Jahon | 23:00 / 13.05.2024
21295
5 daqiqa o‘qiladi

«Demografik qish» yaqinlashmoqda - dunyoda tug‘ilish ko‘rsatkichlari pasaydi

Dunyo mamlakatlarida tug‘ilish ko‘rsatkichlari tez pasayib bormoqda, bu iqtisodiy, ijtimoiy va geosiyosiy oqibatlarga olib keladi. 

Foto: Bloomberg

Dunyo hayratlanarli demografik bosqichda. Tez orada dunyo miqyosida tug‘ilish darajasi doimiy aholi sonini ushlab turish uchun zarur bo‘lgan darajadan pastga tushadi. Tug‘ilish ko‘rsatkichlari deyarli hamma joyda pasayib bormoqda. Tug‘ilish darajasining pasayishi odamlarning turmush tarzi, iqtisodiyotning o‘sishi va dunyodagi qudratli davlatlarining mavqei uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Bu haqda The Wall Street Journal maqolasida aytiladi. 

Qayd etilishicha, yuqori daromadli mamlakatlarda tug‘ilish darajasi 1970-yillardagidan ham pastga tushib ketgan va pandemiya davrida yanada pasaygan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ham tug‘ilish darajasi pasaymoqda. Hindiston o‘tgan yili Xitoyni ortda qoldirib, dunyoning eng ko‘p aholisi bo‘lgan mamlakatiga aylandi, ammo unda ham tug‘ilish darajasi pasayib boryapti. 

AQSh Pensilvaniya universitetida demografiya bo‘yicha ixtisoslashgan iqtisodchi Xesus Fernandes-Villaverde so‘zlariga ko‘ra, dunyo «Demografik qish» ostonasida turibdi. 

Ko‘pgina rasmiylar bu masalani dolzarb milliy muammo deb bilishadi. Ular ishchi kuchining qisqarishi, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishi va pensiyalar uchun yetarli mablag‘ to‘planmayotgani, shuningdek, kam sonli bolalarga ega jamiyatning kelajagidan xavotirda. Aholi sonining kamayishi global ta’sirning pasayishiga olib keladi va bu AQSh, Xitoy va Rossiyaning uzoq muddatli qudratli davlat sifatidagi mavqeini shubha ostiga qo‘yadi. 

Jurnalistlarning fikricha, ba’zi demograflar dunyo aholisi qirq yil ichida qisqarishi mumkin, deb hisoblashadi - bu tarixda kamdan-kam uchraydigan holatlardan biri. Hukumatlar pasayishni to‘xtatish uchun dasturlarni ishga tushirgan, ammo hozircha ular muvaffaqiyatga erisha olmadi.

2017 yilda dunyo bo‘ylab tug‘ilish koeffitsiyenti (ayolning hayoti davomida qancha farzand ko‘rishi kutilayotgan ko‘rsatkich) 2,5 ni tashkil etdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2020-yillarning oxirida bu ko‘rsatkich 2,4 ga tushishini bashorat qildi. Biroq, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 2,3 ga tushdi - demograflarning fikriga ko‘ra, dunyo aholisi soni o‘zgarmay turishi uchun koeffitsiyent 2,2 atrofida saqlanib turishi lozim. 

Qayd qilinishicha, o‘tgan yili Xitoyda 9 million bola tug‘ilgan, bu BMT bashoratidan 16 foizga kam. O‘tgan yili Qo‘shma Shtatlarda 3,59 million chaqaloq tug‘ildi, bu BMT bashorat qilganidan 4 foizga kam. Boshqa mamlakatlarda bu ko‘rsatkich yanada katta. 

Fernandes-Villaverde hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘ylab tug‘ilish darajasi 2,1-2,2 ga tushib ketgan, uning aytishicha, bu ko‘rsatkich insoniyat tarixida birinchi marta kuzatilmoqda. 

2017 yilda berilgan BMT bashoratiga ko‘ra, dunyo aholisi 2100 yilda 11,2 milliardgacha o‘sadi. Ammo, 2022 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 2080 yillarda 10,4 milliardga kamaydi. Vashington universiteti qoshidagi Sog‘liqni saqlash o‘lchovlari va baholash instituti hozir u 2061 yilda 9,5 milliard atrofida cho‘qqiga chiqishiga va keyin pasayishni boshlashiga ishonmoqda. 

Tarixchilar XVIII asrda sanoati rivojlangan mamlakatlarda boshlangan tug‘ilishning pasayishini «demografik o‘tish» deb atashadi. O‘rtacha umr ko‘rish yoshi oshishi va ko‘proq bolalar balog‘at yoshiga yetgan sayin farzand ko‘rishga bo‘lgan rag‘bat pasayib ketgan. Mualliflarning yozishicha, ayollarning bilimi oshib, mehnatkashlar qatoriga qo‘shilgach, turmush qurish va farzand ko‘rishni kechiktira boshlagan, bu esa bolalar sonining kamayishiga olib kelgan. 

Endi esa ko‘plab jamiyat va iqtisodiyotlarda tug‘ilish darajasi past yoki pasaymoqda. Ba’zi demograflar buni «ikkinchi demografik o‘tish»ning bir qismi sifatida ko‘rishadi - bu nikoh va ota-onalikka kamroq e’tibor beradigan va kamroq yoki umuman farzandsiz bo‘lishni maqbul ko‘radigan jamiyatning paydo bo‘lishini anglatadi. 

Jurnalistlarning fikricha, pandemiyadan keyin rivojlangan mamlakatlarda ishchi kuchi tanqisligi kuzatilgan. Kelgusi yillarda vaziyat yanada yomonlashadi, chunki inqirozdan keyin tug‘ilish darajasining pasayishi yosh ishchilar oqimining doimiy ravishda kamayishiga olib keladi, bu esa sog‘liqni saqlash va pensiya tizimlarida qo‘shimcha bosimni keltirib chiqaradi. Bolalari kam bo‘lgan iqtisodda ko‘payib borayotgan keksa odamlar uchun pensiya va sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish qiyin kechadi. 

Yaqinda Jahon bankining hisobotida aytilishicha, demografiyaning yomonlashuvi global iqtisodiy o‘sish uchun ketma-ket ikkinchi «yo‘qotilgan o‘n yillik»ga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid