Fan-texnika | 19:27 / 13.01.2024
38342
6 daqiqa o‘qiladi

“Gelik”ning elektromobilidan “tank burilish” va “umrboqiy batareya” – hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Umrboqiy batareya”

Xitoyning Betavolt startapi BV100 yadro akkumulyatorini taqdim etdi, u 50 yil davomida quvvatlash va texnik xizmat ko‘rsatilmasdan elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. 

Tangadan kichikroq modulda (15x15x5 mm) 63 ta yadro izotopi bor. Batareya 100 mikrovatt elektr energiyasi va 3 V kuchlanishni ishlab chiqarishi mumkin, shuningdek, -60°S dan 120°S gacha bo‘lgan haroratda ishlashga qodir. Ishlab chiqaruvchilar uning mutlaqo xavfsiz ekanini ta’kidlamoqda. Ko‘p qatlamli dizayn yong‘in va tashqi ta’sirlardan portlashni istisno qiladi. 

Yadro batareyasi ekologik toza. Parchalanish davridan keyin Nikel-63 atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan misning barqaror izotopiga aylanadi. 

BV100 batareyasi narxi e’lon qilinmadi, ammo termoyadro batareyalarini ishlab chiqarish shu paytgacha juda qimmat hisoblangan. Amerika va Yevropa tadqiqot institutlari ham bu yo‘nalishda ish olib bormoqda. 

2025 yilga borib Betavolt 1 kW quvvatga ega akkumulyator chiqarishni rejalashtirmoqda.

Turgan joyida aylana oladigan “Gelik”ning elektromobili

“Mersedes-Benz” mashhur Geländewagen’ning (G-Klasse) elektroversiyasini namoyish qildi. Avtomobil joriy yilning oxirigacha debyut qilishi kerak va uning ommaviy ishlab chiqarilishini belgilovchi asosiy omil yuqori kremniyli Sila anodlarining mavjudligi bo‘ladi, chunki bu yetarlicha sig‘imli, juda og‘ir bo‘lmagan va katta hajmli batareya yaratishga imkon beradi.

“Gelik”ning top versiyasi har bir g‘ildirak uchun bittadan to‘rtta elektromotorga ega bo‘ladi, shuning uchun u "tank burilish" deb ataladigan harakatni amalga oshirishi mumkin. Bunday holda, g‘ildiraklarning har tomondan qarama-qarshi yo‘nalishda aylanishi tufayli, elektromobil joyida 180 daraja burilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mitti Rabbit R1 antismartfoni

CES 2024 maishiy elektronika ko‘rgazmasi doirasida Rabbit R1 “yangi avlod gadjeti” taqdim etildi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bu — sun’iy intellektga asoslangan antismartfon, unda hech qanday ilova bo‘lmaydi. 

Rabbit R1 klassik mobil telefondan butunlay farq qiladi. U 2,88 dyuymli sensorli ekranga, aylanuvchi kameraga va interfeyslarni aylantirishga mo‘ljallangan g‘ildirakchaga ega. 

Rabbit R1 ichida 2,3 GGs chastotali MediaTek protsessori, 4 Gb operativ xotira va 128 Gb ichki xotira, shuningdek, quvvati bir kunga yetadigan batareya mavjud. 

Qurilma qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi (SIM-slot bor), xabarlar yuborishi, har qanday savollarga javob berishi va taksiga buyurtma berish yoki restoranda stol band qilish kabi ko‘rsatmalarni bajarishi mumkin. 

Rabbit R1 mart oyida 199 dollardan sotuvga chiqariladi. 

Geely Monjaro L 2024

Geely Monjaro L taqdim etildi. Uning narxi 19,5 ming dollardan boshlanadi. Avtomobil 3 xil komplektatsiyada taqdim etildi: Comfort, Luxury, Premium. Narxlar esa 19,5 mingdan 22 ming dollargacha.

Geely Monjaro L 218 ot kuchiga ega 2 litrli turbodvigatel bilan jihozlangan. Dvigatel 7 bosqichli “robot” korobka bilan hamkorlikda ishlaydi.

Internetni bloklab, eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar

Top10VPN xalqaro loyihasi hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya iqtisodiyoti internet bloklanishi tufayli eng ko‘p – 4,2 milliard dollardan ko‘proq zarar ko‘rgan.

O‘tgan yilda internet tarmog‘ining o‘chirilishi va bloklanishidan jahon iqtisodiyotiga yetkazilgan jami zarar 9,01 milliard dollarga baholanmoqda. Rossiyadan keyin eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlar ichida Efiopiya (1,59 milliard dollar), Eron (920,3 million dollar), Myanma (859,4 million dollar) va Hindiston (585,4 mln dollar) bor.

O‘zbekiston 2023 yilgi reytingda qayd etilmadi. 2022 yilgi reytingda esa 5-o‘rindan joy olib, moliyaviy zarar miqdori 219,7 mln dollarga teng bo‘lgan edi.

Dunyodagi birinchi shaffof MicroLED ekran

Samsung kompaniyasi CES 2024 ko‘rgazmasida MicroLED texnologiyasiga ega dunyodagi birinchi shaffof ekranni taqdim etdi

Kompaniya stendga uchta displeyni joylashtirdi, ulardan ikkitasi qoraytirilgan shisha, bittasi esa butunlay shaffof edi. Rangli oynalar fondagi barcha narsalarni yopdi, shuning uchun ular tasvirni tomosha qilishga xalaqit bermadi. 

Barcha ekranlar taxminan 1 sm qalinlikda va ramkasiz dizaynga ega. Displey ranglari juda tiniq va boy. Uni ko‘rgan jurnalistlarning aytishicha, u havoda suzayotgan gologrammaga juda o‘xshaydi. 

Samsung kompaniyasining fikricha, shaffof MicroLED displeylar shaffof OLED displeylarga nisbatan ancha yorqin. Shuningdek ularga atrof-muhit yorug‘ligi kamroq ta’sir qiladi. 

Kompaniya vakili texnologiya qachondan ommaviy ishlab chiqarilishi haqida ma’lumot bermadi, biroq, arzon narxga umid qilmaslik kerak. 

Hozir shaffof bo‘lmagan MicroLED ekranli yagona Samsung televizorining narxi 150 ming dollarga teng.

Mavzuga oid