O‘zbekiston | 20:35 / 07.01.2024
20571
2 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi tungi klubda ro‘y bergan janjal o‘lim bilan yakun topdi

Ikki yigitning o‘zaro janjali oqibatida 27 yoshli yigit vafot etgan.

Foto: iStock

Namangan viloyatidagi tungi klublarda birida ikki yigitning janjali o‘lim bilan yakun topgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Hodisa bugun, 2024 yil 7 yanvar kuni soat 5:00 lar atrofida Uychi tumanidagi Mustaqillik istirohat bog‘i ichida joylashgan tungi klubda sodir bo‘lgan.

Uychi tumani, “Qo‘rg‘oncha” MFY hududida joylashgan “Night Korol” nomli tungi klubda, 2002 yilda tug‘ilgan S.M., tanishi 1996 yilda tug‘ilgan M.A. bilan janjallashib qolgan va qo‘li bilan uni yuz sohasiga urgan.

M.A. yiqilgach oyog‘i bilan ikki marotaba bosh qismiga tepib, og‘ir tan jarohati yetkazgan va hodisa joyidan yashiringan.

27 yoshli M.A. fuqaro S.A., tomonidan tuman markaziy shifoxonasiga olib kelingan. Tez-tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, u shifoxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Uychi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro S.M.ga nisbatan jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid