O‘zbekiston | 01:13 / 26.01.2024
17108
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda buyum bozori yonib ketdi

Hodisa Shahrixon tumanidagi buyum bozorida sodir bo‘lgan va o‘t o‘chiruvchilarning o‘nlab bo‘linmalari olovga qarshi kurash olib bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi buyum bozori yonayotgani haqida videolar tarqaldi. Videolarda bozordagi do‘konlar yonayotgani, olov juda katta hududni qamrab olganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, videolarda olov yetib bormagan do‘konlardan tadbirkorlar narsalarni tashib chiqayotganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari yong‘in 2024 yil 26 yanvar soat 01:00 da ham davom etayotganini aytishmoqda.

Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati dastlabki ma’lumotlarni berdi.

Unga ko‘ra, 2024 yil 25 yanvar kuni soat 23:30 da Shahrixon tumanida joylashgan Asaka avtorurargohida tashkil etilgan buyum bozorida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

Zudlik bilan aytilgan manzilga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borib, yong‘inni bartaraf etish ishlarini boshlab yuborgan. Hodisa joyiga FVB rahbariyati va tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan.

“Yong‘in natijasida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushmadi. Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid