Jahon | 23:05 / 12.01.2024
6964
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Qizil dengizda harbiy operatsiya tayyorlamoqda - OAV

Rejaga ko‘ra, yuk tashish kemalari harbiy kemalar yordamida himoya qilinishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Yevropa Ittifoqi Qizil dengizda tijoriy yuk tashish xavfsizligini ta’minlash uchun yangi operatsiya tayyorlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Politico nashri Yevropa tashqi ishlar xizmati hujjatiga tayanib yozdi. 

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Qizil dengizdan Fors ko‘rfaziga qadar amal qiladigan operatsiyani rejalashtirishi kerak. Bu fevral oyining oxirida boshlanishi mumkin. 

Yevropalik diplomatlarning jurnalistlarga aytishicha, reja kelasi hafta Yevropa Ittifoqining xalqaro ishlar va xavfsizlik qo‘mitasi yig‘ilishida muhokama qilinadi. Rejada tilga olingan harbiy kemalarni qaysi davlatlar berishi hozircha ma’lum emas. 

So‘nggi paytlarda Qizil dengizda tijorat kemalariga hujumlar muntazam ravishda qayd etilmoqda. Qo‘shma Shtatlar dron va raketalar Yaman hududidan uchirilayotganini aytmoqda. AQSh prezidenti Jo Bayden so‘zlariga ko‘ra, yamanlik isyonchi husiylarning xalqaro tijorat kemalariga uyushtirgan so‘nggi 27 ta hujumi 50 dan ortiq mamlakatga ta’sir ko‘rsatgan. 

9 yanvar kuni husiylar Amerika kemalariga eng yirik hujumni amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Bunga javoban AQSh va Buyuk Britaniya Yamandagi harbiy obektlarga ommaviy zarbalar berdi.

Mavzuga oid