O‘zbekiston | 14:24 / 10.06.2024
1808
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilishga oid vazifalari belgilanmoqda

Joriy yil 10 iyun kuni Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonun loyihasi bilan amaldagi “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunga yangi tahrirda qabul qilingan konstitutsiyada belgilangan normalardan kelib chiqib tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, hukumatning iqtisodiyot, budjet, moliya va soliq, ijtimoiy soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Ya’ni, Vazirlar Mahkamasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashi, tabiiy resurslarni, xususan yer, yerosti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosini hamda boshqa tabiiy resurslarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, tabiatdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha faoliyatni tashkil etishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, loyihada atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash choralarini ko‘rish, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish hamda respublika ahamiyati va xalqaro ahamiyatga molik yirik ekologik dasturlarni ro‘yobga chiqarish, mazkur yo‘nalishdagi milliy loyihalarni yanada kengaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hukumatning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid