O‘zbekiston | 17:02 / 31.05.2024
21272
2 daqiqa o‘qiladi

IELTS’dan 4 ball bilan ham magistraturaga kirish mumkinmi?

Prezident farmoni bilan OTM magistraturasi uchun chet tili darajasi talabi pasaytirildi.

Foto: Shutterstock

“Bu yildan boshlab IELTS'dan atigi 4 ball olgan talabalar magistraturaga imtihonsiz qabul qilinadi” degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Bu xabar qisman to‘g‘ri, lekin hamma yo‘nalishlarga ham 4 ball bilan kirib bo‘lmaydi. Chet tili sertifikati darajasining tushirilishi xorij tillariga aloqadorligi yuqori bo‘lmagan yo‘nalishlarga tegishli.

Magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar darajasi prezident farmoni bilan pasaytirildi.

Unga ko‘ra, endi:

xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha – kamida S1 darajasida;

gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha – kamida V2 darajasida;

boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) bo‘yicha – kamida V1 darajasida bo‘lishi kerak.

IELTS xalqaro imtihonida B1 daraja 4 – 5 ballga, B2 5,5 – 6,5 ballga, C1 esa 7 – 8 ballga teng.

Ma’lumot uchun: OTMlarning bakalavriatiga topshirishda chet tilidan maksimal ball olish uchun abituriyent kamida B2 darajadagi sertifikatni taqdim etishi zarur.

Mavzuga oid