Jahon | 14:01 / 20.02.2024
6454
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi: «LXR» rahbari 2023 yil dekabrida zaharlangan

Leonid Pasechnik fenol birikmalari bilan zaharlangan deb taxmin qilinyapti. Rossiya Mudofaa vazirligi zaharlanish ortida Ukraina qurolli kuchlari turganiga ishonyapti.

Foto: Global Look Press/Kremlin Pool

O‘zini «Luhansk xalq respublikasi» deb e’lon qilgan hudud «rahbari» Leonid Pasechnik 2023 yil dekabrida zaharlangani aytilmoqda. Bu haqda 19 fevral, dushanba kuni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari (RKBH) boshlig‘i Igor Kirillov Rossiya Mudofaa vazirligining brifingida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pasechnik fenol birikmalari bilan og‘ir zaharlangan. «Yuqori mansabdor shaxslarning zaharlanishi bilan bog‘liq boshqa holatlar ham bor, ular yuzasidan tergov davom etmoqda», — dedi Kirillov. «Zaharlashlar»da Ukraina qurolli kuchlari ishtirok etgani aytilmoqda.

2022 yilda Vladimir Saldoning «zaharlanishi»

Pasechnikdan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Xerson viloyati egallab olingan qismining Rossiya tomonidan tayinlangan «gubernatori» Vladimir Saldo ham zaharlangan. «Laboratoriya tekshiruvlari biotibbiyot namunalarida ritsin moddasi borligini ko‘rsatdi», dedi Kirillov.

Igor Kirillovning boshqa bayonotlari

Bundan tashqari, RKBH qo‘shinlari rahbari brifingda Ukraina armiyasi «Rossiya qo‘shinlarining oldinga siljishi paytida» sinil kislotasi va ammiak bilan konteynerlarni portlatmoqchi ekanligini aytdi. Bundan oldin u mamlakatda biologik qurollar yaratadigan maxfiy Amerika laboratoriyalari ishlayotganini, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar rus askarlarini chaqishi uchun bezgak bilan kasallangan chivinlarni front hududlariga yetkazishda dronlardan foydalanishni rejalashtirayotganini da’vo qilgan.

Mavzuga oid