Hakerlar yuzga yaqin mamlakatda iPhone foydalanuvchilariga hujum qildi
Ular josuslik dasturlari yordamida maqsadli hujum qilishni boshlagani ta’kidlanmoqda.
92 mamlakatdagi iPhone foydalanuvchilari Apple kompaniyasidan hakerlik hujumlari tahdidi haqida bildirishnoma oldi. Bu haqda Reuters yozdi.
Smartfon egalariga yuborilgan bildirishnomada aytilishicha, Apple josuslarning maqsadli dasturiy hujumini aniqlagan. Hujumchilar ma’lum smartfonlarni masofadan turib buzishga harakat qilgan. Hujumning maqsadi tasodifiy foydalanuvchilar emas, balki ularning faoliyatiga qarab ma’lum odamlar bo‘lgan, deb ta’kidlamoqda Apple.
Hindistonlik foydalanuvchilar aynan shunday ogohlantirish olgani aniq. Boshqa davlatlar ro‘yxati oshkor etilmagan. Vaziyat o‘zbekistonlik iPhone egalariga ham ta’sir ko‘rsatgani haqida ma’lumot yo‘q.
Apple veb-saytida qayd etilishicha, 2021 yildan buyon 150 dan ortiq mamlakat foydalanuvchilari shunga o‘xshash bildirishnoma olgan. Josuslik dasturlari tahdidi jurnalistlar, faollar, siyosatchilar va diplomatlarga qaratilgani ta’kidlanmoqda. O‘z navbatida hujum kimlar yoki qaysi davlat vakillari tomonidan uyushtirilganiga oydinlik kiritilmagan.
«Apple hujumlar yoki tegishli tahdidlar haqida bildirishnomalarni biror bir aniq tajovuzkorlar yoki geografik hududlar bilan bog‘lamaydi», deb ta’kidlamoqda kompaniya.
Apple foydalanuvchilarni josuslik hujumi haqida bir necha usul bilan ogohlantirishini qo‘shimcha qildi. Bildirishnoma elektron pochta va iMessage orqali yuboriladi va Apple ID akkauntga kirgan paytda sahifaning yuqori qismida ham ko‘rsatiladi.
Qurilmalarni himoya qilish uchun foydalanuvchilar qulflash rejimini yoqishi mumkin. Shuningdek, mutaxassislardan yordam so‘rash tavsiya etiladi. Vaziyatning oldini olish uchun tizimning maksimal xavfsizligini ta’minlash, murakkab parollar va ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalanish, shu bilan birga iOS tizimini muntazam yangilab turish kerak.
Mavzuga oid
20:40 / 20.12.2024
Shimoliy Koreya hakerlari joriy yilda 1,3 mlrd dollarlik kriptovaluta o‘g‘irladi
00:31 / 18.12.2024
Kongo Appleʼni noqonuniy qazib olinayotgan minerallardan foydalanishda aybladi
18:44 / 17.12.2024
iPhone va Samsung foydalanuvchilarining aksariyati sun’iy intellektni foydali deb hisoblamaydi
20:50 / 16.12.2024