Jamiyat | 16:38 / 11.01.2024
44602
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist Ayjamal Joldasbayeva 27 yoshida vafot etdi

Unda homiladorlik davri og‘ir kechgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi matbuot kotibi sifatida ishlagan Ayjamal Joldasbayeva 11 yanvar kuni vafot etdi. Bu haqda uning yaqinlari ijtimoiy tarmoqda xabar qildi.

«Gazeta.uz»ning marhuma yaqinlariga tayanib ma’lum qilishicha, unda homiladorlik davri og‘ir kechgan. Ma’lum muddat o‘lik homila bilan yurgan, bola olinganidan keyin uning ahvoli og‘irlashib, dastlab Taxtako‘pir tumanidagi kasalxonaga yetkazilgan. 3 kun avval esa Nukus shahridagi tez yordam shifoxonalaridan biriga olib borilgan va o‘sha yerda vafot etgan. Uning 2 yoshga to‘lmagan o‘g‘il farzandi bor.

Ayjamal Joldasbayeva 1997 yil 23 yanvarda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bakalavr hamda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Shuningdek, O‘zJOKUda falsafa doktori (PhD) darajasi uchun ilmiy izlanish olib borayotgandi.

Ayjamal Joldasbayeva 2014 yilda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Mavzuga oid