Iqtisodiyot | 13:51 / 22.03.2024
30494
4 daqiqa o‘qiladi

Kriptovaluta: kelajak pulimi yoki moliyaviy pufak?

Kriptovaluta. U nima, qanday paydo bo‘lgan? Ko‘z bilan ko‘rinmaydigan, qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan bu “pul” kim yoki qaysi davlat tomonidan boshqariladi? Unda to‘lovlar qanday amalga oshiriladi? Nima uchun uning qiymati kun sayin ortib bormoqda? Bu borada o‘zbekistonliklar uchun eng zarur tavsiyalar qanday bo‘ladi? Kun.uz shular haqida soha mutaxassislari bilan suhbatlashdi.

Kriptovaluta va odatiy valuta o‘rtasidagi farq nimada?

Valutaning eng muhim jihatlaridan biri — unda emissiya qiluvchi (pul chiqaruvchi) muassasa mavjud va tegishli qonunga muvofiq to‘lovlarning belgilangan hududlarda o‘z qiymatida qabul qilinishi qat’iy belgilanadi. Yarim asr oldin pullarning qiymati oltin bilan ta’minlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ular mamlakatda yaratilgan mahsulot va xizmatlar umumiy yig‘indisi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Biroq kriptovaluta virtual pul bo‘lib, biz amalda foydalanayotgan pullardan farqli o‘laroq, jismoniy ifodaga ega emas. Ularning asosiy xususiyati markazlashmaganida. Bunda har bir ishtirokchi teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shuning uchun banklar, soliq, sud va davlat organlari kriptoaktivlar foydalanuvchilarining tranzaksiyalariga ta’sir qila olmaydi. Kriptovaluta hamyonlari va tranzaksiyalari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar blokcheynda saqlanadi.

Ilk kriptovalutalardan biri hisoblangan Bitcoin jahon moliyaviy inqirozidan keyin vujudga kelgan. U 2009 yil 3 yanvarda o‘zini Satoshi Nakamoto deb nomlagan bir yoki bir necha shaxslar tomonidan yaratilgan. 

Satoshi Nakamoto ismi ortida turgan kishi yoki bir guruh insonlarning kim ekanligini aniqlash uchun olib borilgan barcha harakatlar zoye ketgani bois, bugungi kunga Bitcoin’ning haqiqiy yaratuvchisi kim ekani noma’lum hisoblanadi.

Bitcoin kriptovalutasi bu – ishonchga emas, balki kriptografik kodlash tizimiga asoslangan, o‘zaro hech qanday vositachilarsiz (bank yoki boshqa moliyaviy instrumentlar) to‘lovlarning bevosita ishtirokchilar o‘rtasida amalga oshirilishini ta’minlovchi to‘lov tizimidir.

Bitcoin’ning o‘ziga xos jihatlari:

  • markazlashmagan tizim – bunda har bir ishtirokchi teng huquq va imkoniyatlarga ega;
  • hisob-kitoblarning to‘liq shaffofligi – har bir ishtirokchi barcha tranzaksiyani ko‘rishi mumkin;
  • nazoratning yo‘qligi – hech bir davlat yoki tashkilot tizim ichidagi operatsiyalarni nazorat qila olmaydi;
  • sirlilik – tizim ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanishini so‘ramaydi;
  • tangalarni emissiya qilish cheklangan – jami bo‘lib 21 000 000 BTC (Bitcoin tangasi) chiqariladi;
  • balans ikki yoqlama yozuv asosida bo‘lmaydi, balki barcha tranzaksiyalar xronologik tartibda barcha ishtirokchilarda ko‘rinadi;
  • inflatsiyaga uchramaydi, qiymati talab va taklifga qarab o‘zgaradi;
  • yuridik jihatdan hech qanday asos mavjud emas.

Nima uchun uning qiymati kun sayin ortib bormoqda? Bu borada o‘zbekistonliklar uchun eng zarur tavsiyalar qanday bo‘ladi? Kun.uz shular haqida soha mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Ko‘rsatuvni to‘liq YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid