O‘zbekiston | 18:59 / 19.03.2024
9841
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Yakkasaroy tumanidagi mahalla aholisi bilan gaplashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasiga bu yilgi Navro‘z yanada ko‘tarinkilik bilan keldi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy mahalla idorasi qurildi. Ko‘p qavatli uylar yo‘lagi va ichki ko‘chalar, yerto‘lalar ta’mirlandi. Anhor bo‘yi tartibga keltirilib, obod sayilgohga aylantirildi. Ishkomlar, nihollar, piyodalar yo‘laklari mahallaga ko‘rk bag‘ishladi.

O‘tgan yili kuzda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 4 ming tup daraxt va buta ko‘chati o‘tqazilgan edi. Shu kunlarda ko‘p qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayhon, namozshomgul kabi gullar ekildi.

Dilbuloq mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uch yuzga yaqin savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.  Maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi, pedagogika instituti filiali faoliyat yuritmoqda.

“Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududga 360 ta videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan, ular mahalla profilaktika inspektori xizmat xonasiga ulangan.

O‘tgan yili 112 kishi ishga joylashtirilib, 181 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 23 ta loyihaga kredit va o‘nga yaqin fuqaroga subsidiya ajratilgan. Xususan, bu yerda tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, poligrafiya va kompyuter xizmatlari, kutubxona, oziq-ovqat va qandolat do‘konlari tashkil etilgan.

Davlat rahbari ushbu majmualarni ko‘zdan kechirdi, mahalla ahli bilan samimiy suhbatlashdi.

- Avvalo, sizlarni ulug‘ ayyom kunlari bilan, kelayotgan Navro‘z bilan tabriklayman. Mahallangizdagi obodlikni, ish joylarini, bayram nafasini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Nima uchun hududlarda ko‘p yuraman? Chunki men odamlarga ishonaman. Hamma mahallalarni shunday o‘zgartirishga harakat qilishimiz kerak. Mamlakatimizda 9 ming 450 ta, Toshkentda 585 ta mahalla bor. Hozir ularga iqtisodiy kompleks tashkilotlarini biriktiradigan tizim qilyapmiz. Maqsadimiz - har bir xonadonga, har bir insonga yetib borish. Xalqning roziligi, duolariga munosib bo‘lish hammamizga nasib etsin, - dedi prezident.

Shu boradagi manzilli chora-tadbirlar “mahalla yettiligi” va mutasaddilar bilan muloqotda muhokama qilindi.

- Xabaringiz bor, iqtisodiy kompleks tashkilotlarini mahallalarga biriktiryapmiz. Bunda banklarning ham o‘rni bor. Ular orqali tumanlardagi korxonalarga qo‘shimcha sharoit yaratib, yengil kreditlar berib, yana ish o‘rinlari ochishini qo‘llab-quvvatlash kerak. Endi mahallalar ham zamonga munosib, harakatchan bo‘lishi lozim. Umuman, ishlayman degan odamga sharoit yaratib berishimiz shart, - dedi davlat rahbari.

Mutasaddilar iqtisodiy kompleks faoliyatini mahallalarda tashkil etish, shahar sharoitida odamlarni ish bilan ta’minlash vazifalari to‘g‘risida axborot berdi.

Mavzuga oid