O‘zbekiston | 12:25 / 14.02.2024
5987
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 42 tup qayrag‘ochni kesgan shaxsga jinoyat ishi ochildi

Paxtakor tumanida fermer xo‘jalik xodimi 42 tup daraxtni noqonuniy kesib, o‘simlik dunyosiga 224 mln so‘m zarar yetkazgan.

Foto: Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi

Paxtakor tumanida 42 tup qayrag‘och noqonuniy kesib ketilgani aniqlandi. Bu haqda Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi xabar bermoqda

Ma’lum qilinishicha, 11 yanvar kuni Paxtakor tuman ekologiya inspeksiyasi tomonidan Paxtakor tumani “Baxmal” hududida joylashgan “Yuvest tog‘” fermer xo‘jaligining dala maydoni chetiga ixota maqsadida ekilgan 42 tup o‘sishdan to‘xtamagan qayrag‘och daraxtlari kesib ketilganligi aniqlangan. Buning oqibatida o‘simlik dunyosiga 224 million 400 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

O‘rganish davomida daraxtlar “Yuvest tog‘” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi, 1988 yilda tug‘ilgan J.J. tomonidan noqonuniy kesib olinganligi ma’lum bo‘lgan. 

Paxtakor tumani prokuraturasining qaroriga ko‘ra, fuqaro J.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. 

Oldinroq Xorazmda 81 tup daraxtni kesgan fermerga jinoyat ishi ochilgandi.

Mavzuga oid