O‘zbekiston | 17:01 / 05.02.2024
22986
3 daqiqa o‘qiladi

Bloger Otabek Sattoriy ozodlikka chiqarildi

Unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmay qolgan qismi axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi foydasiga undirilishi belgilandi.

Foto: Timur Ahmedov / YouTube

Bloger Otabek Sattoriyga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo yengilrog‘iga almashtirildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 5 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudida Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan Otabek Sattoriyning sudga kiritgan iltimosnomasi ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan.

Sudning ajrimi bilan Otabek Sattoriyning 2024 yil 5 fevralgacha o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 25 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 74-moddasi (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) 3-qismi «v» bandiga asosan axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi foydasiga undirilishi belgilangan. 

  • Ma’lumot uchun, 2021 yil 29 yanvar kuni tezkor tadbirda qo‘lga olingan Otabek Sattoriy jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra tuhmat va tovlamachilikda ayblanib, 6 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
  • Uning apellyatsiya shikoyati, advokatining Surxondaryo viloyatidan boshqa hududga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnomasiga asosan, Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilgan. Apellyatsiya sudi Sattoriyga Termizda sotib olgan ikki xonadonini qaytarib berish bo‘yicha hukm chiqargan, lekin berilgan qamoq muddati o‘zgarishsiz qoldirilgandi.
  • Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2024 yil 2 fevral kunidagi ajrimiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 may kunidagi hukmi, Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 15 iyuldagi ajrimi va Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2022 yil 5 apreldagi ajrimi o‘zgartirilib, Otabek Sattoriyga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yilga keltirilgan.  

Mavzuga oid