O‘zbekiston | 15:35 / 17.01.2024
56140
7 daqiqa o‘qiladi

IIVning “obro‘sizlantirish qonuni”. Mas’ullar va faollar bahsi

Fuqaro organ xodimining videosini qanaqa maqsadda tarqatgani qanday aniqlanadi? Jamoatchilik nazoratini ta’minlamoqchi bo‘lganlar qamalib ketmasligiga kafolat bormi? Senat qo‘mitasi majlisida Kun.uz muxbirining shu savollari ochiq qoldi. Majlisda faollar va mas’ullar o‘rtasida bahs kelib chiqdi.

O‘zbekistonda huquq organlari xodimlarining foto va videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun jazo belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida ko‘rib chiqilmoqda.

Qo‘mitaning 15 yanvar kungi majlisida bu masala jamoatchilik vakillari – jurnalistlar va blogerlar ishtirokida muhokama qilindi. Unda rasmiylardan senatorlar, qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.

Mas’ullarning aytishicha, 2022 va 2023 yillarda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlari fuqarolar tomonidan 253 marta foto va videotasvirga olinib, bu tasvirlar internetga tarqatilgan. O‘rganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga video joylashtirgan.

Tadbirda ta’kidlanishicha, “qator rivojlangan davlatlar” qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangan.

Tadbirda Kun.uz muxbiri mas’ullarga quyidagi ikkita savol bilan murojaat qildi:

  1. Fuqaroning tasvirni tarqatishdan maqsadi nima bo‘lgani (obro‘sizlantirishmi yoki yo‘q) qanday aniqlanadi? Sohadagi “ayrim nopok kimsalar” haqida xabar bermoqchi bo‘lganlar nohaq qamalib ketmasligiga kafolat bormi?
  2. IIV keltirayotgan vajlar va bu moddaning salbiy oqibatlari, xususan ochiqlik siyosatiga katta dog‘ tushishi mumkinligi o‘zaro taqqoslab ko‘rilyaptimi?

Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonovning aytishicha, organ xodimining tasvirini tarqatishda fuqaro qanday maqsadni ko‘zlaganiga prokuratura organlari va IIVning yuqori turuvchi organlari aniqlik kiritadi. “Agar o‘sha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi aybdor bo‘lsa, prokuratura organlari qonuniy baho beradi”, dedi u.

Ikkinchi savolga javoban, Burhonovning ishonch bildirishicha, bu moddaning qabul qilinishi ochiqlik siyosatiga “umuman dog‘ tushirmaydi”.

“Chet mamlakatlarni oladigan bo‘lsak ham, Yevropa davlatlarida, Amerikalarda uyingizdan bitta shpritsni olib chiqib tashlasangiz ham, mumkin bo‘lmasa, “shu uyidan olib chiqdi, qanaqa kasalligi bor ekan, o‘rganinglar” deb xabar beradi. Buning yomon yeri yo‘q. Nimasi yomon? Kim aybdor bo‘lsa, javobgarlik masalasini hal qiladigan organlar bor. Prokuratura, sud doim kerakli choralarni ko‘rishadi”, – dedi senator.

Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Kun.uz muxbirining savollari o‘rinli ekanini aytarkan, ayrim savollar javobsiz qolganini ta’kidladi.

“Maqsadini qanday aniqlaydi degan savolga javob berilmadi. Umumiy qilib, prokuratura organlari aniqlaydi, deyildi. Xo‘p, mana masalan, bir kishi Instagram, Telegram yoki YouTube'ga [organ xodimlari ishtirokidagi] bir videoni joyladi. Videoda yolg‘on yo‘q. Misol uchun, videoda elektroshoker ishlatilgan, yoki bozorda kimdir ushlab olib chiqib ketilgan. Joylagan odam tergovga qadar tekshiruvda yoki tergovda: “Mening maqsadim odamlarni ogohlantirish edi. O‘rtoqlar, qonunni bilib olinglar deb aytmoqchi edim”, “Mening maqsadim Like yig‘ish edi, obro‘sizlantirish emas edi”, “Maqsadim jamoatchilik nazorati edi” desa, qanday qilib uning bo‘yniga qo‘yasizlar?

“Yo‘q, sening ko‘nglingda obro‘sizlantirish maqsadi bor edi”, deyishga nima asos bo‘ladi? Odamning ichiga kirib chiqib bo‘lmaydi. Sub’yektiv tomoni qanday isbotlanadi?

Jurnalist to‘g‘ri savol berdi. Ertaga umuman nohaq ayblashlarga o‘tib ketilmaydimi? Bunga deb hech kim kafolat berolmaydi. Afsuski, bizda bu narsa mavjud”, – dedi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Ikkinchi marta berilgan bu savollarga yana javob berilmadi.

Bundan tashqari, Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z so‘zida mas’ullarning jurnalistlarga qarata “qonunni o‘qimay turib gapiryapsizlar” qabilidagi gaplariga ham e’tiroz bildirdi.

“Bu yerga jurnalistlarni urushgani chaqirdinglarmi, deb hayron qolyapman. Men o‘zim yuristman, jinoyat-protsessual huquqi bo‘yicha yuridik universitetda dars berganman. Shu sababli qonunlarni yaxshi tushunaman. Birdaniga tushunmaslikka olib, unaqa fikr bildirmanglar-da, iltimos. Biz ham qonun nimaligini tushunamiz.

“Mana, birorta odam qonunning dispozitsiyasini o‘qib ko‘rmasdan, fikr bildiryapti” deyildi. Kechirasizlar-ku, qonun loyihasi hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunning matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, Senat ko‘rib chiqayotgan qonunning matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, osmondan olib fikr bildiramizmi?

Qonunning matni qayerda to‘liq e’lon qilindiki, keyin biz uni ko‘rib,, lekin o‘qimadik? Qayerda e’lon qilindi? Bu qonun hech qayerda e’lon qilingani yo‘q-ku! Biz faqatgina Qonunchilik palatasi, Senatning xabarlarida ketgan sanoqli gaplarni o‘qib, o‘zimizning munosabatimizni bildiryapmiz”, – dedi u.

“Jurnalistlarni so‘kish uchun to‘plagan ekansizlar, deyapsiz. So‘kish uchun emas, sizlarning fikringlarni aniq eshitish uchun taklif qilganmiz. Hech kim hech kimni so‘kayotgani yo‘q”, – deya javob qaytardi senator Qutbiddin Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, qonunda huquq organlari xodimlarining foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun 50 BHM (17 mln so‘m) jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Jamoatchilik faollari, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “Yuksalish” umummilliy harakati bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan.

Mavzuga oid