O‘zbekiston | 18:42 / 01.04.2024
5661
3 daqiqa o‘qiladi

“Darsliklardagi kamchiliklar bo‘yicha katta baza to‘planyapti” – MMTV

Shu kungacha nashr qilingan va endi chiqishi kutilayotgan yangi darsliklar uchun katta platforma ishga tushiriladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri maslahatchisi Azizbek Turdiyevning aytishicha, yaqin kunlarda ommaga taqdim qilinishi kutilayotgan bu platforma orqali darsliklardagi xato-kamchiliklar kamayadi.  

MMTV mas’ullari bilan o‘tgan anjumanda ijtimoiy tarmoqlarda yangi avlod darsliklarining xatoliklari hali ham muhokama qilinayotgani, bunga vazirlik qanday munosabat bildirishi va uni bataraf etishda nimalar qilishi yuzasidan savol berildi. Vazir maslahatchisi Azizbek Turdiyev kamchiliklar bo‘yicha katta baza qilinayotganini aytdi.  

“Hammasini yig‘ib boryapmiz, bu nafaqat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan, balki o‘zimizning mutaxassislarimiz tomonidan ham darsliklar sinchiklab qayta ko‘rib chiqilyapti.  

Shu kunlarda katta platformani ishga tushiryapmiz, [bu] aynan [darsliklardagi] xatoliklarga bag‘ishlangan bo‘ladi. Shu kungacha nashr qilingan va endi nashr etilajak darsliklarni ham shu platformada e’lon qilish ustida ishlayapmiz”, – dedi u. 

Qayd etilishicha, shu yo‘l orqali endi ishlab chiqilayotgan darsliklardagi xato-kamchiliklar kamayadi. U mavjud xatolarni bartaraf etish uchun hamma darsliklar kesimida ishga tushiriladi. Keyinchalik nashr qilinadigan darsliklar ham shu platformaga joylanishi aytildi. Hozircha uning ustida ish olib borilmoqda, platforma yaqin kunlarda omma e’tiboriga havola etilishi kutilyapti. 

Shuningdek, Azizbek Turdiyev darsliklardagi ayrim masala va mashqlar murakkabligiga oid savolga ham javob berarkan, bunga hozir baho berish xato ekanini aytmoqda. 

“Bu darsliklarni o‘quvchilar o‘qisin, oradan biroz vaqt o‘tsin. Har qanday qilingan ishning natijasi, albatta, tahlil qilinadi. Bugun murakkab deb atalayotgan jarayon ham ertaga mutaxassislar tomonidan tahlil qilinadi. Agarda haqiqatan murakkab bo‘ladigan bo‘lsa, buning chorasi ko‘riladi, agar “yo‘q, bugun dunyo standarti shu tajribani taqozo etyapti” deyilsa... 

Bizda ko‘p tadqiqotlar bo‘lyapti, mana, PISAʼga tajriba-sinov tariqasida 83 ta maktab [qatnashdi], keyingi yil yana 200 dan ortiq maktab [qatnashadi]. Mana shu jarayonlarda o‘quvchilarimizning asosiy berilayotgan e’tirozi: “faqat javob beradi-da, lekin javobini izohlay olmayapti”, deyapti-da, sodda qilib aytganda. Biz kiritayotgan mashq-misollar o‘quvchilardan ham mashqni yechish, ham uni izohlash, ko‘nikmani oshirish, olgan bilimini amaliyotda qo‘llash salohiyatini shakllantiradi. Shu ma’noda hozir tajriba qilinyapti”, dedi u. 

Mavzuga oid