O‘zbekiston | 11:02 / 17.11.2023
17621
11 daqiqa o‘qiladi

Yangi avlod darsliklari: jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollar, xatolar va yaxshi natijalarga umid – vazir o‘rinbosari bilan ochiq suhbat

Maktablarning boshlang‘ich sinflari yangi avlod darsliklari asosida dastlabki chorakni yakunladi. Kun.uz darsliklarning "murakkab mavzulari", xatolari va jamoatchilikda tug‘ilgan ba’zi savollar yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev bilan suhbatlashdi.

Har davr uchun insonlarning ilm olishi o‘ta muhim masala bo‘lib kelgan. Ayniqsa, bolaning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, kelgusida o‘zining ijtimoiy, iqtisodiy hamda fuqarolik hayotida faol ishtirok etishida bog‘cha va maktab ta’limining ahamiyati beqiyos. Chunki aynan shu yoshlar oralig‘ida bola o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qiladi.

Xo‘sh, bugungi o‘zbek maktabgacha va maktab ta’limi qay holatda? Nimalar qilinyapti-yu, yana nimalarni e’tibordan qochiryapmiz? Bugun ayni mavzu atrofida ko‘pchilikni qiynab kelayotgan savollarga javob olish uchun Kun.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev bilan suhbatlashdi.

– Suhbatni maktab ta’limidagi eng ko‘p muhokama qilingan mavzudan boshlamoqchiman, ya’ni darsliklardan. Prezidentning 134-sonli farmoni asosida xorijiy donorlar ko‘magi bilan yaratilgan, 2024 yilgacha to‘liq joriy qilish topshirilgan Milliy o‘quv dasturining va u asosida yaratilgan darsliklarning taqdiri nima bo‘ladi? Ulardan nima asosida voz kechilmoqda?

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev

– Avvalambor, 134-sonli farmonning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu milliy o‘quv dasturini aynan hozirgi siz berayotgan narsaning mazmuni jihatidan tasdiqlash dasturi bo‘lmagan. Bu o‘sha vaqtdagi xalq ta’limini keyingi 5 yilda rivojlantirish dasturi deb nomlagan edi. Uning ichida ta’lim dasturi, ya’ni milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish va uni bosqichma-bosqich joriy etish haqidagi bandi bor edi. Ya’ni milliy o‘quv dasturi va uning asosida bolaga beriladigan bilim-ko‘nikma, ishlab chiqiladigan darslik, metodika va boshqa narsalar... Bu 134-sonli farmon keyingi 5 yilga tizimni rivojlantirish milliy dasturi hisoblanadi.

Mana shu hujjatning bandida xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikda milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish belgilangan. O‘zi milliy o‘quv dasturi nima degan savolga aniqlik kiritib olaylik. Bu bir nechta hujjatdan iborat bo‘lgan, ya’ni o‘quv dasturlari, o‘quv reja, baholash mezonlaridan iborat bo‘lgan dastur hisoblanadi. Uni ishlab chiqish bosqichma-bosqich sinflar, fanlar kesimida bo‘lishi belgilangan. Hujjat ilovasida vazirlikka rejasini tasdiqlash vazifasi ham qo‘yilgan. Ya’ni yillar kesimida qaysi sinfda nima ishlab chiqiladi, shunga mos ravishda darslik, metodikani ishlab chiqishni belgilash vazirlikka vakolat sifatida qo‘yib ketilgandi. Unda bola qaysi sinfda qaysi ko‘nikmani o‘rganishi, unga qaysi mavzularni o‘rgatish belgilab beriladi. Mana shu hujjatni ishlab chiqishda bir qator ekspertlar ishtirok etgan. Bu hujjat birdaniga hamma sinf uchun ishlab chiqilmagan va u haliyam ishlab chiqish jarayonida. Sababi shunga mos ravishda bosqichma-bosqich darsliklarni ishlab chiqish vazifasi 2021 yilda ham, 2022 yilda va bugun ham o‘zgargani yo‘q.

Ana endi 2-qismiga kelamiz, xorijiy donorlar asosida ishlab chiqilishi belgilangan metodikalar, darsliklar masalasi nima bo‘ladi? Bu savol ham ko‘p ko‘tarilgan edi, ya’ni ulardan voz kechiladimi? Ulardan hech kim voz kechgani yo‘q, sababi sizga bu borada misollarni ham keltirishim mumkin. Bu yerda aniq misollard gapiramiz. USAID tashkiloti yordamida ishlangan ingliz tili va informatikani Cambridge darsliklari tizimini joriy qilish masalasi bor, shu tashkilotdan 5 yil uchun O‘zbekiston litsenziya sotib olgan va bu darsliklar hozirda amalda.

Men nimani nazarda tutayotganingizni tushunib aytyapman, asosiy misol uchun, matematika, ona tili, tasviriy san’at haqida gapirsak, bu darsliklar yangilandi, ularni bosqichma-bosqich joriy qilish masalasi qo‘yilgandi. 4-sinf darsligini vazirlik huzuridagi markaz (Respublika ta’lim markazi) yaratmagan edi, yo‘q edi. Xalqaro tajribalar asosida yangi darsliklarni joriy qilish bo‘yicha taqdimotlar o‘tganidan keyin, ularni joriy qilish masalasi qo‘yilganidan so‘ng, o‘quv dasturi takomillashtirilib, vazirlik tomonidan tasdiqlandi. Hozir vazirlikning 280-sonli buyrug‘i bilan o‘quv dasturi takomillashtirilgan holda sentabrdan boshlab 1-4-sinfning yangi darsliklari joriy qilindi.

– Usmon aka, hozir aytyapsiz: milliy o‘quv dasturi takomillashtirilib, shu asosda yangi darsliklar joriy etildi deyapsiz. Oldingi o‘quv dasturi ham farmonga asosan tasdiqlangandi, 2024 yilgacha to‘liq joriy etilishi belgilangandi. Shu o‘quv dasturiga asosan 1-3-sinf darsliklari joriy etilgandi, bu yilgi 2, 3, 4-sinf o‘quvchilari o‘tgan yili butunlay boshqa dastur asosida yaratilgan darsliklarni o‘qigandi.

O‘zi bor bo‘lgan, mutaxassislar bilan ishlab chiqilgan va farmon, qonuniy hujjat bilan tasdiqlangan dasturdan voz kechib, yangisiga ehtiyoj nima sabab paydo bo‘ldi?

– Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bo‘lgandi, dekabr oyidan boshlab tugatilib, yarim vakolati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga, qolgani oliy ta’limga o‘tdi. Ular tomonidan o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotlar andozasidagi tadqiqotlar yoki haqiqiy xalqaro tadqiqotlarning natijasidan kelib chiqib, masalan, yaqinda PISA natijalari e’lon qilinadi, bolalarimizning natijasi yaxshi emas. Shu natijalar dastlabki xulosalaridan kelib chiqib, takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Eski, yangi darsliklar masalasi faqat darslik muallifiga qiziq bo‘lishi kerak, menimcha. Chunki biz baribir dastur va ko‘nikmadagi ta’lim berish jarayoni haqida o‘ylashimiz kerak. Lekin agarda shu ko‘nikmani yaxshiroq, oddiyroq kerak bo‘lsa og‘irroq shaklda berishga ehtiyoj bo‘ladigan bo‘lsa, uni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Lekin darslikning ichi, muallifi o‘zgarishi ikkilamchi bo‘lishi kerak.

– Bevosita darsliklarning ta’lim jarayoniga aloqador qismi haqida gaplashsak. Ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar, o‘qituvchilar bolalar bu yilgi darsliklarni "hazm" qila olmayotgani, hatto o‘qishdan bezib qolayotgani haqida yozishmoqda.

Bu darsliklar o‘zi qaysi dastur asosida yaratilgan, dasturning uzviyligi, o‘quvchi yoshiga mosligi, o‘qishdan bezdirmasligi masalalari tahlil qilinganmidi?

– Darsliklar vazirlik tomonidan tasdiqlangan dastur asosida ishlab chiqildi. Endi uning joriy qilinishi yoki og‘irlik darajasini bir oy ichida faqat o‘qituvchilar aytishi mumkin, qaysi ma’noda, chunki ota-ona va bolalar hali darslikni oxirigacha o‘qib chiqishmagan, uning nega unday ekanligi haqida fikr bildirishi qiyinroq. Birinchisi, albatta, savolli yoki bahsli masalasini o‘qituvchi ko‘taradi, chunki u oldingi darslikni ham ko‘rgan. Hozirgi ota-onalar farzandi kattaroq sinfda o‘qiyotgan bo‘lsa, avvalgisi bilan solishtirishi mumkin, ammo bevosita bolaning o‘zida bunday imkoniyat yo‘q.

E’tirozlarni 2 toifaga bo‘lsak. Birinchisi asoslilari, ular ham bor, soni kam emas. Ular ustida tizimli ishlar olib boriladi. Ikkinchisi asosli bo‘lmagan e’tirozlar ham mavjud. O‘qituvchilarning o‘zi ma’lum bir o‘zgarishni istamagani, o‘zi o‘rgangan jarayonni har yili davom ettirishga o‘rganib qolgani sababi. Bular endi sub’yektiv. Chunki kimgadir yoqishi mumkin, yana kimgadir esa yo‘q. Haqiqatan og‘ir darsliklar ekanini ma’lum bir monitoringlar o‘tganidan keyin ayta olamiz. Chunki darslikni ochib, “e, bu og‘ir ekan, bola “hazm” qilmayapti”,– deyishga erta, sababi o‘quv yilining o‘zi yakunlangani yo‘q hali. Lekin nimaga og‘ir degan savol paydo bo‘lyapti, men bunga birinchi savolda ham javob berishga harakat qildim. Ya’ni xalqaro tadqiqotda tushayotgan savollarni, umuman butun dunyoda bolalarga berilayotgan bilim va ko‘nikmalardan bizning o‘quvchilar ortda qolayotgani yo‘q emas.

Faqatgina xalqaro tadqiqotlar, baholash sinovlarida yaxshi natija ko‘rsataylik deb qilinadigan niyat emas, o‘quvchilarimiz tayyor bo‘lishi uchun xalqaro tadqiqotda beriladigan savolga mos ravishda tabiiy fandan bo‘ladimi, o‘qish savodxonligi, matematika kabi aniq fanlardan bo‘ladimi, shuni darslikka kiritishimiz kerak. Shu vaqtgacha bo‘lgan darsliklarda bu bo‘lmagan. Bizning o‘qituvchilar oliy ta’lim jarayonida buni o‘rganmagan. To‘g‘ri, ularga bu qiyin bo‘lishi ehtimoli katta. Shuning uchun bu bitta masala.

Ikkinchi masala, balki, biz vazirlik tomonidan o‘qituvchilarga tushuntirish jarayonlari kechga qolayotgani ham sabab bo‘lishi mumkin. Matematika misolida aytsak, juda og‘ir, juda ko‘p degan e’tirozlar aytilmoqda. O‘qituvchining metodika daftariga qaraydigan bo‘lsak, hamma o‘quvchilar darslikdagi hamma misollarni ishlab chiqishi kerak degan narsadan iborat emas. Misol uchun, darslikning ma’lum bir qismi hamma uchun, standart bo‘yicha ham o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan masala, savollardan iborat. Undan keyingilari alohida yana iqtidorli bo‘lgan, ko‘proq izlanishni istovchi o‘quvchilar uchun ishlab chiqilgan masalalar hisoblanadi. Bu masalalar bitta kitobda bo‘lgani uchun ayrim ustozlarimizda uni hamma yechishi kerak, hamma o‘rganishi kerak degan fikr ham paydo bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. 

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid