Jahon | 13:23 / 15.01.2024
3456
2 daqiqa o‘qiladi

Novomoskovsk shahrida yuzlab uylar va shifoxona issiqlik ta’minotisiz qoldi

Novomoskovskdagi davlat tuman elektr stansiyasida transformatorning ishdan chiqishi tufayli 372 ta ko‘p qavatli uy, 10 ta maktab, 16 ta bolalar bog‘chasi va 1 ta kasalxonada isitish batareyalari sovib ketdi.

Foto: Valery Sharifulin/TASS/picture alliance

Tula viloyatining Novomoskovsk shahrida davlat tuman elektr stansiyasidagi avariya natijasida 372 ta ko‘p qavatli uy, 10 ta maktab, 16 ta bolalar bog‘chasi va bitta shifoxona issiqlik ta’minotisiz qoldi, deb xabar berdi yakshanba, 14 yanvar kuni mahalliy OAV va rus tilidagi Telegram-kanallari.

«Mutaxassislar elektr stansiyasi ishini qayta tiklashga harakat qilmoqda, ammo hozircha buning imkoni bo‘lmayapti - aholining yozishicha, uylaridagi batareyalar sovib ketgan. Shaharda havo harorati -12 daraja», - deyilgan Baza Telegram-kanali xabarida. 

Ayni paytda, «Pervyy tulskiy» telekanali o‘z saytida Novomoskovskaya davlat tuman elektr stansiyasida transformatorning yuqori kuchlanishli qismi ishlamay qolgani haqida xabar berdi. Ta’kidlanishicha, mintaqaviy hukumat Novomoskovskka «qo‘shimcha resurslar» jo‘natilishi va favqulodda vaziyatlar guruhlari tayyorlanishi haqida e’lon qilgan. Bundan tashqari, shaharga ko‘chma elektr stansiyalari yuboriladi.

Rossiyada issiqlik ta’minoti tizimidagi avariyalar 

Rossiyada rekord darajadagi sovuqlar fonida, 2024 yil boshidan buyon mamlakatning deyarli 20 ta hududida issiqlik ta’minoti tizimida avariyalar sodir bo‘ldi. Eng yirik avariya Moskva viloyatining Podolsk shahrida ro‘y berdi, unda 174 ta ko‘p qavatli uy aholisi bir haftadan ko‘proq vaqt davomida issiqlik ta’minotisiz qolib ketdi. Avariya yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki nafar gumonlanuvchi tergov izolyatoriga jo‘natildi.

13 yanvar kuni Lipetskda issiqlik trassasida ro‘y bergan avariya tufayli 40 dan ortiq ko‘p qavatli uylar issiqliksiz qolgan edi. Markaziy Rossiya, Dog‘iston, Primore, Kareliya va Uralning bir qator hududlarida ham issiqlik magistralida avariyalar sodir bo‘ldi. Natijada o‘n minglab odamlar issiqlik ta’minotisiz qoldi.

Mavzuga oid