Don korxonalari xususiylashtirilmoqda
“To‘rtko‘ldonmahsuloti” MChJning Beruniydagi filiali 2,2 mlrd so‘mga sotildi. Yana 16 ta don korxonalari va ularning filiallari takroriy savdoga chiqariladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi don korxonalarining xususiylashtirilishi borasida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, “To‘rtko‘ldonmahsuloti” MChJning “Beruniydon” filiali eng yaxshi tijorat taklifini taqdim etgan “Building House One” MChJga 2,2 mlrd so‘mga sotilgan. Shuningdek, obekt kamida besh yil davomida aktivning asosiy faoliyat turini saqlab qolish va mavjud don saqlash sig‘imlarini kamaytirmaslik hamda qonunchilikda belgilangan tartibda davlat zaxirasi uchun saqlanadigan don hajmlarini shartnomalar asosida haq to‘lash evaziga saqlab berish sharti bilan xususiylashtirilgan.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Building House One” 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib, turar joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi – 4 mlrd so‘m. Ta’sischisi – “Shobboz Tosh” MChJ.
Davaktiv xabariga ko‘ra, yana 16 ta don korxonalaridagi davlat ulushi va don korxonalari filiallari mulkiy majmualari bo‘yicha savdoda qatnashish uchun takliflar kelib tushmagani sababli, mazkur aktivlar takroriy savdolarga chiqarilgan.
11 ta don sanoati korxonasi, shuningdek, 5 ta filialning mulkiy majmualaridagi davlat ulushlari takroriy savdosi uchun talabgorlardan hujjatlar 16 may, Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha qabul qilinishi so‘ralmoqda.
O‘z navbatida, don korxonalaridagi davlat ulushi va don korxonalari filiallari mulkiy majmualari bo‘yicha narx takliflarini ko‘rib chiqishda, Xususiylashtirish davlat komissiyasi tomonidan mo‘ljal sifatida inobatga olinadigan tavsiyaviy baholash qiymatini 50 foizga qadar qadamma-qadam pasaytirish mexanizmi joriy etilgan.
Don sanoati korxonalarining xususiylashtirilishi
Spot nashri oxirgi bir yil ichida don sanoati korxonalarining xususiylashtirish tendensiyasini eslatdi.
2023 yil dekabr oyida to‘rtta korxonaning davlat ulushi 21,3 million dollarga xususiylashtirildi: “Buxorodonmahsulotlari” MChJning 51,84 foiz ulushi, “G‘alla-Alteg” MChJning 51 foizi, “Xovos don mahsulotlari”ning 94,2 foizi va “Dunyo M” MChJning 51,8 foiz ulushi xususiylashtirilgan.
Fevral oyida Davaktiv 10 milliard so‘mlik mulk majmuasi va 14 milliard so‘mlik bir don xo‘jaligi korxonasini xususiylashtirdi. Mart oyida “Alpomish un tegirmon” korxonasi 40 milliard so‘mga sotilgan bo‘lsa, aprel oyida “Yakkatut” klasteri “Qorako‘ldonmahsulotlari”ni 26 milliard so‘mga sotib oldi.
Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni “O‘zdonmahsulot” AJga qarashli 33 ta g‘alla ishlab chiqaruvchi korxonani joriy yil oxirigacha sotish, ularning narxini bozor qiymatiga keltirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Prezident ba’zi aktivlarning narxi sun’iy ravishda oshirib yuborilgani sababli bir necha yil davomida sotilmaganini ta’kidladi.
Avvalroq, Davaktiv direktori Toshkent xalqaro investitsiya forumida oxirgi 3 yilda 2,5 mlrd dollarga yaqin xususiylashtirish amalga oshirilgani haqida ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
11:04 / 19.11.2024