“Yo‘q qilishning «innovatsion» usuli”: Urfga aylanayotgan daraxt “ko‘chirish” mavzusida ekspertlar bilan suhbat
So‘nggi vaqtlarda daraxtlarni kesish – daraxtlarni “ko‘chirib o‘tqazish” nomi ostida davom etmoqda. Bugun o‘nlab xususiy firmalar daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish amaliyotini taklif qilyapti. Lekin bu jarayon qonunchilik bilan tartibga solinmagan. Biror normativ-huquqiy hujjatda daraxtni ko‘chirish standartlari belgilanmagan. Daraxtlarni kesishga e’lon qilingan moratoriy ham chetlab o‘tilib, ular bir joydan ikkinchi joyga xohlagan tartibda olib o‘tilmoqda. Ekofaollar fikricha, tizimni zudlik bilan tartibga solish, iloji bo‘lsa, amaliyotni cheklash kerak. Bu daraxtlardan qutulishning «innovatsion» usuliga aylanyapti.
Kun.uz’ning navbatdagi ko‘rsatuvida ko‘p yillik daraxtlarni kesishga nisbatan joriy qilingan moratoriyni aylanib o‘tish sifatida keng qo‘llanilayotgan “ko‘chirish” amaliyoti haqida gaplashamiz. Suhbatdoshlarimiz ekofaol Nargis Qosimova, Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev va daraxt ko‘chirish bilan shug‘illanayotgan xususiy firma rahbari, tadbirkor – Bekali Ismailov bo‘ladi.
Ekofaol Nargis Qosimova, Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, moratoriy e’lon qilindimi, daraxtlarga umuman tegmaslik kerak. Lekin davlatda aholi ko‘paymoqda, tabiiyki, yangi uy-joylar, infratuzilma, ijtimoiy soha obektlariga talab kundan kunga oshib boradi. Shunday sharoitda mavjud yashillikni yer bilan yakson qilish o‘rniga daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish amaliyoti go‘yoki ularning yashab qolishi uchun bitta imkoniyat sifatida qaraladi. Lekin aksariyat buyurtmachi quruvchilar ko‘chirishni daraxtlardan qutulish usuliga aylantirib yubordi.
Misollarda kelishicha, hattoki, yashil makon aksiyasi doirasida ekilgan ko‘chatlar ham ozgina vaqt o‘tar-o‘tmas boshqa joyga ko‘chirilmoqda. Qaysi joyga, qay tartibda, kim ko‘chiradi – bularning bari savol ostida qolib ketyapti.
Xuddi shunday amaliyot bilan professional tarzda shug‘illanib kelayotgan tashkilot rahbari – Bekali Ismailov fikricha, bugun xohlagan odam xohlagan usulida daraxt ko‘chirmoqda. Vaqt, texnika, ko‘chirilgan daraxtlarning tabiatga integratsiyasi, yashab qolishi uchun kafolat – ikkilamchi masalalarga aylanib qolgan. Ko‘chiruvchilar ichida uy-joy qurayotgan firmalar ham bor. Ular daraxtlardan oson qutulish niyatida ko‘chirishdan foydalanyapti.
Ekofaol Qosimovaning qo‘shimcha qilishicha, maxsus texnikalarning o‘zi yetarli emas. Tabiat, daraxtlar himoyachisi faqat davlat emas, jamiyat va odamlar bo‘lishi kerak. Davlatda allergik, mavsumiy va boshqa turdagi kasalliklar avj olgan. Odamlar esa o‘z sog‘lig‘i uchun ham yashillikni himoya qilishi kerak, deydi u.
Rasul Kusherbayevga ko‘ra, afsuski, O‘zbekiston to‘g‘ri ekosiyosat yuritishda ancha kechikdi. Bundan tashqari, suhbat davomida yana bir muammo – daraxtlarga munosabat mavzusi ham ko‘tarildi. Daraxtlarning tagini betonlash – dunyoning biror joyida uchramaydigan vahshiylik, deydi ekofaollar.
To‘liq intervyuni videoda tomosha qilishingiz mumkin.
Shohrux Majidov suhbatlashdi
Mavzuga oid
18:02 / 04.12.2024
Qurilish maydonlarida atmosfera havosi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanadi
08:32 / 28.11.2024
Qurilish maydonidagi daraxtlarga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
21:14 / 26.11.2024
Toshkentda harakatlanib ketayotgan mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi
16:47 / 22.11.2024