Jamiyat | 22:04 / 25.01.2024
6781
4 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda firibgarlik jinoyati eng ko‘p sodir etildi – Oliy sud 

Shuningdek, 55 mingdan ortiq shaxs sudlandi, ularning 6 mingdan ortig‘i ayollar, 20 mingdan ortig‘i yoshlardir. 

2023 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 73797 nafar shaxsga nisbatan 58418 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, 1244 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi. Bu haqda Oliy sud ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, sudlangan shaxslar soni 55763 nafarni tashkil etib, shundan 17396 nafar shaxsga ozodlikdan maxrum qilish va 37077 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan. 1290 nafar shaxs shartli jazo olgan. 

Sudlangan shaxslarning 49297 nafari erkak, 6466 nafari ayol, 20922 nafari yoshlar (shu jumladan 1 911 nafari voyaga yetmagan) va 2123 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar. 

7362 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilingan, 33612 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 12286 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirilgan va 13522 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlangan yoki qayta malakalangan. 

272 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. 

Hisobot davrida ko‘rilgan jinoyat ishlarning aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bezorilik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish va pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etadi. 

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 14698 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. 

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan 8586 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. 

Apellyatsiya tartibida 15720 nafar shaxsga nisbatan 10843 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 1715 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3556 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan. 

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 5855 nafar shaxsga nisbatan 5130 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 1143 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 509 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan. 

Shuningdek, kassatsiya instansiyasida 467 nafar shaxsga nisbatan 402 ta jinoyat ishi takroran ko‘rib chiqilgan. 288 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 121 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Mavzuga oid