Jamiyat | 15:19 / 07.04.2024
22750
3 daqiqa o‘qiladi

Sayxunobod tajribasi qanday joriy qilinyapti?

Sirdaryoning Sayxunobod tumani aholisining ijtimoiy turmush tarzi bugun ko‘pchilikka qiziq. Sayxunobod tajribasi qanday joriy qilinayotgani va undan kutilayotgan natijalar bilan qiziqdik.

Bu yerda aholining turmush tarzi, ijtimoiy hayoti bilan tanishish uchun tumandagi Ittifoq mahallasida bo‘ldik. Biz ilk duch kelgan xonadondagi muhit esa yozuvchi Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklidagi Farmonbibi oilasini eslatdi. Bu yerda 10 aka-ukaning oilasi bir mahallada yashashadi.

Iftorlik dasturxoni uchun ko‘k somsa pishirayotgan kelinlardan sayxunobodliklarning turmush tarzi, hayoti haqida so‘radik.

“Sayxunobodlik ayollar judayam sodda, mehnatkash. Kelin bo‘lib tushganimizda mahallamizda gaz, suv bo‘lmagan. Necha kilometrdan suv tashib kelganmiz, hech nolimaganmiz. Lekin bu yilgi tashabbus orqasidan ko‘plab yerlari quruq yotgan xonadonlar ekin ekib, tovuq, qo‘y boqib, uzumchilik bilan shug‘ullanib, o‘zlarini band qilishyapti. Uyg‘onish bo‘ldi bu tashabbus.

Katta-katta yerlarimizda faqat beda ekilardi. Hozir mahallamizdagi 50 dan ortiq xonadonlarda uzum ekildi”, dedi o‘rtancha kelin Muhabbat Soatova. 

 Uzumchilikni boshlagan Inomjon Niyozov 20 sotixli tomorqasida bog‘dorchilik,uzumchilik bilan shug‘ullanishni boshlagan. Undan tashqari qovoqning eksportbop navini ham ekyapti:

“Tomorqamizni to‘ldirib beda ekardik. Hozir 20 sotixning 4 sotixini bog‘dorchilik qildik, undan tashqari 3 sotixga uzumchilik tashkil qildik.

Ayolim bilan yonimizda joylashgan paxta tozalash korxonasida mavsumiy davrda ishlaymiz. Ayni bahorda ish boshlangan paytdan to kech kuzgacha bo‘shmiz. Shu vaqtda dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchimiz. Shu paytgacha dehqonchilik qilsak xaridor topilmagan, hozir esa shu urug‘ni tavsiya qilganlar o‘zlari mahsulotimizni sotib olmoqchi. Shundan xursandmiz”. 

Navbatdagi xonadonda ham issiqxona tashkillashtirilgan, ham asalarichilikni yo‘lga qo‘yishayotgan ekan. Xonadon bekasi Muhayyo Rahmonova issiqxonaning o‘zidan yiliga 15 mln daromad topishini aytdi.

“Biz 4 yildan beri issiqxona bilan shug‘ullanamiz. 2 sotix yerimiz bor. Yaqinda prezidentimiz kelganidan keyin bizga subsidiya asosida 100ta tovuq, 5ta qo‘chqor, asalari berildi. Endi ulardan ham daromad qilamiz”. 

Joriy yil mart oyida davlat rahbarining Sayxunobodga tashrifida tumandagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvolning yaxshi emasligi qattiq tanqid ostiga olingan edi. Ayni paqtda tumanda yo‘lga qo‘yilgan Sayxunobod tajribasi butun respublika bo‘ylab ommalashtiriladi.

Mavzuga oid