O‘zbekiston | 08:10 / 08.04.2024
7805
2 daqiqa o‘qiladi

IIOda fuqarolarni alkotester bilan tekshirish tartibi tasdiqlandi

Ichki ishlar xodimlari yoki Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilari yoki xodimlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etganlik holatini aniqlash maqsadida IIO navbatchilik qismlariga olib kelingan shaxslar alkogolli ichimlik iste’mol qilgani alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Foto: iStock

“Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlarida alkotester yordamida shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Ichki ishlar organlari xodimlari yoki Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilari yoki xodimlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etganlik holatini aniqlash maqsadida ichki ichlar organlarining navbatchilik qismlariga olib kelingan shaxslar alkogolli ichimlik iste’mol qilgani alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Quyidagilar tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘ladi:

  • shaxsning og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi;
  • shaxsning bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi (chayqalib turishi);
  • shaxs nutqining buzilgani;
  • shaxsning qo‘l barmoqlari qaltirashi;
  • shaxs yuz terisi rangi sezilarli o‘zgargani.

Mas’ul xodimlar har qanday vaziyatda tekshiriluvchi shaxs bilan vazmin, xushmuomala, odobli va e’tiborli bo‘lishi, ularga hurmat bilan va “siz” deb murojaat qilishi, ular bilan o‘zaro munosabatda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilishi lozim.

Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxs alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tkazilib, uning organizmida alkogol mavjudligi aniqlansa, biror natijalari bo‘yicha ushbu shaxsda e’tirozlar bo‘lgan taqdirda, uning organizmida alkogol mavjudligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun ushbu shaxs mas’ul xodimlar tomonidan tuman (shahar) davolash profilaktika muassasalariga olib boriladi.

Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlari alkotesterlar bilan to‘liq ta’minlangunga qadar shaxslar tuman (shahar) davolash profilaktika muassasalariga qonunchilik hujjatlarida  belgilangan tartibda olib boriladi.

Mavzuga oid