Jamiyat | 16:31 / 07.03.2024
49630
4 daqiqa o‘qiladi

Boysunda erkak ayolini o‘ldirib, soylikka ko‘mib yubordi

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida o‘qituvchi erkak o‘zining 34 yoshli xotinini o‘ldirib, soylikka ko‘mib yuborgan. Qotillikda gumonlanayotgan shaxs viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasi ekani aytilmoqda.

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Boysun tumanida 34 yoshli fuqaro Feruza Toshpo‘latovaning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.

Ayolning otasi Shapoat Rahmonovning bildirishicha, 1990 yilda tug‘ilgan qizi Feruza Toshpo‘latova 2009 yilda Boysun tumani Dashtig‘oz mahallasida yashovchi Amirov Qahramon Xurramovichga turmushga chiqqan. Er-xotin 2024 yil yanvar oyigacha birga yashashgan. Ularning 3 farzandi bo‘lgan.

2024 yil 6 fevral kuni o‘z otasining uyida bo‘lgan Feruza Toshpo‘latovaga turmush o‘rtog‘i Qahramon Amirov qo‘ng‘iroq qilib, u bilan uchrashmoqchi ekanini aytgan. Ayol uydan chiqib, turmush o‘rtog‘ining mashinasiga minib ketgan. So‘ngra uning daragi bo‘lavermagach, 10 kunlar o‘tib, yaqinlari IIBga xabar bergan. Ammo ayol hech qayerdan topilmagan.

1 mart kuni Feruza Toshpo‘latovaning jasadi hududdagi jarlikdan topilgan.

“Qizimni jarlikka tashlab, ustidan 2 mashina tuproq bilan bostirishibdi. Qizimning turmush o‘rtog‘i Amirov Qahramon Xurramovichning akasi Amirov Alisher Xurramovich Surxondaryo viloyati hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. Shu sababdan guvohlar voqea qanday bo‘lganini aytishga qo‘rqishmoqda”, degan Shapoat Rahmonov.

Ayolning otasi marhumaning qaynotasi u bilan qasdlashgani, bir necha marta unga o‘ldirish bilan tahdid qilgani, qizining o‘limi butun boshli oila tomonidan uyushtirilganini iddao qilgan.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, er-xotin o‘rtasida oldindan oilaviy nizo bo‘lgan, shu sababli ayol ma’lum muddat Bandixon tumanidagi Obikor mahallasida akasining uyida yashab kelgan.

Bandixon tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv va tezkor qidiruv tarbirlari davomida aniqlanishicha, Qahramon Amirov Feruza Toshpo‘latova bilan o‘zaro munosabatlarni tiklash maqsadida uni Boysun tumani, Dashtig‘oz mahallasidagi yashash xonadoniga olib ketayotganda mashina ichida tortishib qolgan, janjal davomida o‘zlari harakatlanib ketishayotgan Nexia mashinasidagi otvyorka bilan ayolining ko‘krak qafasiga bir necha marotaba sanchib olgan, so‘ngra murdani soylikka tashlab, ko‘mib yuborgan.

Tuman prokuraturasi holat yuzasidan 1 mart kuni Qahramon Amirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hokimining qurilish masalalari o‘rinbosari lavozimida 2023 yilning oktyabr oyidan buyon Amirov Alisher Xurramovich ishlab kelmoqda. U Amirov Qahramon Xurramovich tomonidan jinoyat sodir etilgan tuman – Boysunda tug‘ilgan.

Mavzuga oid