Afg‘oniston ustida yo‘qolgan samolyot yo‘lovchilari haqida ma’lumot berildi
Shanba kuni kechqurun Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarasi yaqinida Falcon 10 rusumli xususiy samolyot qulagan. Manbalarga ko‘ra, bort yo‘lovchilari Anatoliy va Anna Yevsyukova bo‘lishgan. Anatoliy Yevsyukov - Rostov oblastidan bo‘lgan yirik tadbirkor edi.
Falcon 10 samolyoti mahalliy vaqt bilan 20 yanvar kuni soat 19 atrofida, Tojikistondagi Ko‘lob shahridagi aeroportga qo‘nish uchun yo‘l olganida radarlardan yo‘qolgan. Manbalarga ko‘ra, taxminan soat 19:05 da ekipaj yonilg‘i tugayotgani bilan bog‘liq favqulodda holat va Ko‘lobdagi aeroportga rejadan tashqari qo‘nishga qaror qilgani haqida e’lon qilgan. Keyinroq ekipaj birinchi dvigatel, keyin esa ikkinchi dvigatel ham ishdan chiqqanini xabar qilgan.
Halokat Afg‘onistonning chekka hududida, mamlakatning eng shimoliy nuqtasida ro‘y bergan. Reuters manbasiga ko‘ra, qutqaruv guruhi halokat joyiga yetib borishi uchun 12 soatdan ortiq vaqt talab etiladi.
Rosaviatsiya ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Hindistonning Gaya shahridan Moskva oblastidagi Jukovskiy aeroporti tomon uchgan, yonilg‘i quyish uchun O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida to‘xtashi kerak bo‘lgan.
Avvaliga samolyot «Gazpromavia» kompaniyasiga tegishli ekani haqida xabar tarqaldi. Ammo Rosaviatsiya ro‘yxat raqami RA-09011 bo‘lgan ushbu bort egasi «Atletik grupp» MChJ va «xususiy shaxs» ekani haqida xabar qildi. «Atletik grupp» bosh direktori Yekaterina Agapova RT uchun bergan izohida kompaniya hozirda bu ma’lumotni tekshirayotgani haqida aytgan.
Rossiyada kuchishlatar idoralarga yaqin bo‘lgan telegram-kanallar halokat vaqtida bortda ekipajning to‘rt a’zosidan tashqari Anatoliy va Anna Yevsyukovalar bo‘lgani haqida yozdi.
Rostov oblastidagi nashrlar bir necha bor volgodonsklik tadbirkor Anatoliy Yevsyukov haqida yozishgan. Sizdirilgan ma’lumotlar Anna Yevsyukova tadbirkorning qarindoshi hisoblanishini tasdiqlagan (u qanday qarindosh ekani haqida ma’lumot topilmagan). «Agenstvo» tadbirkorning o‘g‘li Dmitriy Yevsyukov bilan bog‘lanishga harakat qilgan, ammo u qo‘ng‘iroq va xabarlarga javob bermagan.
OAVda Yevsyukov Volgodonskdagi «Mashenka», «Atlant» va «Avangard» bozorlari egasi sifatida keltirilgan. Mahalliy nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, u shuningdek shahar markazidagi 4,5 ming kvadrat metr maydonga ega yirik savdo majmuasi qurilishida buyurtmachi bo‘lgan.
«Izvestiya» gazetasi halokatga uchragan samolyot haqidagi xabariga ushbu tadbirkorning fotosuratini joylashtirgan va uni hamda Anna Yevsyukovni «er-xotin» deb tanishtirgan.
aviation-safety.net sayti ma’lumotiga ko‘ra, seriya raqami 128 bo‘lgan Dassault Falcon 10 samolyoti Rossiyaga faqat 2023 yil oktyabrida olib kelingan va RA-09011 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2008 yildan 2022 yilga qadar ushbu biznes-jyet CN-TKN bort raqami bilan uchgan.
Flightradar24 servisiga ko‘ra biznes-jyet Hindistondan emas, Tailandning U-Tapao aeroportidan (Pattayyadagi reyslarga xizmat ko‘rsatadi) parvoz qilgan. Hindistonda (Gaya aeroportida) samolyot yonilg‘i quydirgan. Keyingi to‘xtash Toshkentda amalga oshirilishi kerak edi. Oxirgi manzil sifatida esa Moskva oblastidagi «Jukovskiy» aeroporti etib belgilangandi.
«Izvestiya» ma’lumotiga ko‘ra, Yevsyukovlar Tailandga 2023 yil dekabrida oilaviy bo‘lib borishgandi, keyin esa Anna kasallikka chalingan va shu vaqtga qadar Pattayyadagi shifoxonada davolangan. Mahalliy shifokorlar u noma’lum infeksiyaga chalingani tashxisini qo‘yishgan va sun’iy nafas oldirish apparatiga ulab, davolanish uchun Rossiyaga qaytishni tavsiya etishgandi.
Mavzuga oid
22:27
Mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik aviahalokatlar sanab o‘tildi
21:32
Azerbaijan Airlines samolyotining Qozog‘istondagi halokatida 38 kishi vafot etdi
20:54
Qozog‘istonda halokatga uchragan samolyot yerdan urib tushirilgani haqida taxminlar yangramoqda
17:13