“Islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyor” - Behzod Hamroyev
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani, loyiha yil oxirigacha parlamentga kiritilishini ma’lum qildi. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatilishiga oid nizom tez orada davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kutilmoqda.
Oliy Majlis Senatining 18 aprel kungi yalpi majlisida so‘zga chiqqan Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasini rivojlantirishga oid qanday ishlar qilinayotgani haqida senatorlar savoliga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
MB raisi o‘rinbosariga ko‘ra, o‘tgan yili avgustda ham, undan oldingi yilda ham prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvida islom moliyasi masalasi ko‘tarilganidan beri vazirliklararo ishchi komissiya bu bo‘yicha ishlagan.
“Bitta narsani tushunish kerak, bu yangi va murakkab soha. Qonunchilikka juda ko‘p o‘zgartirish kiritishni talab qiladi. Markaziy bank to‘g‘risidagi qonundan tortib, banklar faoliyati to‘g‘risidagi qonungacha. Hozir qonun loyihasi tayyor. 2024 yilda shuni ishlab parlamentda kiritish vazifamiz bor deb hisobotimda ham aytib ketdim.
Undan tashqari, bizda boshqa qonunga o‘zgartirish kiritilgan. Mikromoliya tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunimizda alohida tartibi bor, buning endi nizomi kutilayotgan edi. Bu Markaziy bank tomonidan ishlab chiqildi. Bu islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga oid. Davlat ro‘yxatidan o‘tish kerak, shundan keyin bu sohada ishlash boshlanadi”, dedi Behzod Hamroyev.
Behzod Hamroyev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 12ta bankda, xususan, Agrobank, Sanoatqurilishbank, Mikrokreditbank, Ipak yo‘li banklarida xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha kredit liniyalari hisobidan muboraha xizmatlari ko‘rsatilib kelinyapti.
Shuningdek, Trastbank huzuridagi “Trast muomalat” MChJ tomonidan islomiy lizing, ya’ni ijara va muboraha – nasiyaga savdo operatsiyalari, Hamkorbank tomonidan ham islomiy lizing xizmatlari ko‘rsatib kelinyapti.
“Bazaviy qonunlarimizni 2024 yilda yakuniga yetsazsak, qolgan banklarda ham bu xizmatlar ommalashishiga ham talab bor, ham sharoit yaratiladi”, – dedi MB raisi o‘rinbosari.
O‘zbekistonda islom moliyasi
O‘zbekiston rasmiylari bank sektori va tashqi savdoni rivojlantirish maqsadida islom iqtisodi boshqaruvi va islom moliyaviy institutlarini joriy qilish niyati haqida 2017 yildan buyon aytib keladi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida Ipak yo‘li banki Islom taraqqiyoti korporatsiyasidan 2006 yili 2 million, 2010 yil 5 million, 2017 yilda esa 14 million dollar mablag‘ jalb qilgan.
2018 yil iyul oyidan boshlab yana ikki bank: Trastbank va Infinbank Islom taraqqiyoti korporatsiyasi bilan moliyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, Islom taraqqiyoti korporatsiyasi O‘zbekistondagi 6ta institut: Kapitalbank, Asakabank, Turonbank, Hamkorbank, O‘zsanoatqurilishbank, Asia Alliance bank bilan shar’iy-moliyaviy masalalar bo‘yicha shartnoma imzoladi.
2021 yilda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov banklarda islom darchalarini ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
2021 yil 1-4 sentabr kunlari Toshkentda Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammitda ITB guruhi va o‘nta a’zo mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard AQSh dollariga teng 30 ta moliyaviy kelishuv imzolandi. Shundan 330 million dollarga teng mablag‘ O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlab sarflanishi kelishildi.
Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhining yig‘ilishida O‘zbekiston uchun Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi tuzildi, shu bilan birga, ITBning to‘lov tizimi ishga tushdi.
2022 yilda O‘zbekiston islom moliyasi bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilot – Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatdi.
Shuningdek, 2022 yil 20 aprel kuni imzolangan “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda, mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi tamoyillari asosida qarzlar berishi mumkinligi belgilandi.
2023 yil sentabr oyida tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi ijrochi direktori Xane Salem Sonbol joriy yil mart oyida Kun.uz'ga bergan intervyusida korporatsiya shu vaqtgacha O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish uchun 750 mln dollar ajratgani, bundan keyin ham u mamlakatga bu yo‘nalishda ko‘mak berishga tayyorligini aytgandi.
Mavzuga oid
19:03 / 16.12.2024
Mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024