni o‘rganasiz, eng asosiysi, musofirlikda hayotning qiymatini tushunib yetasiz. Masalan, men 1 yil oldin Toshkentga kelib o‘qishim mumkinligi haqida orzu ham qilmaganman, ammo bugun men shu yerdaman va bundan umuman afsuslanmayman. Hatto, yana 6 oy shu yerda qolishni reja qildim.
Amerika universitetlari bilan bu yerni solishtirish qiyin. Chunki bu universitet hali yosh va doim dasturlarini yaxshilashga, kamchiliklar ustida ishlashga harakat qilinayotganiga guvoh bo‘lyapman. Professor-ustozlari ham malaka oshirish kurslarida o‘qiyotgani, chet davlatlarga borib trening o‘tib kelishi rivojlanish ketayotganidan dalolat beradi. Masalan, tibbiyot yo‘nalishi qoshida klinika ochilishi ham katta natija.
Samimiy va xolis baholasam, universitet ta’limiga 10 balldan 6 ball bergan bo‘lardim”.
Mariko Russell, Amerika:
“Amerikadagi universitetim davlat oliygohi edi, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti esa xususiy oliygoh. Men universitetlar orasidagi eng katta farq shunda deb hisoblayman. Bundan tashqari talabalarning bir biriga bo‘lgan munosabati tubdan boshqacha. Bu yerdan barcha bir biriga xushmuoamala va barcha bir-biriga o‘z oilasi a’zosidek qaraydi. Qolaversa o‘qituvchilar ham bu yerda juda tajribali. Ayniqsa rus tili o‘qituvchilari AQShdagi universitetimga qaraganda bilimli va yuqori ko‘nikmali ekanini his qildim. Amerikada men faqat bizga dars bergan o‘qituvchilarimni bilardim bu yerda esa barchani inson sifatida yaqindan tanish va bilish imkoniyati mavjud.
Bu yerda xotiramda muhrlangan ajoyib voqealardan biri bu – bozordan qaytayotgan vaqtimda ro‘y berdi. Do‘stim bilan piyodalar o‘tish yo‘lagini kesib o‘tayotgan paytimiz to‘satdan bir begona ayol kelib qo‘limni mahkam quchoqlab oldi. Men uchun bu g‘ayritabiiy edi. Men u bilan yo‘lning narigi tomoniga o‘tdim va suhbatlashishni boshladim. Suhbatimiz shu darajada qizg‘in tus oldiki, biz ayolning uyiga yetib qolganimizni ham sezmay qoldik. Suhbat davomida ayol o‘zi va oilasi haqida so‘zlab berdi. Men ham unga o‘zim haqimda aytib berdim. Bu, albatta, men uchun katta tajriba bo‘ldi, chunki men u ayol bilan rus tilida suhbat qurgandim.
Bu kabi holatlar O‘zbekistonda tabiiy ekani meni quvontirdi, chunki Amerikada begona qariya kelib sening qo‘lingdan tutishi insonlarga unchalik ham xush kelmaydi”.
Madison Vinya, AQSh:
“Men Amerikada o‘qituvchi bo‘lganman va bu yerda ham beshinchi sinflar uchun ingliz tilidan dars berish imkoniyatiga ega bo‘ldim, bu esa men uchun juda quvonarli. Boshqa bir madaniyatda o‘sayotgan bolalarga dars berish juda maroqli bo‘lyapti, ularning barchasi juda odobli va ingliz tilini o‘rganayotganidan baxtiyor.
Ispan tilini unversitetda o‘rganayotgan vaqtlarim talay qiyinchiliklarga duch kelganman chunki u yerda har kuni mashq qila olmasdim va bunga sherik topish ham qiyin edi.
Toshkentga kelishimning asosiy sababi bu o‘qish va albatta maktabda dars berish chunki bu menga juda yoqadi. Bu yerga kelmoqchi bo‘lgan talabalarga albatta bu imkoniyatdan foydalanishlarini tavsiya qilaman, chunki bu bilan siz o‘zingiz haqingizda ko‘p narsani bilib olasiz, albatta, avvaliga yangi madaniyat va insonlarga o‘rganish qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari ob-havo yozda juda issiq qishda esa juda sovuq. Ammo Yevropadan tashqari hayotni o‘rganish va turli xil insonlarni uchratish ham juda qiziq”.
Reklama