Jahon | 10:51 / 25.01.2024
5144
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya TAURUS raketalari bo‘yicha Germaniya uchun yechim topdi

Britaniya Berlinga uni TAURUS raketalari bilan ta’minlashni taklif qildi va buning evaziga u Storm Shadow raketalarini Ukrainaga topshirishga tayyor. Germaniya hukumati hozircha bu taklifga javob bermadi, deb xabar qildi Handelsblatt. 

TAURUS raketalari bilan Bundesver qiruvchisi Foto: Andrea Bienert/DPA

London hukumati Germaniyaga Ukrainaga TAURUS qanotli raketalarini yetkazib berish bo‘yicha boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini taklif qildi: Germaniya TAURUS’ni Britaniyaga eksport qiladi, u esa buning evaziga Kiyevni Storm Shadow qanotli raketalari bilan ta’minlaydi, deb yozadi Handelsblatt gazetasi 24 yanvar, chorshanba kuni diplomatlar va hukumat vakillariga tayanib. 

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, bu taklif bir necha hafta oldin ilgari surilgan. Federal kansler idorasi Handelsblatt ma’lumotlariga izoh berishdan bosh tortdi. 

Germaniya kansleri Olaf Shols Kiyevga TAURUS raketalarini yetkazib berishni rad etadi, vaholanki, Germaniyadagi hukmron koalitsiyaning qator siyosatchilari uni bunga chaqirmoqda. O‘tgan hafta xristian-demokratik ittifoq fraksiyasi bundestag orqali TAURUS’ni Ukrainaga o‘tkazishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qila olmadi. 

Storm Shadow va TAURUS - bir xil narsa emas 

«Agar bu Ukrainaga yordam bersa, unda, albatta, xalqaro hamkorlik doirasidagi variant bo‘ladi», deya Germaniya sotsial-demokratik partiyasining mudofaa masalalari bo‘yicha eksperti Andreas Shvars Handelsblatt bilan suhbatda Britaniya taklifiga izoh berdi. Shu bilan birga, bundestag mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Tsimmerman London tashabbusiga sovuqqonlik bilan munosabat bildirdi. «Bunday holatda bundesver TAURUS raketalarini yo‘qotadi, Ukrainada ham ular bo‘lmaydi. Storm Shadow TAURUS’ning o‘rnini bosa olmaydi», dedi u. 

Mavzuga oid