O‘zbekiston | 13:09 / 23.01.2024
16617
10 daqiqa o‘qiladi

32 yilda 16 mlnga ko‘payish: aholi soni oshishi qaysi masalalarni dolzarblashtiradi?

O‘zbekistonda aholi soni 36,8 mln kishidan oshdi. Bu Markaziy Osiyoda yashovchilarning yarmi degani. Tahlillarga ko‘ra, 2030 yilda respublika aholisi 40 mln kishiga yetadi. Aholining tez suratlarda ko‘payishi qaysi yo‘nalishlarda tegishli choralar ko‘rish zaruratini oshiradi? Kun.uz muxbiri iqtisodchi Muhabbat Ahmedova bilan shu haqda suhbatlashdi.

O‘zbekiston aholisi so‘nggi 30 yilda 15 mln kishiga ko‘paygan. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib respublikada istiqomat qiluvchilar soni 40 mln kishiga yetadi. Ushbu holat ortayotgan aholi uchun yangi ish o‘rinlari, sifatli ta’lim va tibbiyot muassasalari qurish kabi bir qancha muhim strategik vazifalarni ishlab chiqib, amalga oshirishni nazarda tutadi. O‘zbekiston hukumati yaqin kelajakdagi bu jarayonga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti va qanday ishlarni qilishi kerak? Mavzu yuzasidan savollarga Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xodimi Muhabbat Axmedova o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— O‘zbekistonda aholi jon boshiga YaIM 2024 yilda 3209 AQSh dollari bo‘lishi kutilyapti. Shunda mamlakatdagi bir kishining hissasiga to‘g‘ri kelayotgan oylik o‘rtacha summa 267,4 dollarni tashkil etadi. Iqtisodiy ko‘rsatkichdagi ayni shu summa demografiyaning asosini tashkil etuvchi tug‘ilishni sog‘lom tarzda yaratishga asos bo‘la oladimi?

— Har yili mamlakatimizda oylik maoshlar o‘rtacha 10 foizga oshadi. Buning natijasida aholi daromadlari ham ko‘payadi. Fuqarolarning moliyaviy holati birinchi o‘rinda mehnat tushumlari, ikkinchi o‘rinda xorijda ishlaydigan shaxslarning yuboradigan pul o‘tkazmalari, shuningdek, ko‘chmas mulkdan keladigan mablag‘lar hisobiga yuqorilashi mumkin. Demografik ko‘rsatkichlarimiz 2016-2018 yildan e’tiboran keskin ko‘tarildi, 2016 yilda har bir ayolga mamlakat hisobida 2,1 nafar farzand to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 3,1 nafarga yetdi. Tug‘ilish o‘syapti, o‘lim koeffitsiyenti kamayyapti. Mazkur jarayon natijasida har yili davlat aholisi 730-750 mingga ko‘payyapti. Mamlakatda odamlar sonining tez o‘sishi hukumatdan kelgusi yillar uchun strategik tayyorgarlik ishlarini ko‘rish, yangi tug‘ilayotgan aholidan demografik dividend olish uchun ularga to‘g‘ri sarmoya kiritishni talab etyapti. Yuqorida ta’kidlangan summa demografiyaning asosini tashkil etuvchi tug‘ilishni sog‘lom tarzda yaratishga asos bo‘la oladimi-yo‘qmi, degan savolga aniq javob bera olmayman. Bu aholining holati, shaxsiy talab hamda xarajatlariga bog‘liq.

— Senatda 2023 yil 9 noyabrda bo‘lib o‘tgan “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi seminarda “O‘zbekiston uchun ichki xavflar, asosan, aholining sezilarli darajada yuqori o‘sish sur’atlaridan kelib chiqadi”, degan fikrlar ham bildirilgan edi. Butun dunyoda demografiyaning o‘sishi eng qimmat kapital sifatida baholanayotgan bir vaqtda bizning siyosatchilar orasida bu jarayon “ichki xavf” deya izohlanayotgani qay darajada mantiqqa to‘g‘ri keladi?

— Aminmanki, bu hukumatning qarashi emas, biror senatorning shaxsiy fikri bo‘lishi mumkin. Tug‘ilish bo‘yicha bizda hech qanday to‘siqlar qo‘yilmagan va bunday qilinishi to‘g‘ri ham emas. Birgina Xitoyni misol keltirsak: ushbu davlatda necha yillardan buyon 2 bolalilik siyosat olib borilgan, ya’ni bir oilada ikki nafardan ko‘p farzand bo‘lishi mumkin emas edi. Natijada hozir Xitoyda tug‘ilish kamayib ketgan, ayollar farzand dunyoga keltirishni istamay qo‘ygan. Yoki Yevropa davlatlariga qaraylik, u yerda hech qanday to‘siqlar mavjud emas. Hukumat tug‘ishni cheklamagan, biroq shunga qaramasdan Yevropa mamlakatlarida ham qarish tendensiyasi kuzatilyapti. U yerda hukumatlar mehnat bozorida ishchi kuchi yetmayotganidan qo‘rquvda. Yaponiya, Koreyada qariyalar soni keskin oshgan. Rossiyada ham ayni shu holat ro‘y beryapti, bu davlatda “ona kapitali” degan ijtimoiy paketlar bo‘lishiga qaramasdan, hukumat tug‘ilish ko‘rsatkichlarini o‘stira olmayapti. Dunyoda bo‘layotgan demografik inqirozlardan xulosa chiqargan holda biz tug‘ilishni qisqartirishimiz emas, inson kapitaliga to‘g‘ri sarmoya kiritish orqali demografik dividenddan foyda olish yo‘llarini puxta ishlab chiqishimiz kerak.

— Xitoyda 1,4 mlrd aholi yashaydi va yiliga 8 mln odam tug‘ilyapti. Ularda so‘nggi yilda aholi 2 mln kishiga kamaygan. Hindistonda 1,4 mlrd aholiga 13 mln odam dunyoga kelyapti. O‘zbekistonning qariyb 37 mln aholisiga yiliga 1 mln.ga yaqin odam qo‘shilyapti. Aytish joizki, mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichlari baland. O‘zi aholi o‘sish sur’atlarini shakllantirishning asoslari nimalardan iborat? O‘zbekistonda hozirgi demografik o‘sish tezligining sabablari nima?

— Aholining o‘sish sur’atlarini tug‘ilish va o‘lim o‘rtasidagi koeffitsiyentlar shakllantiradi. Bugungi kunda tug‘ilish birinchi yoki ikkinchi bolaning hisobiga emas, uchinchi va to‘rtinchi farzandlar hisobiga ko‘payib ketyapti. Ya’ni aholi orasida ko‘p bolalilik modeli rivojlanyapti. 2022 yilda institutimiz tomonidan uch va undan ko‘p farzandli onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada aniqlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda tug‘ilish ko‘payishining asosiy sabablari quyidagilar:

- aholining ko‘p bolalilik modeliga o‘tishi;

- aholi daromadining oshishi;

- ayollar o‘rtasida tibbiy savodxonlikning yetishmasligi;

- diniy qarashlarning kuchayishi.

— O‘zbekiston aholisi juda yosh, ya’ni 30,1 foiz fuqaro 14 yoshdan kichik. Aytaylik, 5 yildan keyin ularning katta qismi mehnatga layoqatli yoshlar safiga qo‘shiladi. Aniq raqamlarda 30,1 foiz — 10 668 672 kishini tashkil etadi. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish zarurati degani. Xo‘sh, iqtisodiy salohiyatimiz shuncha ish o‘rinlarini yaratishga yetadimi? Uning uchun qanday strategik choralarni ko‘rish kerak? Yoshlarni tilga, hunarga o‘qitish masalalari qanday ahvolda?

— 2030 yilgacha aholining o‘sish sur’atlarini tahlil etib, buning natijasida ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalariga sifat va son jihatdan tushadigan yuklarni hisob-kitob qilganmiz. Izlanishlarimizga ko‘ra, 2016 yilda 650-700 ming bola maktablarga 1-sinfga qabul qilingan bo‘lsa, yaqin kelajakda mazkur ko‘rsatkich 850-900 ming nafarga yetadi. Bu esa o‘z o‘rnida, maktablar quvvatini oshirishni talab etadi. Hozirda respublikada uch smenada faoliyat yuritadigan maktablar quvvatini ko‘paytirish, o‘qituvchilarga bo‘lgan bosimni kamaytirish maqsadida eng asosiy urg‘u xususiy maktablar, xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari va oilaviy bog‘chalarni ochishga qaratilyapti. 2030 yilga qadar maktabgacha ta’limga bolalarni 90 foiz, umumta’limga esa 100 foiz miqdorda qamrab olish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda har bir o‘qituvchiga 12 nafar bola to‘g‘ri kelyapti. AQShda bu ko‘rsatkich 14, Xitoyda esa 17 nafarni tashkil etadi. Ta’lim jarayonida o‘qituvchilarga to‘g‘ri keladigan bola soni normadan oshib ketgani yo‘q. Biroq sifat jihatdan masalalar bor, pedagoglarimizning ta’lim berish qobiliyati ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Umumta’limda ingliz, rus tillari, IT va texnologiya sohalari bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmaydi. Umuman olganda, maktablarda o‘quvchilarni o‘qituvchilar bilan ta’minlash, yuqori malakali shifokorlar va o‘rta bo‘g‘in shifokorlari bilan aholini qamrab olish bo‘yicha O‘zbekistondagi natijalar rivojlangan davlatlar ko‘rsatkichlari qatoriga kiritilgan.

— Jahon banki tahliliy ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab 59 kub km.dan 62-63 kub km.gacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub km.dan 52-53 kub km.gacha kamayadi. Bu esa joriy suv tanqisligini (2 kub km.dan 11-12 kub km.gacha) besh barobarga oshiradi. Ichimlik suvi ta’minotidan foydalanishda asosiy xavflar chuchuk suvning o‘tkir taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, ifloslanish, qurg‘oqchilik kabilardan iborat ekani aytilgan. Suv resurslarining kamayishi va undan kelib chiqadigan ekologik muammolar demografik o‘sish cur’atlariga ta’sir qiladimi? Bu nimalarda ko‘rinadi?

— Aholining o‘sishi tabiiy resurslarga bo‘lgan talabni kengaytiradi.  Haqiqatdan, 2030 yilda O‘zbekistonda suv resurslari tanqisligi kuzatilishi mumkin, degan taxminlar mavjud. Qishloq xo‘jaligida suvning tejamkorlik mexanizmlaridan foydalanmagan holda ishlatilishi suvning kamayishiga sabab bo‘lyapti. Afg‘oniston tomonidan Qo‘shtepa kanalining qurilishi ham suv zaxiralarimiz kamayayotganiga hissa qo‘shyapti. Qurg‘oqchilik, birinchi navbatda, demografik o‘sish sur’atlari soni emas, sifatiga ta’sir ko‘rsatishi, ya’ni ekologik muammolar yuzaga kelib, salomatlikka salbiy ta’sir etuvchi omillar ko‘payishi mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi
Operator: Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid