Istanbul: rasmiylar bosh maydondagi norozilik namoyishini tarqatib yubordi
Turk politsiyasi markaziy Taqsim maydonida 1 may kuniga bag‘ishlangan navbatdagi mitingni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatib yubordi. Ommaviy axborot vositalari namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuvlar haqida yozmoqda. 200 dan ortiq kishi hibsga olingan.
Turkiya politsiyasi 1 may, chorshanba kuni Istanbuldagi Taqsim maydonida o‘tkazilgan namoyishni tarqatib yubordi. CNN Türk media-kompaniyasi huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatib, namoyishchilarni tarqatib yuborishi aks etgan tasvirlarni e’lon qildi. Qayd etilishicha, xavfsizlik kuchlari Sarachan tumanidan Taqsim maydoniga boradigan yo‘lni bir necha kilometr ortdan to‘sib, o‘n minglab politsiyachilardan foydalangan va shu orqali bir necha mudofaa chizig‘ini tashkil qilgan. Rasmiylar marshning tarqatib yuborilishini «xavfsizlik nuqtayi nazari» bilan izohladi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kordonlarni yorib o‘tishga urinish chog‘idagi to‘qnashuvlar chog‘ida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida janjal kelib chiqqan. 200 dan ortiq odam hibsga olingan. Birgina Beshiktosh tumanida politsiya kamida 30 nafar namoyishchini ushladi. Olomon: «Taqsimni taqiqlab bo‘lmaydi», deb hayqirgan, deya xabar berdi AFP jurnalisti voqea joyidan.
Taqsim ramziy ma’noga ega
Istanbul markazidagi Taqsim maydoni kasaba uyushmalari va muxolifat uchun ramziy ahamiyatga ega: faollar u yerda 1977 yil 1 may voqealari xotirasiga miting o‘tkazish niyatida edi. O‘sha kuni snayperlar Taqsim maydonida 500 mingga yaqin odam qatnashgan namoyishni o‘qqa tutgan. Otishma natijasida, turli manbalarga ko‘ra, 34 nafardan 42 nafargacha odam halok bo‘lgan, 220 kishi jarohatlangan.
Maydon muxolifat namoyishlari ramziga ham aylangan: 2013 yilda bu yerda Taqsim maydoni yonida joylashgan Taqsim Gezi parkidagi qurilishiga qarshi hukumatga qarshi namoyishlar boshlangan. Ular Turkiyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri va amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga qarshi umummilliy namoyishlarga aylanib ketdi. Namoyishlarni bostirgandan keyin Turkiya hukumati Taqsim maydonida hukumatga qarshi yig‘inlar o‘tkazishni taqiqladi.
Sud taqiqni huquqlarning buzilishi deb topdi
2023 yil oxirida Turkiya Konstitutsiyaviy sudi Taqsim maydonida namoyish o‘tkazishni taqiqlash tinch yig‘ilish huquqini buzadi, degan qarorga keldi. Turkiya muxolifati yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel taqiqni sharmandalik deb atadi va Konstitutsiyaviy sud qarorlari majburiy ekanligini ta’kidladi. Amnesty International nohukumat tashkiloti ham Konstitutsiyaviy sud qaroriga tayanib, taqiqni bekor qilishga chaqirdi.
AFP xabariga ko‘ra, 2024 yil 1 may kuni O‘zg‘ur O‘zel Istanbul hokimi Akrom Imomo‘g‘li va turk kasaba uyushmalari vakillari hamrohligida Sarachan tumanidagi shahar hokimiyatida bo‘lgan. «Taqsim ozod bo‘lgunga qadar kurashni davom ettiramiz» dedi O‘zel.
Mavzuga oid
14:03 / 11.12.2024
Ommaviy tartibsizliklar tashkil qilishga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
07:51 / 07.12.2024
Tbilisida maxsus kuchlar namoyishchilarni suv purkagichlar bilan tarqatib yubordi
09:10 / 04.12.2024
Gurjistonda politsiya parlament binosi yaqinida namoyishchilarni tarqatmoqda
09:06 / 03.12.2024