Jamiyat | 16:57 / 25.02.2024
28165
6 daqiqa o‘qiladi

Rektor sig‘magani uchun kesilgan panjara, “Azroildan qo‘ng‘iroq” – “Talaba kundaligi”

Rektor sig‘magani uchun kesib, darrov payvandlab qo‘yilgan panjara, kursdoshining telefoniga o‘zini “Azroil” deb saqlab qo‘ygan yigit va dugonasi deb o‘ylab, begona yigitni imtihonga olib kirgan talaba qiz hikoyalari bilan “Talaba kundaligi”ning bugungi sonida tanishishingiz mumkin.

1-hikoya. Rektor sig‘magan panjara

2017 yil Toshkentning Sayilgoh ko‘chasida 8 tonnali osh damlangandi. O‘shanda biz 1-bosqichda o‘qirdik. Yordamga, yugur-yugurga deb yotoqxonada turadigan talabalarni ham yig‘ib yurishgandi. Ular qatoriga bizni ham qo‘shib olib ketishdi. Borsak, ko‘p vazirlar, rektorlar, xullas, davlatning yuqori lavozimida ishlaydiganlar rahbarlari bir yerga to‘planishgan. Bizni rektorlar yig‘ilgan joyga olib borishdi, stol-stullar tushirishga qarashdik. Shunda bir qiziq voqea bo‘ldi. O‘shanda Amir Temur xiyobonining osh qilinadigan hududlari panjara bilan o‘rab olingan edi. Panjaraning ochiq joyigacha ancha masofa bo‘lgani uchun, rektorlar panjaradan sakrab o‘tishlariga to‘g‘ri keldi.

Shunda bir ozg‘inroq rektor panjaradan sakrab, biz tomonga o‘tdi. Keyingi rektor semizroq bo‘lgani uchun o‘zini ko‘tarib sakrolmadi. G‘alati va noqulay vaziyat yuzaga keldi. Biz oxiri nima bo‘larkin deb kulib kuzatib turibmiz. Shu payt bir xodim qo‘lida “bolgarka” ko‘tarib kelib qoldi. Panjaralarni kesib, rektor sig‘adigan joy ochdi. Rektor biz tomonga o‘tib olgach, panjarani yana qayta birpasda payvandlab tashlashdi. Og‘zimiz ochilib qoldi. Shu voqeani ko‘rib, istak bo‘lsa, har qanaqa muammoni shunchalik tez hal qilish mumkin ekan-da, deb o‘ylaganmiz.

2-hikoya. Begona yigitning qo‘lini ushlab olgan qiz

Guliston davlat universitetida o‘qiganman. Birinchi bosqichdagi ilk sessiyalarimizdan biri edi. Hayajon kuchli. Qolaversa, imtihon uchun sportzalda kompyuterlar joylashtirilgan. Hamma imtihonlar shu yerda o‘tkazilar edi. Guruhlar fan o‘qituvchilari bilan borishar va qachon navbat kelsa, imtihon boshlanardi. Talabalar bir-biridan yordam ololmasligi uchun guruhlar aralashtirib, sportzal bo‘ylab tarqatib chiqilgandi. Biz ham dugonam bilan sportzal oldida kompyuterlar bo‘shashini kutayotgandik. Navbatda ko‘pchilik turibdi. Shularni yorib o‘tib, tezroq testni yechib, uyga ketishimiz kerak edi. Chunki bir kun oldin rosa navbat kutib, kechqurungacha qolib ketgandik. Testdan bir nechta talaba chiqdi. O‘rniga darrov biz kirishga harakat qildik. Tezroq kiraylik deb dugonamning qo‘lini ushladim-da, uni tortib bir amallab sportzalga kirib oldik. Kirib bo‘lgach, dugonamning qo‘li boshqacharoq ekanini his qildim. Qarasam, bir gavdali bolaning qo‘lini ushlab turibman. U menga qarab kulib turibdi. Dugonam zal eshigi yonida qolib ketgan. Haligi bolaning kursdoshlari ham eshik yonida ekan, kulib yuborishdi. Shundan keyin universitetda o‘sha bola bilan to‘qnash kelib qolsak, kulgi ko‘tariladigan bo‘ldi. U bola ham “qandaysiz dugon?” deb o‘tardi. Kursdoshlarim ham 4 yil ustimdan kulib yurishgan.

3-hikoya. Azroildan qo‘ng‘iroq

Bu voqea talabalikda emas, abituriyentlikda sodir bo‘lgan. Litseyda o‘qir edim, guruhimiz rosa inoq edi, kunimiz mayda-chuyda hazil-huzullar, yakshanba kunlari esa futbol bilan o‘tardi. Rosti o‘zi sho‘x bola emasman, ammo ba’zida hazillar qilib turgim kelardi. Madina (shartli ism) ismli kursdoshim bor edi. Juda odobli, sodda qiz edi. Bir kuni matematikadan to‘plam masalalarini yechayotganimda kalkulyator kerak bo‘lib qoldi. Madinadan telefonini so‘rab turdim. Masalani hisoblab, telefonini berishdan oldin hazillashgim kelib qoldi. Kontaktlar ro‘yxatiga kirib, o‘zimni izladim, Shohrux (shartli ism) kursdosh deb yozilgan ekan. Ismimni o‘chirdim-da, o‘rniga katta xarflar bilan AZROIL deb yozib, hech narsa bo‘lmagandek telefonini qaytarib berdim. Shu bilan darslar tugadi, hamma uyiga ketdi.

Keyin bugun qilgan ishimni oxiriga yetkazib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Madinaga qo‘ng‘iroq qildim. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilsam ham ko‘tarmayapti. Yana qildim, oxirgi qo‘ng‘iroqda go‘shakni ko‘tarib, gapirolmay turdi. Kim ekan bu AZROIL deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Men ham gapirmay turdim. Ozroqdan keyin ovozimni chiqarib, o‘zimni tanishtirdim. “Voy, sizmisiz, yuragim yorilishiga oz qoldi”, dedi Madina. Ertasi kuni kelib voqeani kursdoshlarimizga ham aytib berdi. O‘zi ham eslab rosa kulgandi.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uzʼning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid