O‘zbekiston | 18:30 / 23.05.2024
32667
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zavtosanoat” Lacetti ishlab chiqarish davom etayotganiga izoh berdi

Lacetti uchun kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlari hali ham zavodlarda mavjud, bu esa ishlab chiqarishni davom ettirishga imkoniyat beryapti, deya Kun.uz'ga ma’lum qildi “O‘zavtosanoat” axborot xizmati. Kompaniya vakili Lacetti ishlab chiqarish qachongacha davom etishini aniq ayta olmadi, lekin bu birdaniga to‘xtamasligini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

21 may kuni UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Lacetti avtomobili uchun 3200 dona shartnoma tuzilganini e’lon qildi. Statistika agentligiga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki 4 oyi davomida 10 954 dona Lacetti ishlab chiqarilgan.

Avvalroq, kompaniya 2024 yildan bu rusumidagi avtomobil ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatishini ma’lum qilgan, buni General Motors kompaniyasining global savdo siyosati bilan bog‘lagandi.

“O‘zavtosanoat” axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Lacetti uchun kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlari hali ham mavjud. Bu esa ishlab chiqarishni davom ettirishga imkoniyat beryapti.

“Lacetti ishlab chiqarish taxminan qachongacha davom etishini aniq ayta olmayman. Bu birdaniga to‘xtamaydi. Yaqin 7 kun ichida xaridorlarga yana shartnoma berilish-berilmasligi oydinlashadi”, – dedi kompaniya axborot xizmati rasmiysi.

Ma’lumot uchun, UzAuto Motors Lacetti ishlab chiqarishni 2003 yildan boshlagan. 2008 yildan bu modelni seriyali yig‘ish yo‘lga qo‘yilgan. 2013 yilda esa Lacetti-2 (hozirgi Gentra) ishlab chiqarilishi boshlangan, bir yil o‘tib birinchi avlod Lacetti konveyerdan olingan.

Mavzuga oid