O‘zbekiston | 14:46 / 24.02.2024
10265
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan:

  • baliq ovlash bilan shug‘ullanuvchilarning huquq va majburiyatlari;
  • sport-ishqibozlik turidagi va sanoat usulida baliq ovlash;
  • noqonuniy baliq ovlash oqibatida yetkazilgan zararlarni hisoblash;
  • noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlagan baliqchilik xo‘jaliklari hamda vakolatli shaxsga pul mukofoti berish tartibi va boshqa qoidalar belgilanmoqda. 

Quyidagi muddatlarda baliq ovlash taqiqlanadi:

  • 11 martdan 31 mayga qadar – Amudaryo va Sirdaryoda;
  • 26 apreldan 10 iyunga qadar – Qoraqalpog‘istondagi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida;
  • 16 apreldan 31 mayga qadar – boshqa suv havzalarida.

Sportchi-ishqibozlarga sutkasiga 5 kg dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda baliq (yoki belgilangan vazndan oshganda 1 ta baliq) ovlashga ruxsat beriladi. Boshqa hollarda suv havzalariga biriktirilgan sub’yektlar bilan kelishilgan holda yoki to‘lov asosida baliqchilik xo‘jaliklarining yo‘nalishlari bo‘yicha baliq ovlashga ruxsat beriladi.

Baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan noqonuniy baliq ovlash faktlarini aniqlaganda, undirilgan zarar miqdorining 15 foizi xo‘jalikning hisobiga yo‘naltiriladi.

Noqonuniy baliq ovlashni bevosita aniqlagan va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan vakolatli shaxs yetkazilgan zarar miqdorining 15 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.

Mavzuga oid