Jahon | 12:29 / 20.02.2024
11470
27 daqiqa o‘qiladi

Saylovlar, zaharlanish va qamalish. Navalniyning hayoti suratlarda

Uning siyosatdagi umri qanday o‘tdi?

Navalniy Baykal ko‘lida. U Irkutskka prezidentlik kampaniyasi vaqtida saylovchilar bilan uchrashish uchun kelgandi. 2017 yil 4 noyabr
Yevgeniy Feldman

2024 yil 16 fevral kuni Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Siyosatchining safdoshlari va mustaqil sharhlovchilarning ko‘pchiligi u amalda o‘ldirilganini aytmoqda. «Meduza» moskvalik yosh aktivist va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi bloger bo‘lgan Navalniy qanday qilib Rossiya muxolifatining asosiy umidi hamda dunyodagi eng taniqli siyosiy mahbusga aylanganini esladi.

Aleksey Navalniy 2000-yillar boshidan jamoat faoli bo‘lgan. U «Yabloko» partiyasiga a’zo bo‘lib kirib, uning qoshida «Moskvaliklar muhofazasi qo‘mitasi»ni tuzgan, Moskva shahar dumasi uchun nomzodini qo‘ygan. 2007 yilda uni partiya ichkarisidagi kurash natijasida «Yabloko»dan chiqarib yuborishgan — «partiyaga siyosiy zarar yetkazgani, jumladan millatchilik faoliyati uchun». Navalniy «Narod» harakatiga asos solib, siyosiy debatlar olib boradi, muntazam ravishda «Russkiy marsh» tadbirlarida qatnashadi. Fotosurat 2006 yilda, «DA! — Demokraticheskaya Alternativa» harakatining Moskvadagi kasb-hunar texnikumi tijoriy qurilish uchun buzilishiga qarshi piket chog‘ida olingan.
Oleg Kozyrev / WIkimedia Commons
2009 yilda Navalniy bor e’tiborini korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratadi: u LiveJournal platformasida davlat xaridlariga taalluqli surishtiruvlarni e’lon qilib boradi. U amaldorlarning o‘g‘riliklarini fosh etish bilan shug‘ullanuvchi aktivistlarni jamlagan «Rospil» harakatini yo‘lga qo‘yadi. Mashhurlikka erishgan Navalniy muxolifat tarafdorlariga parlament saylovlarida «Yedinaya Rossiya»dan (u partiyani «qalloblar va o‘g‘rilar partiyasi» deb nomlagan) boshqa istalgan partiya uchun ovoz berishga chaqiradi. Saylov natijalariga ko‘ra, «Yedinaya Rossiya» qariyb 50 foiz ovoz oladi — bu yoppasiga soxtalashtirishlar haqidagi xabarlar fonidagi natija edi. Navalniyning keyingi chaqirig‘i bilan Chistiye prudidagi mitingga minglab kishilar keladi, bu o‘shanda ko‘p yillardan buyon birinchi yirik norozilik aksiyasi bo‘ladi. 2011 yil 5 dekabr
Gennadiy Gulyayev / Kommersant’
2011 yil 5 dekabrdagi miting Lubyanskaya maydonidagi Markaziy saylov komissiyasi binosi tomon stixiyali yurishga aylanib ketadi. Politsiya 300 dan ortiq faollarni, jumladan Navalniyni ham qo‘lga oladi. Uni dastlab 15 kun muddatga hibs qilishadi. 2011 yil 12 dekabrda olingan fotosuratda Navalniy (chapda) va qo‘lga olinganlardan yana biri kamera derazasidan tashqariga qaramoqda.
Yevgeniy Feldman
Navalniy hibsdaligi tufayli Bolotnaya maydonidagi «qishki namoyishlar»ning birinchi mitingida qatnasha olmaydi. Saxarov prospektidagi keyingi yirik namoyishga 100 mingga yaqin kishi yig‘iladi. Navalniy sahnadan turib yig‘ilganlar qarshisida shunday deydi: «Kremlni ham, Oq uyni ham hozirning o‘zida egallash uchun yetarlicha odam bor, ammo biz tinch odamlarmiz va bunday qilmaymiz… hozircha». Uning «Ha yoki yo‘q?!» naqorati bilan davom ettiriladigan nutqi memga aylanadi va zamonaviy Rossiyadagi eng mashhur siyosiy chiqishlardan biri bo‘ladi. 2011 yil 24 dekabr
Kirill Kudryavsev / AFP / Scanpix / LETA
«Qor inqilobi» barbod bo‘lib, Putin 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongach, kutilmaganda Astraxan namoyishlar markaziga aylanadi. Mahalliy siyosatchi Oleg Shein shahar merligi uchun nomzodini qo‘yadi va soxtalashtirishlar tufayli mag‘lub bo‘lgach, ochlik e’lon qiladi. Uning boshqa o‘nlab mahalliy faollar ham qo‘shilgan aksiyasining 30-kunida ularni qo‘llab-quvvatlash uchun Astraxanga Navalniydan tortib «Spravedlivaya Rossiya» yetakchisi Sergey Mironovgacha bo‘lgan moskvalik siyosatchilar tashrif buyurishadi. Aleksey shahar markazi bo‘ylab hukumat bilan kelishilmagan yurish o‘tkazadi, unda yetti ming kishi qatnashadi; keyin Shein ochlikni to‘xtatishga rozi bo‘ladi. Keyinroq u sudda yutqazadi, ammo saylovda g‘olib chiqqan «yedinoross» («Yedinaya Rossiya» vakili) ko‘p o‘tmay korrupsiya uchun qamaladi. 2012 yil 14 aprel
Yevgeniy Feldman
O‘sha to‘lqindagi so‘nggi aksiya 2012 yil 6 may kuni Putinning inauguratsiya marosimi arafasida o‘tkazilgan «Millionlar marshi» bo‘ladi. Moskva politsiyasi Kichik tosh ko‘prikdan Bolotnaya sohiliga o‘tish joyida marsh yo‘lini to‘sadi. O‘n minglab kishilar marshi boshida ketayotgan yetakchilar yerga o‘tirgan holda zabastovka boshlaydi. Politsiyachilar bilan to‘qnashuvlar boshlanadi. Kun oxiriga kelib kuchishlatar tuzilmalar ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atadi; u «Bolotnaya ishi» deb nom olgan.
Yevgeniy Feldman
«Millionlar marshi» tarqatib yuborilganidan keyin ham Moskvada namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida kurash davom etadi: aktivistlar inauguratsiya korteji marshrutiga imkon qadar yaqin borishga urinadi, kuchishlatar tuzilmalar xodimlari esa shahar ko‘chalarini tozalash va to‘sib qo‘yish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Navalniy va so‘l siyosatchi Sergey Udalsov «tomchi protest» formatini taklif etadi: imkon bor ko‘chalar va maydonlarda tinimsiz harakatlanib, tun-u kun aksiyalarni davom ettirish. O‘sha kunlarda Navalniyni bir necha bor ushlashadi — fotosuratda u TASS binosi oldida politsiya avtozakida o‘tirgani aks etgan. 2012 yil 8 may.
Yevgeniy Feldman
2012 yil may oyi oxirida kuchishlatar tuzilmalar xodimlari «Bolotaya ishi» doirasida 6 may kungi miting ishtirokchilarini qo‘lga olishni boshlaydi. 11 iyun kuni tergovchilar namoyish yetakchilari (yoki o‘sha vaqtda shunday deb ko‘rilganlar)ning kvartiralarida tintuv o‘tkazadi — Kseniya Sobchakdan tortib Boris Nemsovgacha. Fotosuratda Navalniyning kvartirasi tintuvdan keyin
Yevgeniy Feldman
2012 yil kuzida muxolifatchilar Muxolifat muvofiqlashtirish kengashi uchun saylovlar tashkil etadi, unda Navalniy 43 mingdan ortiq ovoz to‘plab, g‘olib chiqadi. Bu organ baribir effektli bo‘lmaydi va hurmat qozona olmaydi. Fotosuratda: Navalniy, Nemsov va jurnalist Oleg Kashin nomzodlarning televizion debati chog‘ida. 2012 yil 12 oktyabr
Yevgeniy Feldman
Navalniy 2012 yil 21 oktyabrda Lubyankadagi FSB binosidan Texnika tor ko‘chasidagi Tergov qo‘mitasi binosiga qadar cho‘zilgan «piketlar zanjiri» vaqtida. Aksiya rossiyalik muxolifatchi Leonid Razvozjayev Kiyevda qo‘lga olinganidan keyin rejalashtirilgan va anons qilingandi. Uni Rossiyaga olib kelishadi va tergov izolyatoriga joylashtirishadi — sud majlisi vaqtida Razvozjayev o‘zini qiynoqqa solishgani haqida aytishga ulguradi. Keyinroq u to‘rt yarim yil muddatga qamaladi
Yevgeniy Feldman
Aleksey va Yuliya Navalniylar 2013 yil 6 may kuni «Bolotnaya ishi» bo‘yicha qamalgan siyosiy mahbuslarni qo‘llash uchun o‘tkazilgan mitingda. Foto: Yevgeniy Feldman
Navalniy umumtomonidan qabul qilingan muxolifat yetakchisiga aylanganida, Tergov qo‘mitasi unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atishga kirishadi. Bunday ishlardan birinchisi 2013 yil o‘rtalarida sudga yetib boradi: Navalniy va biznesmen Pyotr Ofitserovni «Kirovles» davlat korxonasi mulkini o‘g‘irlashda ayblashadi. Ish oddiy tadbirkorlik faoliyatini aks ettiradi: Ofitserov «Kirovles»dan yog‘och sotib olgan, xaridor izlagan va qimmatroqqa sotgan; Navalniy ixtiyoriy ravishda Kirov gubernatori maslahatchisi bo‘lgan va hech qanday rasmiy vakolatlarga ega bo‘lmagan. To‘rt farzand otasi bo‘lgan Ofitserov Navalniyga qarshi ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. Ularning ikkisi ham aybdor deb topilgan hamda mos ravishda to‘rt va besh yilga hukm qilingan. 2013 yil 18 iyulda hukm e’lon qilingach, ularni qo‘riqchilar olib ketadi.
Yevgeniy Feldman
2013 yil yozida Moskvada merlik kampaniyasi bo‘lib o‘tadi, Navalniy qayta saylanish uchun nomzodini qo‘ygan Sergey Sobyaninga raqobat ko‘rsatadi. «Kirovles» ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingach, 18 iyul kuni muxolifatchining shtabi kampaniyani to‘xtatishi va boykot uchun tashviqot boshlashini e’lon qiladi. Moskvada hokimiyat bilan kelishilmagan norozilik aksiyalari boshlanadi. Bir necha soat o‘tib prokurorlar kutilmaganda suddan Navalniy va Ofitserovni ularning apellyatsiyalari ko‘rib chiqilguniga qadar ozod qilishni talab etadi. 2013 yil 19 iyul kuni Navalniy va Ofitserov Kirov oblasti sudi zalida ozod qilinadi.
Yevgeniy Feldman
Moskvadagi Yaroslavskiy vokzalida Navalniylar va Ofitserovlar yuzlab tarafdorlar tomonidan kutib olinadi. 2013 yil 20 iyul
Grigoriy Dukor / Reuters / Scanpix / LETA
Mer saylovlari 8 sentabrga belgilangandi, Navalniy butun yoz bo‘yi kampaniya olib boradi: kichik to‘lovlar hisobiga xayriya mablag‘lari yig‘adi, minglab ko‘ngillilarni butun shahar bo‘ylab piketlarga yuboradi va o‘nlab mitinglarda chiqishlar qiladi. Ulardan aksari avtograf-sessiyaga aylanib ketardi. 2013 yil 21 avgust
Yevgeniy Feldman
Mer saylovlarida Navalniyga 632 ming saylovchi ovoz beradi (27,2 foiz). Sobyanin 51,37 foiz ovoz qo‘lga kiritib, katta qiyinchilik bilan ikkinchi turdan qutulib qoladi. Navalniyning shtabi ko‘p miqdordagi qoidabuzarliklarni qayd etadi, ammo saylovdan keyingi mitingda siyosatchi tarafdorlarini ko‘chalarda norozilik aksiyalari uyushtirishga chaqirmaydi. 2013 yil 9 sentabr
Yevgeniy Feldman
Navalniyga qarshi ikkinchi ish — «Iv Roshe ishi» — 2014 yil oxirida sudga oshiriladi. Bu vaqtga kelib siyosatchi qariyb bir yil mobaynida uy qamog‘ida edi (xuddi shu ish bo‘yicha). Ayblov tomoni talqiniga ko‘ra, u ukasi Oleg Navalniy bilan birgalikda korxona tashkil etib, kosmetika mahsulotlarini oshirilgan narxlarda olib kirgan. Oleg bu oddiy tadbirkorlik faoliyati ekanini aytgan, Aleksey esa — bu biznesga aloqasini rad etgan. Yakunda Zamoskvoretskiy sudi qo‘llash mumkin bo‘lgan eng qattiq hukmni chiqargan: Aleksey shartli jazo olgan, Olegni uch yarim yil muddatga koloniyaga yuborishgan. 2014 yil 30 dekabr
Yevgeniy Feldman
Avvaliga «Iv Roshe ishi» bo‘yicha hukm 2015 yil 15 yanvar kuniga rejalashtirilgandi, Navalniyning tarafdorlari Manejnaya maydonida yirik kelishilmagan norozilik aksiyasi e’lon qiladi. Hukumat avvaliga internetda mitingga chorlovlarni bloklay boshlaydi — keyin esa sud majlisini 30 dekabrga qoldiradi. Navalniy uy qamog‘ida ekaniga qaramay, Moskva markaziga keladi, ammo yangi yil arafasidagi yo‘l-yo‘lakay tashkil etilgan aksiyada faqat bir necha yuz kishi ishtirok etadi.
Yevgeniy Feldman
2015 yil yozida Navalniy Mixail Kasyanovning «Parnas» va Mixail Xodorkovskiyning «Otkritaya Rossiya» tashkilotlari  bilan yangi muxolifat koalitsiyasi tuzishga harakat qiladi. Uning birinchi maqsadi Rossiyaning bir qancha regionlaridagi parlament saylovlarida ustun kelish edi — ammo yakunda muxolifatchilar ro‘yxati saylovlarga bir necha hafta qolganida faqat Kostromskaya oblastida byulletenga kiritiladi. Navalniy regionda bir necha mitinglar o‘tkazadi, ammo muxolifat 2 foizdan ortiqroq ovoz olib, muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 2015 yil 4 sentabrda olingan fotosuratda Aleksey Navalniy va uning safdoshi Leonid Volkov yo‘l yoqasidagi blinxonada (blin pishirib sotiladigan yemakxona) shtab ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
Yevgeniy Feldman
Boris Nemsov 2015 yil fevralida o‘ldirilgach va Kostromadagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin muxolifat ilk bor Moskva chekkasida, Marinoda miting o‘tkazishga kelishadi. Navalniy sahnadan turib sabr haqida gapiradi: «Biz ozchilik bo‘lishimiz mumkin, ammo farzandlarimiz va nabiralarimiz bizni o‘rnak qilib ko‘rsatishadi!» 2015 yil 20 sentabr
Yevgeniy Feldman
Bu vaqt ichida hukumat Navalniyning tuzilmalariga bosimni kuchaytiradi. 2015 yil 16 yanvarda Alekseyni uydan chiqishda ushlab, so‘roq qilish uchun olib ketishadi — Korrupsiyaga qarshi kurashish fondida esa tintuv boshlanib, barcha texnikalar olib qo‘yiladi. Bunga «fond rahbarlari va xodimlarining xayriya mablag‘larini sarflashdagi noqonuniy xatti-harakatlari» sabab sifatida keltirilgan.
Yevgeniy Feldman
2016 yil noyabrda Navalniy 2018 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzodini ilgari surishini e’lon qiladi. Bunga Yevropa inson huquqlari bo‘yicha sudi «Kirovles» ishi bo‘yicha hukmni bekor qilgan qarori sababchi bo‘ladi — bu qaror tufayli Aleksey passiv saylov huquqidan mahrum bo‘ladi. Hukumat esa shoshilinch tarzda xuddi shu ayblovlar bo‘yicha yangi sud jarayonini boshlaydi. Suratda Aleksey Navalniy va Petr Ofitserov Kirovda, 2016 yil 5 dekabr
Yevgeniy Feldman
Kirovdagi navbatdagi ayblov hukmiga qaramay, Navalniy 2017 yil fevralida prezidentlik kampaniyasining birinchi bosqichini boshlaydi — mamlakat bo‘ylab safarlarni. 4 fevral kuni u Sankt-Peterburgda birinchi shtabni ochadi
Yevgeniy Feldman
Aleksey va Yuliya Navalniylar Yekaterinburgdagi saylovoldi shtabida ko‘ngillilar bilan uchrashuv oldidan. 2017 yil 25 fevral
Yevgeniy Feldman
Navalniy va uning safdoshlarini muntazam ravishda provokatorlar ta’qib etishgan. Ufadagi temiryo‘l vokzalida yoshlar guruhi siyosatchiga qarata tuxum uloqtiradi, Volgogradda esa uni kaltaklashga harakat qilishadi. Ko‘p hollarda politsiya xodimlari provokatorlarga to‘sqinlik qilmasdi. Ufa, 2017 yil 5 mart
Yevgeniy Feldman
2017 yil 27 aprel kuni Moskvada Aleksey Navalniyning yuziga zelenka sepib ketishadi — bu uning saylovoldi kampaniyasi davrida ikkinchi shunday holat edi — va ko‘ziga jiddiy shikast yetkaziladi. Navalniy bu hujum Rossiya prezidenti administratsiyasi tomonidan uyushtirilganini aytadi. Hujum qilganlardan biri SERB «vatanparvarlik» radikal harakati aktivisti ekani ma’lum bo‘ladi.
Yevgeniy Feldman
2017 yil mart oyi boshida Navalniy bosh vazir Dmitriy Medvedev tomonidan korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani borasida shov-shuvli surishtiruvni e’lon qiladi. «On vam ne Dimon» («U sizga Dimon emas») sarlavhali video 46 million marta ko‘rilgan. Shtabda kampaniyaning kelgusi strategiyasi bo‘yicha bahs boradi va Navalniy tarafdorlarini Rossiya bo‘ylab norozilik aksiyalari o‘tkazishga ko‘ndiradi. Bu namoyishlarga yuz mingdan ortiq kishilar chiqadi — asosan yoshlar. Navalniy Moskvadagi kelishilmagan miting vaqtida Tver ko‘chasida ushlanadi, namoyishchilar avtomobillar bilan avtozakka boruvchi yo‘lni to‘sishga harakat qiladi. 2017 yil 26 mart
Yevgeniy Feldman
Politsiyachilar Navalniylar oilasini Moskvada renovatsiyaga qarshi o‘tkazilgan mitingdan olib ketmoqda. 2017 yil 14 may
Yevgeniy Feldman
Doimiy hibslar, hujumlar va ma’muriy bosimlarga qaramay, Navalniyning kampaniyasi diqqat markazida turadi — hududlarda ko‘ngillilar bilan uchrashuvlarga yuzlab kishilar yig‘iladi. Ijyevsk, 2017 yil 10 iyun
Yevgeniy Feldman
Navalniy tashviqot poyezdidagi chiqishlar oralig‘ida Tverdagi vokzalda. 2017 yil 29 may
Yevgeniy Feldman
Navalniy omma oldida ovqatlana olmasdi va chiqishlardan keyin qattiq och qolardi. Suratda Regional shtablar koordinatorlari konferensiyasidagi asosiy nutqdan keyin Navalniy tarafdorlaridan biri bergan «Doshirak»ni tanvoul qilmoqda. 2017 yil 29 avgust
Yevgeniy Feldman
2017 yil kuzida Navalniyning shtabi minglab kishilar yig‘iladigan ommaviy mitinglar o‘tkazishni boshlaydi — ko‘pincha bunday namoyishlar shaharlar tarixidagi eng yirik norozilik namoyishlariga aylanadi. Xabarovsk, 2017 yil 24 sentabr
Yevgeniy Feldman
Navalniy har bir shaharda mitinglardan oldin ko‘ngillilar taklif qilgan biror joyga borishga harakat qilardi. Arxangelskda u yog‘och baraklardan iborat turar joy hududiga tashrif buyurgan. 2017 yil 1 noyabr
Yevgeniy Feldman
Kuz o‘rtalarida hukumat butun mamlakat bo‘ylab faollar har hafta yuzlab murojaatlar yo‘llashiga qaramay, Navalniyning shtabiga mitinglar o‘tkazishga rad javobi bera boshlaydi. Samaradagi aksiyaga «qorin raqsi bo‘yicha chempionat» o‘tkazish bahonasida to‘sqinlik qiladi. Maydondagi miting musiqa sadolari ostida bosilib ketishi ko‘zlangandi, ammo Navalniy kolonkalardan shnurlarni sug‘urib oladi va ulardan birining ustiga chiqib nutq so‘zlaydi. 2017 yil 3 dekabr
Yevgeniy Feldman
Navalniyning shtabi o‘z nomzodi mashhurlashishi uchun barcha ishni qiladi, bu orqali Markaziy saylov komissiyasi uni saylovlarga nomzod sifatida ro‘yxatga olishidan umid qilingandi («Kirovles» ishi bo‘yicha hukmga qaramay). Rasmiylar Navalniyni hujjatlar topshirilganidan keyingi kuniyoq chaqirishadi — u rad etilishi muqarrarligiga qaramay yig‘ilishga boradi. 2017 yil 25 dekabr
Yevgeniy Feldman
2018 yil yozida Oleg Navalniy koloniyadan chiqadi. Aleksey uni kutib olish uchun borgandi. 2018 yil 29 iyun
Vaciliy Maksimov / AFP / Scanpix / LETA
Politsiyachilar Aleksey Navalniyni «Meduza» jurnalisti Ivan Golunovni qo‘llash uchun o‘tkazilgan mitingda qo‘lga olmqoda. 2019 yil 12 iyun.
Maksim Shemetov / Reuters / Scanpix / LETA
2019 yilda Navalniy va uning tarafdorlari Moskva shahar dumasi uchun saylovlarda g‘olib bo‘lishga harakat qiladi. Ammo mustaqil nomzodlarni ro‘yxatga olish rad etiladi, namoyishlar esa kuch bilan tarqatiladi — lekin bu faqat kampaniyaga e’tibor kuchayishiga olib keladi. Navalniy «Aqlli ovoz berish»ni taklif etadi — bu strategiya muxolifatchi faollar «Yedinaya Rossiya»dan bo‘lmagan eng kuchli nomzodni qo‘llashi nazarda tutilgandi. Yakunda «Yedinaya Rossiya» poytaxt parlamentida katta qiyinchilik bilan ko‘pchilik o‘rinni egallaydi, norozilik aksiyalari esa «Moskva ishi» va o‘nlab namoyishchilarga jinoiy ish ochilishi bilan yakunlanadi
Sefa Karacan / Anadolu Agency / Getty Images
Hukumat Navalniy va uning safdoshlarini tobora ko‘proq ma’muriy hibsga ola boshlaydi; ba’zida bir vaqtning o‘zida Korrupsiyaga qarshi kurashish fondining o‘nlab shaharlaridagi yuzlab binolarida o‘tkaziladi. 2019 yil 26 dekabrda kuchishlatar tuzilmalar yana fondning Moskvadagi ofisiga keladi — sud qarori mavjudligiga qaramay, Medvedev to‘g‘risidagi surishtiruvni o‘chirishdan bosh tortganlik uchun ochilgan jinoiy ish bo‘yicha.
Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA
Navalniy Boris Nemsov uchun xotira marshi o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishadi. 2020 yilda aksiya 29 fevral kuni, pandemiya boshlanishi arafasida bo‘lib o‘tadi va bu so‘nggi yillarda Moskvada hukumat bilan kelishilgan so‘nggi miting bo‘lib qoldi — va Navalniy ishtirokidagi so‘nggi miting.
Yuriy Martyanov / Kommersant / SIPA USA / Vida Press
2020 yil yozida Aleksey Navalniy Sibir bo‘ylab tashviqot turnesiga yo‘l oladi: siyosatchi kuzgi hududiy saylovlar uchun «Aqlli ovoz berish» texnologiyasini tayyorlagandi. U Tomskdan Moskvaga uchayotganida o‘zini yomon his qiladi; Omskda favqulodda qo‘nishdan keyin u jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi. 2020 yil 22 avgust
Aleksey Malgavko / Reuters / Scanpix / LETA
Ikki kun o‘tib Rossiya hukumati va tibbiyot xodimlari Navalniyning oilasi talabi bilan uni davolanish uchun Germaniyaga olib ketishga ruxsat beradi. Yevropalik kimyogarlar uning tahlillarida «Novichok» zahrini aniqlashadi — keyinroq o‘tkazilgan tekshiruvlar siyosatchi FXX xodimlari tomonidan zaharlanganini tasdiqlaydi.
Aleksey Navalniyning matbuot xizmati / AP / Scanpix / LETA
Navalniy ikki haftadan keyin komadan chiqadi. 2020 yil 15 sentabr kuni uning oilasi hospitalda olingan ilk kadrni namoyish etadi
@navalny / Instagram / AFP / Scanpix / LETA
2020 yil dekabr oyi oxirida Navalniy o‘zini zaharlagan jamoa a’zosi bilan telefon muloqoti videoyozuvini e’lon qiladi. Bu vaqtga kelib siyosatchi Germaniyadagi reabilitatsiya jarayonining uchinchi oyini o‘tayotgandi; Rossiya hukumati uning da’volanishini — «Iv Roshe» ishi bo‘yicha qamalishdan qochishga yo‘yadi. Hibsga olinishi xavfiga qaramay, 2021 yil yanvarida Navalniy tez orada Rossiyaga uchishini e’lon qiladi. Keyinroq u qaytish-qaytmaslik borasida ikkilanish bo‘lmagani, emigratsiyada hayot kechirishni tasavvur ham qila olmaganini bildirgandi. Aleksey Navalniy «Pobeda» aviakompaniyasi samolyotida, 2021 yil 17 yanvar
Kirill Kudryavsev / AFP / Scanpix / LETA
Navalniy aeroport hududidayoq ushlangan, Ximkidagi politsiya bo‘limida o‘tkazilgan sud jarayonidan keyin esa hibsga olingan va tergov izolyatoriga yuborilgandi. Hibsdan keyingi kun Navalniy jamoasi Putinning saroyi to‘g‘risidagi surishtiruvni e’lon qiladi.
Yevgeniy Feldman / «Meduza»
2021 yil 2 fevral kuni Moskvadagi Simonovskiy sudi Aleksey Navalniyning «Iv Roshe» ishi bo‘yicha muhlatni shartlidan realga almashtiradi. Bu hukmga ko‘ra, siyosatchi ikki yil-u sakkiz oyni koloniyada o‘tkazishi kerak edi. Bu fotoda Navalniy rafiqasiga salom yo‘llayotgani aks etgan.
Moskva shahar sudi matbuot xizmati / AFP / Scanpix / LETA
Shundan keyin Navalniy jamoatchilikka faqat sud majlislarida videoaloqa orqali ishtirok etish vaqtida ko‘rinish berdi. Xususan, 2021 yil 28 dekabrda Kovrovdagi sud uning koloniyada ekstremizmga moyil sifatida hisobga olishgani yuzasidan shikoyatini ko‘rib chiqqandi. Bunday eshituvlarning barchasida Jazoni ijro etish federal boshqarmasi foydasiga qaror qabul qilinadi.
Yevgeniy Feldman / «Meduza»
2022 yil fevralida Navalniyga qarshi yangi sud jarayoni boshlanadi, bu ish to‘g‘ridan to‘g‘ri koloniyaning o‘zida o‘tkaziladi. Siyosatchini «sudga hurmatsizlik qilish» va «firibgarlik»da ayblashadi — va to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etishadi. Aleksey va Yuliya Navalniylar 15 fevral kungi sud majlisidan videotranslatsiyada.
Yuriy Kochetkov / EPA / Scanpix / LETA
Navalniy saqlangan koloniyalar xodimlari doimiy ravishda uni jazo izolyatoriga (ShIZO) yuborish uchun bahonalar o‘ylab topardi — bu qamoqda saqlashning o‘ta qattiq sharoitlari amal qiladigan bir kishilik kamera (muntazam ravishda jazo izolyatorlariga o‘tkazish — amalda qiynoqqa solish edi). Oleg Navalniy ShIZO nusxasini yaratadi va uni Yevropaning turli shaharlarida namoyish etib, bu vaziyatga e’tibor qaratishga harakat qiladi. Berlin, 2023 yil 15 fevral
Yevgeniy Feldman / «Meduza»
Og‘ir zaharlanishdan endigina o‘ziga kelganidan keyin qamoqqa tushgan Navalniyning sog‘ligi shifokorlarning qattiq xavotiriga sabab bo‘lgandi — ular bir necha bor mamlakat rahbariyatiga siyosatchini kamsitishni bas qilish talabi bilan murojaat qilgandi. Navalniyga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish rad etilgandi, 2023 yil dekabrida esa siyosatchi abadiy muzliklar hududidagi «Polyarniy volk» koloniyasiga o‘tkazilgandi. Karantindan keyin Navalniy darhol yana jazo izolyatoriga (ShIZO) yuboriladi — u izolyatorlarda jami 295 kun o‘tkazgan.
Reuters / Scanpix / LETA
2024 yil yanvar oyi boshida RF oliy sudi Navalniyning kitoblar soniga va oziq-ovqat qabul qilish vaqtiga cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha da’vosini rad etgandi. 11 yanvar kuni Navalniy sud majlisida videoaloqa orqali qatnashdi. Bu uning so‘nggi fotosuratlaridan biri bo‘lib qoldi.
Maksim Shemetov / Reuters / Scanpix / LETA

Mavzuga oid