Jahon | 14:41 / 20.01.2024
5535
3 daqiqa o‘qiladi

Alek Bolduinga odam o‘ldirish bo‘yicha ikkinchi marta ayblov qo‘yildi

Mashhur kinoaktyor ikkita modda bo‘yicha ayblanmoqda. Bolduinga nisbatan ilgari qo‘yilgan odam o‘ldirish ayblovi 2023 yil aprel oyida olib tashlangandi.

Foto: Reuters

AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi katta hakamlar hay’ati taniqli aktyor Alek Bolduinga 2021 yilda operator Galina Xatchinsning o‘limiga sabab bo‘lgan «Zang» filmi suratga olish maydonchasidagi otishma bo‘yicha yangi ayblov qo‘ydi. Bu haqda Nyu-Meksiko sudi 19 yanvar, juma kuni kechqurun xabar berdi.

Bolduin ikki modda bo‘yicha odam o‘ldirishda ayblanmoqda - «o‘qotar quroldan ehtiyotsizlik bilan foydalanish» va «boshqalar xavfsizligiga to‘liq e’tiborsizlik yoki befarqlik bilan sodir etilgan halokatli oqibatlarga olib keladigan harakat». Bular to‘rtinchi darajali jinoyat bo‘yicha ayblovlar bo‘lib, buning uchun aktyor 18 oygacha qamoqqa olinishi mumkin. 

Tergovdagi qo‘shimcha faktlar 

Bolduinga nisbatan ilgari qo‘yilgan odam o‘ldirish ayblovi 2023 yil aprelida olib tashlangan, biroq prokurorlar keyinchalik «qo‘shimcha faktlar» paydo bo‘lganini aytgandi. Idora Xatchinsni o‘ldirishda foydalanilgan to‘pponchani qo‘shimcha ekspertizadan o‘tkazdi. Ekspertiza shuni ko‘rsatdiki, Bolduin tepkini bosgandagina o‘q uzishi mumkin bo‘lgan. Bolduin ilgari buni qilmaganligini ta’kidlagandi. 

Aktyorning advokatlari yangi sud jarayonini kutayotganini aytdi. Yangi sud majlislari sanasi hali belgilanmagan. 

Ukraina fuqarosi, amerikalik kinooperator Galina Xatchins 2021 yilda Santa-Fe shahri yaqinida «Zang» vestern filmini suratga olish chog‘ida halok bo‘lgandi. Sahnalardan birida filmning bosh aktyori va prodyuseri Alek Bolduin to‘pponchadan haqiqiy bo‘lmagan patronlar bilan o‘q uzishi kerak edi, ammo rekvizit qurolida haqiqiy o‘q bo‘lgan va u tasodifan 42 yoshli operatorga tegib ketgan. Xatchins olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etdi. Qanday qilib jangovar o‘q-dorilar suratga olish maydonchasiga tushib qolgani noma’lumligicha qolmoqda. 

Mavzuga oid