Stalinning “opa-singillari” AQShdan ilhomlanganmi?
Stalin topshirig‘i bilan qurilgan Moskvadagi mahobatli binolar yettiligi Nyu-York arxitekturasidan ko‘chirilgani haqida gaplar yuradi. Lekin bunday osmono‘par imoratlarning analoglarini dunyoning boshqa shaharlarida ham uchratish mumkin. Toshkent markazida qurilishi rejalashtirilayotgan yangi mehmonxona ham shu me’moriy uslubga xos.
Bundan bir necha oy oldin Istanbuldan Moskvaga uchayotgan samolyot jurnalida Moskvadagi “Stalin osmono‘par binolari” yoki “Yetti opa-singil” deb ataluvchi mahobatli binolar yettiligi loyihalari AQSh arxitekturasidan o‘g‘irlangani haqidagi qiziq bir maqolani o‘qib qoldim.
Undan ko‘p o‘tmay, Hindistonga qilgan safarimizda Mumbay shahrida ham shunday me’moriy uslubda qurilgan “Eros cinema” binosiga ko‘zim tushdi.
Hayron bo‘ldim. Agar sobiq ittifoq o‘sha maqolada aytilganidek AQShdan bu loyihalarni o‘g‘irlagan bo‘lsa, xuddi shunga o‘xshash arxitektura Hindistonga qayerdan kelib qoldi? Boshqa ishlar bilan chalg‘ib, bu savolga javob topishni unutibman.
Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkentdagi sobiq binosi o‘rnida qurilishi mo‘ljallanayotgan “Radissan Blu” mehmonxonasining suratlari yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yana bir tarqalgach, o‘sha esdan chiqib qolib ketgan qiziq savollar yana qayta tug‘ildi. Chunki bu mehmonxona loyihasi ham aynan Stalinning “opa-singillari”ga juda o‘xshaydi.
Nyu-York, Moskva, Mumbay, Toshkent. Xo‘sh, kim kimdan ko‘chirgan yoki ilhomlangan?
SSSR xazinasini “charchatgan” Stalin osmono‘parlari
O‘tgan asrning 40-yillari oxirlarida Moskvaning turli nuqtalarida me’moriy yechimlari bir-biriga o‘xshash bo‘lgan 8 ta osmono‘par binolar qurilishi boshlanadi. Bu bilan Stalin sobiq ittifoqning kuch va taraqqiyotini namoyish etib, ittifoq hech kimdan kam emasligini dunyoga ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘ladi. Biroq siyosiy maqtanchoqlik oqibatida o‘sha yillarda Moskvadagi uy-joy qurilishlari ko‘lami keskin kamayib, sekinlashib qoladi. Chunki qurilish xarajatlarining asosiy qismi shu binolarga sarflanardi. Bu esa davlat g‘aznasini anchagina “charchatib” qo‘yadi.
Samolyot bortidagi men o‘qigan jurnalda shunday deyilgandi:
“1953 yil. Bugungi Moskva davlat universiteti, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Qizil darvoza ma’muriy binolarining foydalanishga topshirilishida ishtirok etish uchun kelgan sobiq ittifoq rahbari ularning AQSh osmono‘parlariga juda o‘xshash bo‘lib qolganidan norozi bo‘ladi va qanday bo‘lsa ham binolarni o‘zgartirib, ularga “sovetcha ruh” berish bo‘yicha me’morlarga topshiriq yuklaydi.
Haqiqatan ham ularning arxitekturasi kichik elementlarigacha 30-yillarda Nyu-Yorkda qurilgan Empire State Building va Chrysler Building inshootlariga juda o‘xshash edi. Bu “o‘g‘irlik” esa Stalinning jahlini chiqaradi. Chunki o‘zi Qo‘shma Shtatlarga ko‘z-ko‘z qilish uchun qurilayotgan binolar uyoqnikiga o‘xshab qolsa, sobiq ittifoqning kulgiga qolib ketishi tayin edi.
Qurilishlar yakunlangan, unga katta o‘zgartirishlar kiritish esa amrimahol: bu qo‘shimcha vaqt va budjetdan yana katta xarajatlarni keltirib chiqarardi. Shu sababli arxitektorlar o‘ylay-o‘ylay binolarning markaziy qismidagi minoralar uchiga sobiq ittifoq ramzi bo‘lgan besh qirrali yulduzlarni o‘rnatib chiqish bilan yechim topgandek bo‘lishadi. Bundan Stalin qoniqadimi-yo‘qmi, endi buning qizig‘i yo‘q edi. Chunki u o‘sha yili 5 mart kunida vafot etadi.
Shu bilan sakkiztadan yettitasi qurilishga ulgurgan Stalin osmono‘parlari davri tugaydi. Va loyihadagi 8-bino – “Rossiya” mehmonxonasi qurilishi chala qolib ketadi. Va undan so‘ng Xrushyov davrida butun dunyo “o‘ta zerikarli va oddiy” deya baholaydigan sovetcha binolar qurilishi boshlanib ketadi”, – deyilgandi maqolada.
To‘g‘ri, Stalin qisman maqsadiga yetadi, chunki undan qolgan osmono‘par imoratlar 90-yillargacha Yevropaning eng baland binolari sifatida baholanib keladi.
Loyiha rostdan ham ko‘chirilganmidi?
Bu juda bahsli savol. 50-yillargacha sobiq ittifoqda bu turdagi inshootlar umuman qurilmagani, “7 opa-singil” binolarining 1920–1930-yillarda qad rostlagan AQSh osmono‘parlariga juda o‘xshashligi ko‘chirishlar bo‘lgani ehtimolini oshiradi. Chunki SSSR davrida nafaqat qurilish, balki sanoat va ilm-fanda ham ittifoqdagi ko‘plab ixtirolar g‘arbdan nusxalanganini inkor qilib bo‘lmaydi.
Aniqlashtiradigan bo‘lsak...
Boshqa ma’lumotlarni ko‘rib chiqamiz. Biz so‘zlayotgan binolar “art-deko”, ya’ni “dekorativ san’at” uslubida qurilgan bo‘lib, bu imzo aslida AQShniki ham emas. Yorqin ranglar, yuqori geometrik aniqlik, o‘ziga jalb qiluvchi hashamatli bezaklar va mahobatli ko‘rinishni o‘zida jamlagan bu me’moriy yo‘nalish 1900-yillarning boshida Fransiyada paydo bo‘ladi va Ikkinchi jahon urushi davrigacha Yevropada gullab-yashnaydi.
Hindistonning Mumbay megapolisidagi biz uchratib qolgan art-deko – “Eros cinema” inshooti ham 1938 yilda qurilganini hisobga olsak, bu uslub o‘sha davrda olamshumul urfga aylanganidan darak berishi mumkin. Sobiq ittifoqqa esa bu me’moriy an’ana biroz kechroq, ya’ni Ikkinchi jahon urushidan keyin kirib keladi. Ba’zi manbalar ularning ko‘chirilganini yozsa, ba’zilari umumiy arxitektura tendensiyalaridan ilhomlanib yaratilganiga urg‘u berishadi.
Boshqa shaharlarda ham qurilgan
Umuman olganda, shaharlarda o‘zining haybati bilan boshqa inshootlardan ajralib turadigan dekorativ san’at binolari bugun faqatgina Moskvada emas, balki dunyoning ko‘plab boshqa davlatlarida ham shaharlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.
Bularga Varshavadagi madaniyat va fan saroyi (1955), Rigadagi Fanlar akademiyasi (1961), Buxarestdagi erkin matbuot uyi (1956), Pragadagi “Do‘stlik” mehmonxonasi (1954) va Ostonadagi Triumf minorasini (2006) misol qilish mumkin.
DXXning sobiq binosi o‘rnida art-deko
Ana endi Toshkentimizga qaytsak. Davlat xavfsizlik xizmatining poytaxt markazidagi sobiq binosi o‘rniga tushishi reja qilinayotgan “Radissan Blu” mehmonxonasi ham art-deko uslubida bo‘lishi kutilyapti.
Har holda tarqalgan suratlardan shunday xulosa qilsa bo‘ladi. Inshoot loyihachilari boshqa davlatlarning dekorativ san’at namunalaridan ilhomlanganmi, bunisi bizga qorong‘i. Ammo shunisi aniqki, Moskvadagi “Radissan Blu” (avvalgi “Ukraina”) mehmonxonasi binosi ham stalincha art-dekolardan biri hisoblanadi.
Sardorbek Usmoniy