Jahon | 22:18 / 07.06.2024
8221
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh Assambleyasiga yangi prezident saylandi

Kamerunlik Filemon Yan ushbu lavozimda Trinidad va Tobagodan bo‘lgan Dennis Frensis o‘rnini egallaydi.

Foto: UN Photo

6 iyun kuni Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida Bosh Assambleya prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Uning yakuniga ko‘ra, sentabr oyida boshlanadigan 79-sessiyasini kamerunlik Filemon Yan boshqaradigan bo‘ldi. 

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish saylangan nomzodni tabriklab, Bosh Assambleyaning amaldagi prezidenti, asli Trinidad va Tobagodan bo‘lgan Dennis Frensis «Asambleya ishini beqiyos diplomatik mahorat bilan boshqarganini» ta’kidladi. 

BMT rahbarining qayd etishicha, yangi rais Bosh Assambleyani murakkab vaziyatda boshqarishi kutilmoqda. 

«Mojarolar davom etmoqda. Iqlim muammolari kuchaymoqda. Qashshoqlik va tengsizlik butun dunyoda keng tarqalgan. Ishonchsizlik odamlarni ajratib qo‘ymoqda. Bu qiyinchiliklarga qaramay, biz yanada tinch va barqaror dunyo qurish maqsadimizni unutmasligimiz kerak. O‘zidan oldingi saylangan rais kabi Yan ham bu maqsadga erishishda muhim rol o‘ynaydi», dedi BMT rahbari. 

Yan davlat xizmatchisi va diplomat sifatida katta tajribaga ega va Afrika Ittifoqi bilan eng yuqori darajalarda, jumladan Kamerun Bosh vaziri sifatida ishlagan. Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, Yan o‘z qit’asi kelajagiga sodiqdir. 

«Kamerun kabi Afrika mamlakatlari ulkan salohiyatga ega. Bu potensialni ro‘yobga chiqarish bizdan Afrika mamlakatlarini va butun dunyo bo‘ylab rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun birlashishimizni talab qiladi», dedi Guterrish. 

«Ushbu muhim ishda Assambleya va uning prezidenti to‘liq qo‘llab-quvvatlashimga ishonishi mumkin», deb xulosa qildi BMT rahbari.

Mavzuga oid