O‘zbekiston | 16:06 / 28.03.2024
20613
11 daqiqa o‘qiladi

Bepuli abgor, pullisi esa faqat qog‘ozlarda – sifatli yo‘llarga qachon yetamiz?

Har bahor kelarkan, hali ta’mirlanganiga yil to‘lmagan avtomobil yo‘llarini ko‘rib hayratda qolasan kishi. Gap eng asosiy yuklama tushadigan trassalar haqida bo‘lsa, asosiy umid pulli yo‘llardan. Lekin bu boradagi loyihalar boshlanganiga ham 7 yil bo‘lib qoldi. Amaliy ishlardan darak yo‘q.

O‘zbekistondagi xalqaro ahamiyatdagi abgor yo‘llar

Bugungi kunda O‘zbekistonda respublika ahamiyatiga ega 16 909 km, xalqaro ahamiyatdagi 3 626 km yo‘l bor. Masalaning barcha uchun yoqimsiz tomoni shundaki, bu yo‘llarning anchagina qismi ta’mirtalab holatda. Shahar, viloyat yoki davlatlararo qatnaydigan haydovchilarning har kunlik kechmishlari yirik “yama”lardan boshlanib, uvalanib ketgan yo‘llargacha davom etadi.

Vaziyat “Almati – Bishkek – Toshkent – Termiz” yo‘nalishidagi M-39 yo‘li haqida avvalroq Kun.uz tayyorlagan lavhada ham ochib berilgandi. Shuningdek, 820 kmlik “Toshkent – Keles –Qozoqkensoy – M39” avtomobil yo‘li ham durust holatda emas. Katta “yama”lar hosil bo‘lib, har yog‘ingarchilikda suvga to‘ladi. Tahririyatga o‘tgan haftada kelib tushgan tasvirlarda buni yaqqol ko‘rish mumkin.

Yoki Buxorodan Xivaga borguncha Gazli shahri biqinidagi yo‘lning yomonligi ancha vaqtlardan beri ko‘plab sayyohlarning e’tirozlarga sabab bo‘ladi. Bu tarixiy shahar yaqinidagi yo‘l hali ham ta’mirlanmagan.

Qoraqalpog‘istonning g‘arbiy qismida, Ustyurtda joylashgan A-380 “G‘uzor – Nukus – Qo‘ng‘irot – Beynov” avtomobil yo‘lining 300 kilometrdan oshiqroq qismi ham juda abgor ahvolda qolyapti. Tarmoqlarda bu yo‘ldan o‘tayotganida mashinasi nosoz holga tushgan haydovchilarning ko‘plab videolari ham tarqalgan.

Sifatli yo‘llarning ahamiyati

Prognozlashtirish va iqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda avtomobillarning yuk tashish hajmi 1,5 barobarga oshgan.

2017 yilda avtomobil transporti orqali 5,6 mlrd yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,2 mlrdga yetgan. 2022 yilda yo‘lovchi tashishda avtomobil transportining ulushi 97,5 foizni tashkil etgan.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda yo‘lovchi va yuklarning mutlaq katta qismi avtomobil transporti orqali tashilyapti.

Faqat muzokaralar bilan o‘tgan 7 yil

Albatta, dengiz portlari bo‘lmagan va monopol temiryo‘l xizmatlari sifati ham, narxi ham katta muammo bo‘lib turgan mamlakat iqtisodiyoti uchun avtomobil yo‘llari juda muhim. Shunday vaziyatda pulli avtomobil yo‘llari odamlarda tanlov imkoniyatini yuzaga keltirishi bilan masalaga birmuncha yechim bo‘la oladi. Ko‘plab xorijiy mamlakatlar tajribasi ham yo‘llar sifatini, shunga hamohang xizmat ko‘rsatish sohalari va infratuzilmani rivojlantirishda pulli yo‘llarning ahamiyatini tasdiqlaydi.

O‘zbekistonda ham mavjud yo‘llarga muqobil tarzda pulli yo‘llar qurilishi haqida bir necha yildan beri gapirib kelinadi, lekin amaliy ishga o‘tish cho‘zilib ketyapti.

Birinchi yil: Pulli yo‘llar qurilishi rejalashtirilayotgani haqida dastlabki xabarlar 2017 yilda paydo bo‘lgandi. O‘shanda Toshkentdan Samarqand orqali Buxoroga olib boradigan birinchi pulli avtoyo‘l loyihasi ishlab chiqilayotgani, u mavjud yo‘lga parallel alohida yo‘l bo‘lishi aytilgandi.

Ikkinchi yil: Keyin 2018 yil mart oyida Germaniyaning Günter Papenburg kompaniyasi boshqaruvi raisi Gyunter Papenburg Toshkentga kelib, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining o‘sha vaqtdagi Abdurahmon Abduvaliyev bilan uchrashgandi.

O‘shanda nemis kompaniyasi bilan birga davlat-xususiy sheriklik asosidagi avtomobil yo‘llari 2020 yilga kelib qurilishi mumkinligi ma’lum qilingan. Loyiha 2018-2019 yillarda investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish haqidagi qarorga ham kiritilgandi. Hujjatga asosan, yo‘nalishi ochiqlanmagan loyihaning umumiy quvvati 500 mln dollar deb baholangan.

2018 yil bahorida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi davomida Cengiz – Kolin – Kalyon konsorsiumi bilan hamkorlikda DXSh asosida avtomobil yo‘li qurilishiga oid investitsion kelishuv imzolangan, mamlakatdagi birinchi pulli yo‘l turk pudratchilari tomonidan qurilishi, bu yo‘l orqali Toshkent va Samarqand orasidagi masofani 2 soat ichida bosib o‘tish imkoni yaratilishi aytilgandi. O‘sha yilning sentabrida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov ushbu turk kompaniyalari uchrashuv o‘tkazgandi.

Uchinchi yil: 2019 yil 29 aprelda qabul qilingan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish haqidagi qaror bilan, yaqin yillarda “Toshkent – Andijon” va “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishlari bo‘ylab pulli avtomobil yo‘llari qurilishi belgilandi.

Oradan bir necha oy o‘tib, AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Transport vazirligi mutasaddilari “Toshkent – Andijon” pulli yo‘li bo‘yicha Jahon banki tomonidan grant ajratilgani, bu masalada “Pricewaterhouse Coopers” xorijiy kompaniyasi loyihaviy o‘rganish ishlarini amalga oshirayotganini aytgandi. Bu kompaniya tomonidan pulli yo‘l bilan birga Qamchiq dovonida 16,4 kilometrlik tunnel qurish ham reja qilingandi.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida “Toshkent – Samarqand” yo‘li loyihasi Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilayotgani, Rossiyaning “Spektrum” konsultantlar guruhi tomonidan loyiha hujjatlari ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani ta’kidlangan.

2019 yil noyabr oyida Oliy Majlis Senati majlisida bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev “Toshkent – Samarqand” pulli yo‘li qurilishi cho‘zilib ketganiga izoh berarkan, bu bo‘yicha muzokaralar ketayotgani, pudratchilar yo‘ldan undiriladigan to‘lov miqdorini juda katta belgilashayotgani, shu sababli yana o‘nga yaqin loyihalar o‘rganib chiqilayotganini aytgandi.

2019 yilning so‘ngida imzolangan “Yo‘l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida Qamchiq va Taxtiqoracha dovonida ikkita yangi pulli tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, ikkala tunnel bo‘yicha tender g‘oliblari bilan 2022 yil bahor oylarida kelishuv imzolanishi kerak edi.

To‘rtinchi yil: 2020 yil yanvar oyida Davlat-xususiy sheriklik rivojlantirish agentligi “Toshkent – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasi tayyorlanayotganini bildirdi. Agentlikka ko‘ra, loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilganda, tender g‘olibi bilan 2022 yil aprelida bitim imzolanishi kutilgan.

Keyinchalik ham “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” pulli yo‘llari haqida ko‘p bor gapirildi, turli ma’lumotlar berildi. Biroq qurilish ishlaridan hozircha darak yo‘q.

2024 yil. O‘zbekistonda pulli yo‘llar qurilishi bo‘yicha navbatdagi muhokama 2024 yil 23 fevral kuni o‘tkazildi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi hamraisi Muhammad Abdulloh Abunayyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda davlat-xususiy sheriklik asosida “Toshkent – Samarqand”, “Toshkent – Andijon” pulli avtomobil yo‘llari hamda “Sirdaryo – Baxt” shaharlarini aylanib o‘tuvchi 38 km avtomobil yo‘lini qurish loyihalari ham muhokama qilingan.

Mart oyiga kelib yagona qilingan ko‘rimli ish – “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilingani bo‘ldi. Shu tariqa, salkam 7 yillik xronologiyaning so‘nggi bo‘g‘inidan hozircha qonun loyihasi joy egallab turibdi.

Jahon banki: Avtoyo‘lqo‘m shu bahorda investorlarni aniqlay boshlaydi

Kun.uz pulli yo‘llar tashkil etish uchun O‘zbekistonga ajratilgan grant mablag‘larining miqdori va taqdirini bilish uchun Jahon bankiga so‘rov yubordi. Xalqaro moliyaviy tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi taqdim qilgan javobga ko‘ra, Jahon banki “Toshkent – Andijon” avtomobil yo‘li qurilishining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha konsalting xizmatlarini moliyalashtirgan.

Qayd etilishicha, mablag‘ ajratilgan konsalting xizmatlari qatoriga xalqaro tender o‘tkazish ham kiradi. Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekiston hozirda investitsiya oldi tadqiqotini taqdim etish va tenderga tayyorgarlik ko‘rish bosqichida.

“2024 yil bahorida O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xalqaro tender ishtirokchilarini birlamchi malakalash jarayonini boshlashi kutilmoqda. Birlamchi malakalash ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun zarur malaka va qiziqishga ega investorlarni aniqlash imkonini beradi”, deyiladi rasmiy axborotda.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining sobiq rahbari Abdurahmon Abduvaliyev 22 yil davomida O‘zbekistonning yo‘l xo‘jaligiga rahbarlik qilib kelgan, ammo investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani sabab 2023 yil 11 iyulda ishdan olingan.

Yaqinda davlat rahbari 4 yil avval “Toshkent – Samarqand”, “Toshkent – Andijon” pulli yo‘llari va Taxtiqoracha dovonida pulli tunnel qurish topshiriqlari berilganini, lekin na loyiha, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmaganini tanqid qilgandi. Shuni hisobga olsak, yuqorida Jahon banki aytib o‘tgan ishlar cho‘zilishi ehtimoldan xoli emas.

Bir necha yuz kilometrdan iborat ikkita yirik yo‘lni noldan qurish albatta uzoq vaqt talab qiladi. Qurilish ishlari hozir boshlangan taqdirda ham, yo‘llar katta ehtimol bilan rejadagi 2026 yilning oxirida ham tayyor holatga kelmasligi mumkin. 

Dilshoda Shomirzayeva, G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid