O‘zbekiston | 19:11 / 03.05.2024
6253
2 daqiqa o‘qiladi

Daraxt ekmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida daraxt ekmaganlik uchun javobgarlik belgilash masalalari muhokama qilindi. 

Aholi punktlari, qurilish hamda sanoat zonalarida shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan ko‘kalamzorlashtirilgan hududlarni tashkil etish majburiyatini amalga oshirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish» mavzusida davra suhbati o‘tkazilgan. Unda daraxt ekmaganlik uchun javobgarlik belgilash masalasi ham muhokama etilgan. 

Ta’kidlanishicha, «Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish»da ko‘kalamzorlashtiriladigan hududlar maydonlarini tashkil etish bo‘yicha majburiyatlar belgilangan. Lekin hozirgi kunda ushbu majburiyatlarni amalga oshirmagan yuridik shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmagan. 

Munozaralar davomida deputatlar ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha majburiyatni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar bergan. 

Shu bilan birga, daraxt ekmaganlik uchun javobgarlik belgilash maqsadida amaldagi qonun hujjatlariga, jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Shaharsozlik kodekslariga, shuningdek «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflar ilgari surilgan. 

Tadbir yakunida fraksiya va qo‘mita tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilangan.

Mavzuga oid