O‘zbekiston | 19:13 / 25.06.2024
11577
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Hamster o‘yinini o‘ynashi mumkinmi? – ILMA izohi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Hamster o‘yini haqidagi savollarga javob berdi. Agentlikning bildirishicha, o‘yinning hisob birliklari blokcheynga ega bo‘lmagunicha, ularning aylanmasini tartibga solish agentlik vakolatiga kirmaydi.

Foto: Dmitriy Korotayev

Istiqbolli loyihalar milliy agentligining bildirishicha,“Hamster Kombat” o‘yini Play to earn (o‘yin orqali real pul yoki boshqa qimmatli mukofotlarni olish mumkin bo‘lgan) toifasidagi o‘yinlar qatoriga kirmaydi. Chunki o‘yinda to‘plangan tangalar (hisob birliklari), utilitar kripto-aktivlardan farqli o‘laroq, ta’minlanmagan va real foyda keltirmaydi.

Agentlikning tushuntirishicha, Hamster kripto-aktiv hisoblanmaydi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, kripto-aktiv bu – ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (blokcheyn)dagi raqamli yozuvlar yig‘indisi bo‘lgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq. Hamster o‘yinida to‘plangan hisob birliklari esa yuqoridagi ta’rifga mos kelmaydi va blokcheynga ega emas.

“Biroq  kelajakda “Hamster Kombat”dagi tangalar blokcheynga o‘tishi va shu bilan kripto-aktivga aylanishi mumkinligi inkor etilmaydi. 

Keyinchalik, kripto-aktivni tarqatish maqsadida u kripto-platformalarda listingdan o‘tkazilishi mumkin. Biroq bunday kripto-aktivlar aks hollarda foydali funsionallikning yo‘qligi sababli ro‘yxatga olinganidan keyin qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

ILMA “Hamster” o‘yinida to‘plangan hisob birliklarini ular kripto-platformalarda ro‘yxatga olinganidan keyin xarid qilish yoki sotish qonuniy bo‘ladimi, degan savolga javob berdi.

Rasmiy izohga ko‘ra, o‘yinda to‘plangan hisob birliklari kripto-aktiv deb tan olinsa, ularni faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi. Bunda ular kripto-birja kotirovkalash varag‘i yoki  kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lishi zarur.

Agentlik o‘yinning xisob birliklari blokcheynga ega bo‘lmagunicha, ularning aylanmasini tartibga solish agentlik vakolatiga kirmasligini bildirgan.

Avvalroq  O‘zbekistonda 1 oyda 15 kishi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgani uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi yigit noqonuniy ravishda kripto-aktivlar bilan muomala qilgani uchun ma’muriy jazoga tortilgani, Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisiga notkoin sotgani uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid