Jahon | 08:52 / 06.05.2024
4794
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy rahbari Si Jinping Parijga yetib keldi

Si Jinpingning Fransiyaga tashrifi dasturidan mamlakat rahbariyati va Yevrokomissiya yetakchisi bilan uchrashuvlar va ular bilan xalqaro siyosatning dolzarb masalalarini muhokama qilish o‘rin olgan.

Foto: Stephane de Sakutin/AFP/Getty Images

Xitoy rahbari Si Jinping 5 may, yakshanba kuni davlat tashrifi bilan Parijga keldi. Xitoy rahbari Fransiyaga tashrifi doirasida mamlakat bosh vaziri Gabriel Attal bilan uchrashadi. 6 may kuni u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Muzokaralar mavzulari qatorida Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqdagi vaziyat, iqlimni muhofaza qilish va iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘lishi kutilmoqda. Makron o‘z mehmonini urushni tugatish uchun Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga ishontirishga harakat qiladi. Fransiya prezidenti ushbu pozitsiyani Xitoy rahbari kelishi arafasida Germaniya federal kansleri Olaf Shols bilan muhokama qilgan. 

Si Jinping har besh yilda bir marta Fransiyaga tashrif buyuradi

Si Jinpingning tashrifi ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 60 yilligiga to‘g‘ri keldi. Bu uning Fransiyaga uchinchi davlat tashrifi bo‘lib, 2014 va 2019 yillarda ham diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 50 va 55 yilligini nishonlash maqsadida tashrif buyurgan. 

Xitoy rahbari jo‘nab ketishidan oldin uning tashrifi o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlashiga umid bildirdi. «Umid qilamanki, biz ushbu tashrif orqali ikki davlatning an’anaviy do‘stligi va o‘zaro siyosiy ishonchini mustahkamlaymiz, strategik konsensusga erishamiz, turli sohalarda almashuv va hamkorlikni chuqurlashtiramiz, kelajak yo‘lini yoritishda tarix mash’alidan foydalanamiz», - deyiladi Si Jinpingning Xitoy markaziy televideniyesi tomonidan e’lon qilingan yozma bayonotida. Si Jinping ta’kidlaganidek, Xitoy-Fransiya munosabatlari doimo xalqaro hamjamiyatga turli ijtimoiy tizimli davlatlar o‘rtasida tinch-totuv yashash va o‘zaro manfaatli hamkorlik namunasi sifatida ko‘rsatilgan. 

Si Jinping 10 maygacha davom etadigan Yevropa safari doirasida Serbiya va Vengriyaga ham tashrif buyuradi.

Mavzuga oid