Isroil yana to‘rt kishini asirlikdan ozod etdi. Ular orasida - Rossiya fuqarosi ham bor
Ozod etish amaliyoti aviatsiya va flot ko‘magida o‘tkazilgan. G‘azodagilarga ko‘ra, amaliyot hududida o‘nlab falastinliklar halok bo‘lgan.
Isroil armiyasi Hamas a’zolari 2023 yil oktyabridagi hujum vaqtida birinchi nishonlardan biri bo‘lgan Nova musiqa festivalidan o‘g‘irlab ketganlardan to‘rt nafarini ozod etdi. Ularning barchasi yaxshi holatda bo‘lgan va tibbiy tekshiruvga yuborilgan.
TsAHAL 8 iyun kuni 26 yoshli Noa Argamani, Rossiya va Isroil fuqaroligiga ega 27 yoshli Andrey Kozlov, 22 yoshli Almog Meir Yan va 41 yoshli Shlomi Zivni garovdan ozod etdi.
Isroil mudofaa armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagarining so‘zlariga ko‘ra, ular maxsus topshiriqli bo‘linmaning «aniq razvedka ma’lumotlari asosida, kunning yorug‘ vaqtida G‘azo sektori ichkarisidagi ikkita alohida binoda o‘tkazilgan» kompleks amaliyoti natijasida olib chiqilgan (keyinroq Isroil politsiyasi chegara politsiyasi jangchisi Arnon Zmora halok bo‘lganini ma’lum qildi).
Hamas matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Isroil harbiylari amaliyoti oqibatida 210 kishi halok bo‘lgan, yana 400 kishi yaralangan. Amaliyot Nuseyratda, aholi tig‘iz yashaydigan qochqinlar lageri hududida o‘tkazilgan, aviatsiya va dengiz kuchlari amaliyot o‘tkazayotgan harbiylarni havodan va dengizdan qo‘llab-quvvatlab turgan. Amaliyot vaqtida Isroil maxsus topshiriqli bo‘linmasi komandiri halok bo‘lgan.
Odatda ma’lumotlari nisbatan ishonchli bo‘ladigan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha Isroil amaliyoti chog‘ida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar to‘g‘risida ma’lumot bermagan.
Bu vaqtda G‘azo sektoridagi ikki shifoxona jami 70 kishining jasadi olib kelinganini ma’lum qilgan. Bungacha Isroil armiyasi rasmiysi G‘azoda zarba oqibatida kamida 100 kishi jarohatlangani to‘g‘risida xabar bergandi.
Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos o‘zi «Isroil kuchlari tomonidan sodir etilgan qonli qirg‘in» deb atagan hodisa yuzasidan zudlik bilan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan.
Ozod etilganlar haqida nimalar ma’lum?
Ozod etilganlar Tel-a-Shomera tumanida joylashgan va Isroil mudofaa armiyasi bazasi sanaladigan Xaima Shibi nomidagi tibbiyot markaziga tekshiruv uchun olib borilgan.
Isroil janubidagi Beer-Sheva shahridan bo‘lgan 26 yoshli Noa Argamanini «garovdagilarning yuzi» sifatida bilishardi — Isroil janubidagi Nova festivaliga hujum vaqtida uning qo‘lga olinishi videoyozuvi internetda keng tarqalgandi. Videoda u o‘zini mototsiklga chiqarib, G‘azo sektori tomonga olib ketishayotganida «Meni o‘ldirmanglar» deya baqiradi. Shu atrofda qurollangan shaxslar qizning yigiti Avinatana Orani ham ushlashadi, u hamon asirlikda qolmoqda.
Noa va Avinatan Negevedagi David Ben-Gurion universitetida tanishishgan va bir necha yildan buyon uchrashib yurishgan. Universitetda qiz informatsion tizimlarni boshqarishni o‘rgangan.
U ozod etilganidan keyin otasi bilan uchrashuvi videosi ham e’lon qilindi: ular quchoqlashishgan va shifoxonaga ketishda avtomobilda gaplashishgan (onasi esa saratonga chalingani uchun shifoxonaga yotqizilgan).
27 yoshli rossiyalik Andrey Kozlov festivalda qo‘riqchi bo‘lib ishlagan — o‘sha kuni undan boshqa xodim o‘rniga smenaga chiqishni so‘rashgandi.
Kozlov Isroilga 2022 yilda yolg‘iz o‘zi kelgan va fuqarolikni qabul qilgan. U Tel-Aviv yaqinidagi Rishon le-Tsionda yashagan. Uning sevgan qizi Jyenniferning aytishicha, Kozlov (mutaxassisligi grafika dizayneri) Tel-Avivdagi restoranda su-shef bo‘lib ishlagan va ba’zida qo‘riqchilik ham qilgan.
Andrey syorfing bilan shug‘ullangan, dengizni va erkinlikni yoqtirardi, deya hikoya qilgan Jyennifer. U o‘z tanishini «o‘zini erkin tutuvchi xushmuomala inson» sifatida tasvirlagan.
Kozlov Hamas garovga olganlar orasidagi rossiyaliklar ro‘yxatida ham qayd etilgan. Bu ro‘yxatni Rossiya TIV o‘tgan yil oktyabrida hamaschilarga topshirgandi. Lekin undan avvalroq Kozlovning Isroilda yashovchi xolasi «Mojyem ob’yasnit»ga bergan intervyusida qarindoshini ozod etishda Rossiya hukumatidan yordam so‘rash borasida salbiy munosabat bildirgandi.
22 yoshli Almog Meir Yan do‘sti bilan birgalikda festival hududidan qochishga uringan. Ular mashinagacha yetib borishgan, ammo uzoqqa keta olishmagan. Almog bu vaqtda onasiga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurgan. Ayol keyinroq aytishicha, o‘g‘li telefonda shunday degandi: «Ular otishmoqda». Shundan keyin u onasini sevishini aytib, vidolashgan.
Almog Meir Yan va uning oilasi Tel-Aviv okrugidagi Or-Yyexuda shahrida yashagan, garovga olinishidan oldin u buvisi va buvasiga g‘amxo‘rlik qilgan. Uning yaqinlari aytib berishicha, u Nova musiqa festivali boshlanishini bir necha oy davomida intiqlik bilan kutgandi, keyingi kuni yirik IT-kompaniyada uning birinchi ish kuni bo‘lishi kerak edi. Oila a’zolari Almogni doim barchaga yordam berishga tayyor bo‘lgan va jilmayib turadigan xushmuomala kishi sifatida tasvirlagan.
Almog ozod etilganidan keyin tarqalgan videoyozuvlarda yaqinlari uni katta xursandchilik bilan qarshilagani va «Am Yisrael Chai» («Isroil xalqi tirik») qo‘shig‘ini kuylashgani aks etgan — bu yahudiylar birdamligi va yahudiy xalqi davomiyligi madhiyasi hisoblanadi.
41 yoshli Shlomi Ziv festivalda qo‘riqchi bo‘lib ishlagan. O‘g‘irlab ketilguniga qadar u 17 yil mobaynida Isroil shimolidagi Elkosh posyolkasida rafiqasi Miren bilan birga yashagan. Yaqinlari Shlomini doimo birinchi bo‘lib yordamga yetib keladigan, «katta aka»ning mukammal namunasini o‘zida mujassam etgan «oilaparvar» inson sifatida ta’riflagan.
2023 yil 7 oktyabrida Hamas a’zolari Isroilga uyushtirgan hujum oqibatida 1200 ga yaqin kishi halok bo‘lib, 250 ga yaqin kishi asir olingandi. Shundan 100 dan ortig‘i keyinroq o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish va almashuv rejimi vaqtida ozod etilgan — Isroil buning evaziga o‘z qamoqxonalaridan 240 nafar falastinlikni qo‘yib yuborgan. Garovga olinganlarning ayrimlari asirlikda halok bo‘lishgan — xususan, iyul oyi boshida ham Isroil keksa yoshli to‘rt nafar asir o‘limi haqida xabar bergandi.
Bugungi kunda G‘azo sektorida 7 oktyabr kuni o‘g‘irlangan 120 kishi Hamas asirligida qolmoqda. «Erkaklar, ayollar, bolalar. Biz garovga olinganlarni uyga qaytarish uchun barcha ishni qilamiz deganda aynan shuni nazarda tutamiz: biz ularning ozodligi uchun kurashishdan to‘xtamaymiz, — degan Isroil mudofaa armiyasi rasmiysi Daniel Hagari. — Dunyodagi istalgan davlat ham xuddi shunday qilgan bo‘lardi».
Mavzuga oid
22:15 / 26.12.2024
Isroil aviatsiyasi Yaman poytaxti aeroportiga zarba berdi
15:21 / 26.12.2024
Isroil HHK qo‘mondoni Yamandagi husiychilarga hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024