Samarqandda Damas’ga zanjirlangan bolani shu ko‘yga o‘qituvchi solgani ma’lum bo‘ldi
U go‘yoki bolani qochib ketmasin deb oyog‘idan zanjirlab qo‘ygan. Bolalar ombudsmani bola qanday xulqda bo‘lishidan qat’i nazar, unga nisbatan bunday g‘ayriinsoniy, noqonuniy chora ko‘rilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytib chiqdi.
Avvalroq, Samarqandda fuqarolardan biri yosh bolani Damas ichida oyog‘idan zanjirlab qo‘ygani haqida xabar bergandik. Bolaga nisbatan bunday tarzdagi zo‘ravonlik holati Bolalar ombudsmani tomonidan ham o‘rganilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zanjirlangan bola 13 yoshda bo‘lib, u Paxtachi tumani Qalqon-jasorat harbiy sport maktabining 6-sinfida o‘qiydi.
Bolaning vasiylari J.S. va E.M. mazkur maktab o‘qituvchisi X.Sh.ni chaqirib, xulqi og‘irligi tufayli uni Samarqand viloyati Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borishni so‘ragan.
2024 yil 15 mart kuni o‘qituvchi bolani go‘yoki mashinadan tushib qochib ketmasin degan vaj bilan Damas’ning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘ygan.
“Hozirda voyaga yetmagan Sh.Sh.ga tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilishi choralari ko‘rilmoqda. Bola qanday xulqda bo‘lishidan qat’i nazar, unga nisbatan bunday g‘ayriinsoniy, noqonuniy chora ko‘rilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu bolaning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi huquqiga ziddir. Bolalar ombudsmani bolaga nisbatan bunday tarzdagi zo‘ravonlik holati yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.
Ma’lumot uchun, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, bolani zanjirlab qo‘ygan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni prokuratura tomonidan nazoratga olingan.
Mavzuga oid
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
17:13 / 29.11.2024
Tojikistonda bolalarni xivchin bilan savalagan ayol ushlangani ma’lum bo‘ldi
13:24 / 28.11.2024