Jahon | 12:25 / 08.05.2024
6531
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Qrim ko‘prigidan qo‘shinlar ta’minoti uchun foydalanishni to‘xtatdi

Rossiya bir necha oydan beri Qrim ko‘prigi orqali harbiy texnikani olib o‘tmayapti va muqobil yo‘nalishlar qurmoqda, deb yozadi Molfar agentligining ukrainalik tahlilchilari.

Foto: AP/dpa/picture alliance

Rossiya hukumati Ukraina qurolli kuchlarining hujumlari tufayli Ukrainadagi rus qo‘shinlarini ta’minlash uchun Qrim ko‘prigidan foydalanishni to‘xtatdi va quruqlikdagi yo‘lga o‘tmoqda. Ukrainaning OSINT-Molfar agentligi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib chiqib, shunday xulosaga keldi. Tadqiqot natijalari 6 may, dushanba kuni e’lon qilindi.

Agentlik 2023 va 2024 yillarda olingan Maxar sun’iy yo‘ldosh suratlarini tahlil qildi. Ushbu ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil may oyidan sentabr oyiga qadar Rossiya Federatsiyasini Qrim bilan bog‘laydigan ko‘prik orqali yuk va yo‘lovchi poyezdlari o‘tgan. Harbiy texnika bo‘lgan poyezd kuzatilgan yagona holat 2023 yilning iyul oyida Taman stansiyasida sodir bo‘lgan, deyiladi materialda.

Oxirgi uch oyda birorta ham harbiy texnika bo‘lgan poyezd kuzatilmadi

Shu bilan birga, 2024 yilning fevralidan apreligacha Qrim ko‘prigining temiryo‘l qismida birorta ham harbiy texnika bo‘lgan yuk poyezdi qayd etilmagan, deydi tahlilchilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, faqat bitta holatda – 2024 yil fevralida ko‘prikdan yonilg‘i baklari bo‘lgan yuk poyezdi o‘tgan.

«Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar ko‘prikning temiryo‘l qismi bo‘ylab ruslar harbiy yuklarni tashimasligini tasdiqlaydi, shuning uchun hozir Qrim ko‘prigiga hujum qilishning ma’nosi yo‘q», - deydi tahlilchilar.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Qrimni Rossiya hududi bilan bog‘lash maqsadida Ukrainaning egallab olingan hududlarida muqobil temiryo‘l liniyalarini qurmoqda, deb yozadi Molfar.

Tahlilchilarning fikricha, Rossiya Federatsiyasi 2023 yil 17 iyuldan so‘ng Qrim ko‘prigidan harbiy maqsadlarda foydalanishdan voz kechishni boshlagan. O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari suvusti uchuvchisiz uchoqlari hujumi natijasida ko‘prikning bir necha qismi vayron qilingan.

Mavzuga oid