WSJ: Isroil HAMASga o‘t ochishni to‘xtatish masalasi bo‘yicha ultimatum qo‘ydi
Isroil HAMASga o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish haqidagi kelishuvni qabul qilish uchun bir hafta muhlat berdi, deb yozadi Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi.
Isroil HAMAS guruhiga ultimatum qo‘yib, bir hafta ichida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish va garovga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Bu haqda 3 may, juma kuni Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi muhokamasi bilan tanish bo‘lgan ismini oshkor etmagan Misr rasmiylariga tayanib xabar berdi. Xabar 2 may kuni HAMAS vakillariga yetkazildi, deb yozadi WSJ.
Nashrning yozishicha, agar HAMAS kelishuvdan bosh torsa, Isroil G‘azo sektorining janubiy qismidagi Rafah shahriga oldin e’lon qilingan hujumni boshlashi bilan tahdid qilgan. Isroil bu aholi punktini guruhning sektordagi so‘nggi tayanchlaridan biri deb ataydi.
May oyining birinchi dam olish kunida Qohirada Isroilning G‘azo sektorida ilgari taklif qilgan sulh bo‘yicha 40 kunlik muzokaralar davom etadi - bunga javoban HAMAS jangchilari 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujumdan keyin garovda qolgan 30-40 nafar isroillikni ozod qilishlari kerak. 2023 yil noyabridagi qisqa muddatli otashkesimda kuzatilgani singari, falastinlik mahbuslar ham Isroil qamoqxonalaridan ozod etilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, deb yozadi WSJ, HAMAS doiralari kelishuvga «ijobiy» javob berishga tayyor, biroq guruhning harbiy qanoti rahbari Yahyo Sinvarning yakuniy qarorini kutmoqda. U G‘azo sektori ostidagi yerosti tunnellarida yashiringan deb ishoniladi va undan Isroil takliflariga hech qanday javob bo‘lmagan.
Aprel oyi o‘rtalarida Amerikaning CNN telekanali HAMAS vakillari 40 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilish g‘oyasini rad etib, olti haftalik o‘t ochishni to‘xtatish davrida ikki baravar kam odamni ozod qilishni taklif etgani haqida xabar berdi. Vashington rasmiylari, shuningdek, omon qolgan garovga olinganlar soni jamoatchilik taxmin qilganidan ancha kam bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Ayni paytda, Isroil rasmiylariga ko‘ra, 130 dan ortiq odam jangchilar qo‘lida, ammo ularning taqdiri noma’lum.
Netanyahu hatto o‘t ochish to‘xtatilsa ham Rafahga hujum qilishni rejalashtirmoqda
Bundan bir necha kun oldin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yana bir bor Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo sektoridagi hujumini davom ettirish niyati haqida gapirib, Rafahda quruqlikdagi operatsiyani boshlashga tayyorligini e’lon qilgan edi.
«Urushni barcha maqsadlarga erishgunga qadar to‘xtatamiz degan fikrning o‘zi ham muhokama qilinmagan», dedi Netanyahu.
Rafahga hujum kamida fevral oyidan beri tayyorlanmoqda, Isroil bunday rejalari uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilinmoqda. Sektorda harbiy amaliyot boshlanib, mintaqa shimolidan bir yarim milliondan ortiq tinch aholi evakuatsiya qilinishi ortidan 1,3 millionga yaqin falastinlik Rafahdan boshpana topdi.
Norvegiya qochqinlar kengashi rahbari Yan Egelandning so‘zlariga ko‘ra, Rafah aholisida oziq-ovqat va ichimlik suvi yetishmayapti. Boshqa narsalar qatorida, muntazam bombardimon qilinayotgan shahar Misrdan G‘azo sektoriga kirib kelayotgan gumanitar yordam uchun asosiy logistika markazi hisoblanadi. Avvalroq Xalqaro sud Isroilga ushbu sektorga gumanitar yordam yetkazilishiga aralashmaslikni buyurgan edi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
22:15 / 26.12.2024
Isroil aviatsiyasi Yaman poytaxti aeroportiga zarba berdi
15:21 / 26.12.2024
Isroil HHK qo‘mondoni Yamandagi husiychilarga hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024