O‘zbekiston | 08:55 / 16.03.2024
25433
5 daqiqa o‘qiladi

Akmal Ikromov – istiqlol g‘oyasidan kommunistik O‘zbekiston rahbarligigacha

Bundan 86 yil oldin, 1938 yil mart oyi o‘rtalarida O‘zbekistonning birinchi rahbarlaridan bo‘lgan Akmal Ikromov (kompartiya rahbari) va Fayzulla Xo‘jayev (hukumat rahbari) davlatga xiyonatda ayblanib otib tashlangan edi. Kun.uz avvalroq Fayzulla Xo‘jayev haqida material tayyorlagan, bugun esa Akmal Ikromov haqida ma’lumot berib o‘tadi.

1937-1938 yillarda SSSRda keyinchalik “katta terror” deb nomlangan keng ko‘lamli qatag‘on operatsiyasi amalga oshiriladi. “Xalqlar qotili” Stalinning bu shafqatsiz kampaniyasi sabab turli bo‘hton va tuhmatlar bilan 2 millionga yaqin odam hibsga olinadi, 700 mingdan oshiq kishi otib tashlanadi.

Ittifoq bo‘ylab qatag‘on qilinuvchi insonlar ro‘yxatini Ichki ishlar xalq komissarligi, ya’ni NKVDning maxsus uchligi shakllantirgan. Troyka tarkibiga respublikalardagi ichki ishlar xalq komissari, prokurori va kommunistik partiya birinchi kotibi kirgan. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston SSR troykasida kompartiya rahbari sifatida Akmal Ikromov ham o‘rin olgan va yuzlab insonlarning qatag‘on qilinishiga bevosita jalb etilgan.

Akmal Ikromov 1898 yilda Toshkentning O‘qchi mahallasida, maktabdor oilasida tug‘ilgan. 14 kishidan iborat katta oilada ko‘p moddiy qiyinchiliklar bo‘lganiga qaramay, otasi Ikrom domlaning maktabida yaxshi ta’lim olishga erishgan. Fors va arab tillarini puxta o‘rganib, sharq mumtoz adabiyoti bilan yaqindan tanishgan. 19 yoshligida bo‘lajak siyosatchining onasi, keyinroq esa otasi ham og‘ir kasallik tufayli vafot etadi.

Akmal Ikromov yoshligida qurilishda ishlagan vaqti rus ishchilari bilan tanishib, ularning sotsialistik g‘oyalariga qiziqa boshlagan. 1917 yilda Toshkentdagi pedagogika kurslarida o‘qiy boshlagan paytdan e’tiboran bolsheviklar bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan, 1918 yilda kommunistik partiyaga a’zo bo‘lgan. Faoliyatining boshida Namangan, Farg‘ona va Sirdaryoda turli lavozimlarda ishlaydi va 1921 yilga kelib, 23 yoshida Turkiston Kommunistik partiyasi Markaziy komitetining mas’ul kotibi etib tayinlanadi.

Ikromov 1922-1924 yillarda Moskvada Sverdlov nomidagi kommunistik universitetda ta’lim olgan va kommunizm g‘oyasiga sodiq qolgan. U Stalinning avtonomlashtirish g‘oyasiga, ya’ni ittifoqqa a’zo respublikalarni yuridik jihatdan ham Rossiyaga to‘liq qo‘shib yuborishga qarshi chiqqan va o‘z fikrlarini ochiq-oydin bildirishdan qo‘rqmagan. Moskvada o‘qigan yillari uning siyosiy faoliyatiga katta ta’sir qilgan. 1924 yilda milliy chegaralar belgilanganidan keyin Toshkent viloyati kompartiyasi, keyinchalik respublika kompartiyasi kotibi sifatida ishlagan. 1929 yilga kelib, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Kommunistik partiyasi markaziy komitetining birinchi kotibi etib tayinlanadi.

Ikromovning 7,5 yil davom etgan rahbarlik davrida SSSRning O‘zbekistondagi birlamchi siyosati agrar va madaniy sohalarga qaratilgan. Bu davrda yer-suv islohoti o‘tkazilgan, kolxozlar tashkil etilgan. Akmal Ikromov O‘zbekistonning asosiy paxta yetkazib beruvchi respublika maqomini olishida ayniqsa katta rol o‘ynagan. Xususan, paxtachilikka doir maqolalar, ilmiy asarlar yozgan. Matbuotda turkiylik va istibdod haqida fikrlar paydo bo‘lib qolganida esa, mualliflarni millatchilikda ayblab, bu g‘oyalarga qarshi chiqqan.

1937 yil avgustda, Stalinning “katta terrori” boshlangan vaqtda Akmal Ikromov lavozimi taqozosi bilan troyka tarkibiga kiritilgan. Qisqa vaqt ichida bir nechta otuv va qamoq hukmlarini chiqarishda ishtirok etgan. Bu hukmlarda, jumladan, yuzdan ortiq o‘zbekistonlik o‘limga mahkum qilingan. Ko‘p o‘tmay, sentabr oyida o‘zi ham qamoqqa olingan.

Ikromov o‘sha davr tuzumiga qanchalik ixlos bilan, faol xizmat qilgan bo‘lmasin, ommaviy qatag‘onlar uni ham chetlab o‘tmagan. Siyosatchi Moskvada O‘zSSR xalq komissarlari soveti raisi Fayzulla Xo‘jayev va boshqa sovet amaldorlari qatorida sudlanib, davlat tuzumini ag‘darishda ayblangan va 1938 yilda, 39 yoshida otib tashlangan.

Hujjatlarga ko‘ra, Akmal Ikromov 1918 yilda “Milliy istiqlol” nomli yoshlar tashkilotiga rahbarlik qilganini sudda tan olgan. Bu tashkilot esa, o‘z nomidan ham ma’lumki, milliy ozodlikni targ‘ib qilgan. Ikromovning ushbu tashkilotdagi faoliyati uning siyosiy faoliyati boshida istiqlolchilik harakatining tarafdorlaridan biri bo‘lgani, keyinchalik kommunizm g‘oyasini qabul qilganini anglatishi mumkin.

Akmal Ikromov nomi 1957 yilda SSSR Oliy sudi tomonidan to‘liq oqlangan.

Mavzuga oid